Andijonda qoidabuzarlik sodir etib, YPX inspektoriga bo‘ysunmasdan ketib qolgan haydovchiga chora ko‘rildi

O‘zbekiston 16:06 / 14.04.2024 8005

Andijonda qoidalarni buzib harakatlangan va YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan ketib qolgan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 7 aprel kuni Andijon shahar Milliy tiklanish ko‘chasida, haydovchi Yu.S. o‘zining “Monza” rusumli mashinasida avtobus uchun ajratilgan yo‘lakdan harakatlangan. So‘ng svetoforning qizil ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tib ketgan.

Ushbu qoidabuzarlikni vizual holatda ko‘rgan YPX inspektori uni to‘xtatish uchun maxsus vosita orqali ishora berishiga qaramasdan haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan qochib ketgan.

Bundan tashqari, qoidabuzar haydovchi o‘zining ushbu xatti-harakatlarini yo‘lovchi sifatida ketayotgan do‘sti R.A.ga tasvirga oldirib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida qoidabuzar haydovchi aniqlanib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan, yo‘lovchi R.A. bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: