O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va dramaturg Erkin Samandar 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Erkin Samandar 1935 yil 22 martida Xorazm viloyatining Xonqa tumani, Navxos qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1957 yili viloyat Pedogogika institutini, 1967 yili O‘zFA Til va adabiyot institutining aspiranturasini tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida Xorazm viloyati radioeshittirish qo‘mitasi o‘zbek eshittirishlari tahririyati muharriri sifatida (1959–1961), O‘zbekiston Kompartiyasi viloyat qo‘mitasida ishlagan (1963–1967; 1990). O‘zbekiston televideniyesi «Yoshlik» studiyasi bosh muharriri (1967–1969), dasturlar direktori (1969–1975), adabiy-dramatik eshittirishlar bosh muharriri (1975–1977), «Xorazm haqiqati» gazetasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir (1961–1963; 1977–1990), bosh vazir o‘rinbosari (1990–1993) bo‘lib xizmat qilgan.
Birinchi she’riy to‘plami «Amu jilolalari» (1966 yil) nomi bilan chop qilingan. Shuningdek, uning «Dunyoning yoshligi» (1968), «Osmon to‘la nur» (1970), «Vafo degan gavhar» (1973), «Mening yigitlik vaqtim» (saylanma, 1979), «Qabul soatlari» (1980), «Sohildagi bolalar» (1982), «Yablonya vo dvore» (Moskva, 1982), «Bahor oqshomlari» (1984), «SHCHedrost rassveta» (1985), «Sevgi fasllari» (1987), «Bu bog‘ni qaysi bog‘ derlar» (1988), «Sevgi kitobi» (1996), «Va yana bahor» (2010, Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), «Ko‘ngil yoshligi» (2010) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Osmonning tosh tulpori», «Oltin sandiq», «Qo‘shiq izlab», «Samarqandni oshiqlar qurgan» kabi dostonlari, 100 dan ortiq qo‘shiqlar muallifidir.
Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan «Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq» (roman, 1989), «Tangri qudug‘i» (roman, birinchi kitob 1989), «Quduq tubidan sadolar» (roman, ikkinchi kitob, 1989), «Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy» (2000), «Sulton Jaloliddin» (roman, 2007), «Quyun yuzlari yoxud Ogahiy» (roman, 2009), «G‘ayb qushlari» (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifi.
Dramaturg sifatida «Javohir» (musiqali drama, 1984), «Ajdodlar qilichi» (tarixiy drama, 1986), «Jaloliddin Manguberdi» («Yot hujra», pesa, 1988), «Bashorat» (musiqali drama, 1988), «Arabmuhammad» (tarixiy drama, 1992), «Dilda borim» (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozgan. «Avaz O‘tar», «Madraim Sheroziy», «Ming otlilar diyori», «Ogahiy qo‘lini olgan rais», «Xiva», «Qum sayli» kabi hujjatli-publitsistik filmlar yaratgan, ko‘plab esselar yozgan.
Xorazm viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan «Dilda borim» (2012) va «Jaloliddin Manguberdi» (2019) spektakllari sahnalashtirilgan.
Erkin Samandar milliy adabiyot va jurnalistikani rivojlantirishdagi samarali hissasi uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1990) faxriy unvoni va «Do‘stlik» (2015) ordeniga sazovor bo‘lgan.