Moskvadagi teraktdan keyin bu voqea Rossiya va uning atrofidagi davlatlar uchun uzoq istiqbolda qanday oqibatlar yaratishi asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Buni tahlil qilish uchun dunyo va O‘zbekiston tarixidagi eng yirik ikki terakt va ularning tarixiy oqibatlariga nazar solish o‘rinli bo‘ladi.
Yaqinda Moskvadagi Krokus Siti Hollda yuz bergan mudhish jinoyatdan keyin teraktlar mavzusi yana dolzarb bo‘lib qoldi. O‘tgan o‘n yilliklarda teraktlar haqida aytilmagan fikrning o‘zi qolmadi hisob. Lekin teraktlarning uzoq muddatli oqibatlari qanday bo‘ldi yoki bo‘lyapti, bu teraktlardan davlatlar va jamiyatlarga qanday oqibatlar qolyapti, degan savol juda o‘rinli. Bu savolga javob berish uchun keyingi o‘n yilliklarda yuz bergan uch davlatdagi yirik teraktlarni olib, tahlil qilish foydali bo‘ladi.
Yangi, 21-asr AQShda 2001 yilning 11 sentabrida yuz bergan teraktlar bilan boshlandi. Aynan mana shu terakt AQSh va dunyo siyosatini keskin o‘zgartirib yubordi. Haliga qadar bu terakt borasida ko‘plab javobsiz qolayotgan savollar bor. Hozir “buni kim, nima maqsadda qildi?” degan savolga javob izlamaymiz. Bu teraktlar uzoq muddatda AQShga va boshqalarga qanday oqibatlar olib keldi, degan savolga javob izlaymiz.
11 sentabrdan keyin AQSh Afg‘onistonga va Iroqqa bostirib kirdi. Afg‘onistonda 20 yil urush olib bordi. Iroqdan esa, Obama davrida shoshilinch chiqib ketdi. Natijada, shu ikki urush uchun, har xil hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh jami taxminan 2-3 trillion dollar sarfladi. Bir necha minglab askarlari halok bo‘ldi. Lekin na Afg‘onistonda va na Iroqda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erisha olmadi. Afg‘oniston hokimiyatiga toliblar qaytdi. Iroqda Saddam Husayn yiqilishi bilan AQShning asosiy mintaqaviy opponenti bo‘lmish Eron kuchayib ketdi.
Qolaversa, aynan 11 sentabrdan keyin AQSh ichki va tashqi siyosatida islomofobiya kuchayib ketdi. AQShning Yaqin Sharqdagi an’anaviy arab ittifoqchilari rasmiy Vashingtondan qo‘rqib qolishdi. Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar va boshqa davlatlar Vashingtondan masofa saqlab, yangi geosiyosiy qutb izlay boshlashdi. Bugun, oradan sal kam 23 yil o‘tib, dunyoda yangi geosiyosiy reallik shakllanmoqda. AQSh boshchiligidagi geosiyosiy qutbga qarshi bo‘lgan qutbni “Global janub” deb nomlash urf bo‘lgan va mana shu “Global janub”da arab davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari va boshqa arab davlatlari ham ishtirok etmoqda.
Qisqa muddatda 11 sentabr AQSh manfaatlariga xizmat qilgandek ko‘rinadi, lekin uzoq muddatli vaziyatga qaralsa, 11 sentabr AQSh uchun qimmatga tushdi.
Xo‘sh, 11 sentabr Saudiya Arabistoni davlati va xalqi uchun qanday oqibatlarga olib keldi? Chunki 11 sentabrda ishtirok etgan 19 kishidan 15 tasi saudiyalik ekani aytilgan edi. 11 sentabrdan keyin tashqi dunyoning Saudiya Arabistoniga bosimi nihoyatda kuchli bo‘ldi. Unga qadar Saudiya Arabistoni dunyodagi eng katta da’vat tizimining homiysi edi, tashqi dunyoda yangi masjidlar va islomiy markazlarga emin-erkin homiylik qilar edi. Saudiya ichki va tashqi siyosatida islomiy konservatizm – asosiy siyosiy kurs edi. 11 sentabr teraktlaridan keyin Saudiya bu vektorni demontaj qilishga majbur bo‘ldi. Balki ichki siyosatda ham islomiy faollik bilan kurashishga, dunyoviylikni majburlashga, aholini islomiy faollikdan tiyishga majbur bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, agar ma’lum radikal diniy guruhlar bu teraktlar “islomiy siyosatga yo‘l ochadi” deb o‘ylagan bo‘lsa, oqibatlari mutlaq va faqat teskari bo‘ldi.
