Ijtimoiy tarmoqlarida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida joylashgan maktab o‘qituvchisi o‘quvchining qarindoshlari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar tarqaldi.
Farg‘ona viloyati IIB tomonidan berilgan xabarga ko‘ra, 2024 yil 1 aprel kuni Toshloq tumani, “Sadda” MFYda joylashgan 25-sonli maktab o‘qituvchisi M.O. va fuqaro A.X. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan. Janjal davomida A.X. M.O.ni qo‘li bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.
“Hozirda M.O. olgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat viloyat IIB tomonidan nazoratga olingan. Yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Biroq Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz‘ga ma’lum qilishicha, o‘qituvchini bir emas, ikki kishi direktorning xonasida kaltaklagan.
Prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, 1 aprel kuni Toshloq tumanidagi 25-sonli maktabning tarix fani o‘qituvchisi M.O.ni maktab direktori xonasida 9-sinf o‘quvchisi S.X.ning 20 va 24 yoshli ikki qarindoshi “nima uchun jiyanimizni urdingiz”, deb o‘zaro janjallashib ketgan va yuzi va tanasining boshqa joylariga urib, tan jarohati yetkazgan.
O‘qituvchi tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan va unga birinchi yordam ko‘rsatilib, davolanish uchun yotqizilgan.
Sud tibbiy eskpertizaning 2 apreldagi xulosasida o‘qituvchi M.O.da yopiq bosh miya shikasti, bosh miya chayqalishi, chap qosh tashqi burchak sohasi yirtilgan yarasi, bel, chap yelka va tirsak sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi aniqlangan. Bu tan jarohatlari sog‘liqning qisqa vaqt — 6 kundan ortiq, ammo 21 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga sababchi bo‘lgan shikastlar toifasiga kirishi tasdiqlangan.
O‘quvchi S.X.ning bo‘yin sohasida esa tirnalmalar aniqlangan. Bu tan jarohati 6 kundan ko‘p davom etmaydigan, tez o‘tib ketuvchi yengil shikastlar toifasiga kirishi tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.