1999 yilning 16 fevralida Toshkentda katta teraktlar sodir bo‘ldi. Bu teraktlarning oqibatlari davlat uchun, xalq uchun, qanday bo‘ldi? Faqat salbiy!
Teraktlarga qadar O‘zbekistonning mintaqa va halqaro geosiyosatdagi o‘rni ancha yuqori edi. O‘zbekiston mintaqaning asosiy lideri sifatida ko‘rilar edi. Teraktlar sabab O‘zbekistonga investitsiyalar kelishi deyarli to‘xtadi. Davlatning xalqaro maydondagi obro‘yiga katta zarba yetdi.
Chunki dunyo davlatlarining “qaysi davlatlarda, qachon va nima uchun teraktlar bo‘ladi?” degan savolga javoblari to‘liq shakllanib bo‘lgan. Teraktlar ko‘p bo‘layotgan davlatlarda ichki parokandalik mavjud, fuqarolik tirashuvlariga moyillik bor, davlat va xalq jips emas, aholi ichida ma’lum qatlamlar o‘ta norozi degan qarash kuchli.
16 fevraldan keyin ichki siyosatda katta zo‘riqishlar, qatag‘onlar davri boshlanib ketdi. Davlat o‘zining legitimligini o‘ylamaydigan holatga tushib qoldi. Jamiyat va hukumat – qutblashgan edi. Bu va boshqa voqealarning salbiy oqibatlari 2016 yilga qadar, O‘zbekistonda oliy hokimiyat almashguniga qadar davom etdi.
Yoki Rossiya Federatsiyasida 2000-2004 yillarda yuz bergan ko‘plab teraktlar ham borki, bularning strategik oqibatlarini to‘liq tahlil qilish qiyin. Sababi, hali Rossiyada yangi siyosiy davr boshlangani yo‘q. Chunki hokimiyat o‘zgargani yo‘q. Biroq shu narsa aniqki, 2000-2004 yillardagi teraktlar tufayli Rossiya erkin va huquqiy rivojlanish o‘zanidan chiqib ketdi. Hokimiyat vertikalini shakllantirdi. Rossiyada avtoritar siyosiy tizimni legitimlashtirdi va shuning uchun ham Rossiyaning erkin va tabiiy rivojlanish modeli shakllanishi kamida 2-3 o‘n yillikka kechikdi.
Boshqacha qilib aytganda, teraktlar davlatlar uchun ham, jamiyatlar va oddiy insonlar uchun ham asosan salbiy oqibatlar olib keladi. Bir qarashda teraktlar orqali kimdir birovlar ma’lum manfaatlarni qo‘lga kiritganday ko‘rinishi mumkin. Lekin haqiqiy oqibat qanday bo‘lganini tahlil qilish uchun to‘liq siyosiy davrni kuzatish kerak.
Teraktlar bu – qo‘rqitish va manipulyatsiya qilish orqali maqsadga erishish yo‘lidir. Qo‘rqitish va manipulyatsiya qilish orqali esa, uzoq muddatli strategiya qilib bo‘lmaydi, uzoq muddatli manfaatlarga erishib bo‘lmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l – bu muammolarni emin-erkin anglash va ishontirish orqali yechim izlash yo‘li hisoblanadi.
Tarix ko‘rsatmoqdaki, teraktlar ko‘pchilikni, hattoki eng qudratli davlatlarni ham adashtiradi, ularning uzoq muddatli manfaatlariga zarba beradi. Musulmon davlatlari, jamiyatlari esa terrorizm bilan hammadan ko‘ra kuchliroq kurashishi kerak. Chunki terror orqali eng avvalo musulmonlarga asosiy zarba kelmoqda.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos