Germaniyada yangi chempion kutilmoqda, «Arsenal» revansh ilinjida, La Ligada ham muhim bahslar. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 11:46 / 13.04.2024 9142

Yevrokuboklardagi chorakfinalning ilk o‘yinlari yakuniga yetar-yetmas milliy chempionatlarda navbatdagi tur o‘yinlari boshlanib ketdi. Angliyada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashga ta’sir qiladigan o‘yinlar bo‘lib o‘tsa, Germaniyada rasman yangi chempion nomi e’lon qilinishi mumkin. Rostan ham yap-yangi.

NYuKASL – TOTTeNHEM (13 aprel, 16:30)

O‘tgan haftadagi yevrokuboklar Angliyadagi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi kurashini qizitib yuborishi mumkin. Besh ingliz jamoasidan faqat «Aston Villa»ning g‘alaba qozonishi, Yevropa Ligasi favoriti hisoblangan «Liverpul»ning kutilmagan mag‘lubiyati tufayli yevrokuboklar reytingida Angliya Italiya va Germaniyadan ortda bormoqda. Bu degani, agar shu nisbat saqlanib qolinadigan bo‘lsa, kelasi mavsum YeChLda Angliyadan besh emas, to‘rt jamoa ishtirok etadi. Tabiiyki, bu xavf kuchli to‘rtlik uchun kurashga ta’sir o‘tkazadi, «Aston Villa» va «Tottenhem» hozirda bir xil ochko to‘plab (londonliklarda bir o‘yin kam) 4-5 o‘rinlarda borishmoqda.

Bu kurashning yana bir qiziq tomoni, har ikki jamoa ham chempionlik poygasida ishtirok etayotgan jamoalarga qarshi ham maydonga tushadi. Ayniqsa, «Tottenhem»ning holatiga xavas qilib bo‘lmaydi – «Nyukasl» maydonidagi qiyin o‘yin o‘tgach, jamoa qatorasiga «Liverpul», «Arsenal» va «Manchester Siti» bilan o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Bu orada «Chelsi» bilan ham London derbisi borligini ham unutmaslik lozim. Xullas, «Tottenhem» uchun eng og‘ir palla boshlanmoqda.

«Nyukasl» asosan jarohatlar tufayli mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmadi, juda beqaror natijalar qayd etdi, ammo alohida uchrashuvlarda jamoa hali ham xavfli ekani, Eddi Hau shogirdlari hali yevrokuboklardan ko‘ngilni uzmagani bu uchrashuvdagi intrigani yanada oshirishi shubhasiz. Buning ustiga birinchi davradagi to‘qnashuv yirik hisobda (4:1) mezbonlar foydasiga hal bo‘lgan. «Nyukasl» o‘sha mag‘lubiyatning alamini olishga urinib ko‘radi. Xuddi shu stadiondagi o‘tgan mavsum uchrashuvi ham esingizda bo‘lsa kerak – o‘shanda «Nyukasl» raqibini 6:1 hisobida tor-mor etgandi. Raqiblar shu darajada bir biriga moski, har qanday natijani kutish mumkin. Mezbonlarda jarohatlar girdobi davom etmoqda, mavsum yakunigacha tugamasa ham kerak. Botman nafaqat kelasi mavsum, hatto ushbu yilda ham safga qayta olmaydi. Lassels haqida ham shunday deyish mumkin. Trippiyer, Almiron, Poup, Joelinton, Uilson kabi asosiy tarkib futbolchilari ham aprel oyida maydonga tusha olmasligi haqiqatga yaqinroq. Shuningdek, Jo Uillokning ham jismoniy holati so‘roq ostida. Mehmonlar safida esa asosiy futbolchilardan faqat Risharlisonning yo‘qligini bilinishi mumkin. Sessenion, Solomon kabi futbolchilarni esa «Tottenhem» safida ko‘rmaganimizga shundoq ham ancha vaqt bo‘ldi. 

ATLeTIKO – JIRONA (13 aprel, 17:00)

Ma’lum vaqt «Real» bilan hatto peshqadamlik uchun kurashgan «Jirona»ning omaddan olgan qarzi yakuniga yetgan ko‘rinadi. To‘g‘ri, jamoa o‘tgan turda oxirgi daqiqalardagi gol evaziga g‘alaba qozondi, hozircha kuchli to‘rtlikdan mustahkam o‘rin egallagan ham. Ammo safar o‘yinlarida «Jirona»ning natijalari sezilarli yomonlashgan – kataloniyaliklar oxirgi to‘rt safar o‘yinida mag‘lubiyatga uchradi, mehmondagi oxirgi ikki bahsda hatto gol ham ura olmadi. Qizig‘i, avvalgi 11 o‘yinda jamoa biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagandi. Hozirda «Atletiko» bilan oradagi farq 7 ochkoni tashkil qilgan. Demak Simeone shogirdlari g‘alaba qozonishsa, «Jirona»ga ancha yaqinlashib olishadi.

Boshqa tarafdan, «Atletiko»ni kelasi haftada Dortmundda muhim o‘yin kutib turganini ham unutmaslik kerak. Esingizda bo‘lsa, «Inter»ga qarshi nimchorakfinal oldidan Simeone tarkibda rotatsiyaga yo‘l qo‘yib, butun e’tiborini Chempionlar Ligasiga qaratgan va mag‘lubiyatga uchragandi. Hozir vaziyat yanada qaltis, 5-o‘rindagi «Atletik» «Atletiko»ni quvib kelyapti. Mabodo madridliklar bu safar ham g‘alaba qozona olmasa, kuchli to‘rtlikni tark etishi mumkin. Xullas, har tomonlama qiziqarli va murosasiz bahs bo‘lishi kerak.

Birinchi davradagi o‘zaro o‘yin ham bunday xulosaga dalolat qiladi. O‘shanda «Jirona» hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Ivan Martinning goli evaziga 4:3 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu «Jirona»ning Simeone shogirdlari ustidan qozongan ilk g‘alabasi edi. Bungacha o‘tgan 8 uchrashuvning uchtasida madridliklar g‘alaba qozongan, 5 o‘yin durang bilan yakunlangandi. Jumladan aynan «Metropolitano»dan «Jirona» ikki marta ochko olib ketishning uddasidan chiqqan.

Jarohatlarga kelsak, avval ma’lum bo‘lgan Depay va Vitolodan tashqari, mezbonlar tarkibida Ermosoning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Pablo Barrios sariq kartochkalari ko‘payib ketgani bois diskvalifikatsiyaga uchragan. Mehmonlar safida xuddi shunday diskvalifikatsiyaga uchragan futbolchi – o‘sha, o‘tgan o‘yindagi hal qiluvchi gol muallifi Ivan Martin. Bundan tashqari, Artero va Tsigankovlarning maydonga tushishi aniq emas.

BAYYeR – VeRDeR (14 aprel, 20:30)

Kuchli beshlik ichida chempion nomini aniqlash bo‘yicha Bundesliga doim ildam harakat qilishiga o‘rganib qolganmiz. Ammo odatda, «Bavariya» raqiblaridan ancha o‘zib ketar va Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yinlari oldidan barchasini hal qilib qo‘yardi. Ammo agar qaysidir jamoa myunxenliklarga qarshilik o‘laroq zo‘r mavsum o‘tkazib yuborsa, so‘nggi turlargacha intriga saqlanib turardi. Xuddi o‘tgan yilgi kabi. Bu safar vaziyat biroz boshqacha – bu turda chempion nomi aniq bo‘lishi mumkin, ammo bu «Bavariya» emas.

«Bayyer» — Yevropa miqyosida ham taniqli klub, o‘z vaqtida «Real» bilan Chempionlar Ligasi finalida ham o‘ynagan. Ammo balki ko‘pchilik uchun kutilmagan fakt – leverkuzenliklar hech qachon Germaniya chempioni bo‘lishmagan. 120 yillik tarixi davomida «Bayyer» atigi bir marta Germaniya kubogini, shuningdek, 1987/88 yilgi mavsumda UYeFA kubogini qo‘lga kiritgan. Besh marta, u ham bo‘lsa, so‘nggi 25 yilda Bundesligada 2-o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan. Demak, bizni yakshanba oqshomida tarixiy voqea kutib turgan bo‘lishi mumkin – «Bayyer» o‘z tarixida birinchi marta rasman mamlakat chempioniga aylanadi. Buning uchun «Verder» ustidan g‘alaba qozonish kifoya. Albatta, bir kun oldin «Bavariya» mag‘lubiyatga uchrashi va «Bayyer» hatto o‘yinni boshlamay ham chempionga aylanib olishi mumkin. Ammo albatta, eng chiroylisi, hali biror musobaqada, biror marta mag‘lubiyat nimaligini bilmay mavsum o‘tkazayotgan yagona jamoa bo‘lmish «Bayyer» o‘z uslubida bu uchrashuvni ham g‘alaba bilan tugatishi bo‘ladi.

Alonso shogirdlari Yevropa Ligasida ham yarimfinalga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga («Vest Hem» birinchi o‘yinda 2:0 hisobida mag‘lub etildi) ega bo‘lib turgani, mavsum so‘ngida esa, mamlakat kubogi uchun «Kayzerlautern» bilan final borligini inobatga olsak, «Bayyer» trebl qilishi ham mumkin.

«Verder» haqida yozishga hojat yo‘q. Bu hafta «Bayyer»ning raqibi kim bo‘lishidan qat’i nazar anonsda o‘sha o‘yin tilga olingan bo‘lardi.

ARSeNAL – ASTON VILLA (14 aprel, 20:30)

Chempionlik uchun kurashayotgan uch jamoaning taqvimi tahlil qilinganda aksariyat mutaxassislar «Arsenal»ning raqiblari biroz qiyinroq ekanini aytib kelishmoqda. Londonliklarni «Old Trafford»ga safar, «Chelsi» va «Tottenhem» bilan derbilar kutib turibdi. Ammo boshqa tomondan, sport formasi va so‘nggi natijalari bo‘yicha Arteta shogirdlari «Liverpul»dan ham, «Manchester Siti»dan ham kuchliroq ko‘rinayotgani, eng muhimi, ayni damda 1-o‘rinni egallab turganini ham inobatga olish kerak. Ya’ni uch jamoa ichida hammasi o‘z qo‘lida bo‘lgan yagona jamoa ham «Arsenal». Albatta, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar «Arsenal» o‘sha o‘yinning favoriti bo‘lib qolaveradi. O‘tgan turda ancha qiyin ko‘ringan «Brayton» maydonida «Arsenal» yaqqol ustunlik bilan yirik hisobda g‘alaba qozonganini eslashimiz mumkin.

«Aston Villa»ning ham o‘z kurashi bor. Yuqorida tilga olinganidek, birminghemliklar «Tottenhem» bilan kuchli to‘rtlik uchun kurashishi, shu bilan birga ortdan kelayotgan jamoalarni ham o‘ziga yaqinlashtirmasligi lozim bo‘ladi. «Aston Villa»ni «Arsenal» bilan o‘yindan keyin «Liverpul», «Chelsi» hamda «Brayton»ga qarshi uchrashuvlar ham kutib turibdi. Bundan tashqari, xuddi «Arsenal» singari Emeri jamoasi ham yevrokuboklardan chiqib ketmagan. Ispaniyalik mutaxassisning kubok formatidagi tajribasidan kelib chiqsak, jamoani Konferensiyalar ligasida bemalol favorit deb ayta olamiz. Qizig‘i, «Aston Villa» u yerda nafaqat sovrin yutish, balki yevrokuboklar reytingida Angliyaga qo‘shimcha ochkolar olib berish uchun ham harakat qilishi kerak. Ana o‘shanda «Aston Villa» hozir egallab turgan 5-o‘rin bilan ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, birinchi davrada «Aston Villa» 1:0 hisobida g‘alaba qozonganini eslasangiz kerak. Undan oldingi 4 o‘yin londonliklar foydasiga hal bo‘lgandi. Umuman oxirgi davrga qarasak, «Arsenal» 16 marta g‘alaba qozongan. Shu davrda «Villa»ning g‘alabalari soni 6 ta. So‘nggi 25 o‘yinda faqat bir marta durang qayd etilgan xolos.

Tarkiblar borasida «Arsenal»da Timberdan boshqa birorta ham jarohat yo‘q. «Aston Villa» esa aynan shu borada muammolarga ko‘milib qolgan, deyish mumkin. Remzi, Kamara, Buendiya, Mingz kabi futbolchilar uzoq muddatga safdan chiqishgan. Metyu Kesh ham sheriklariga yordam bera olmaydi. Kleman Langlening o‘ynashi ham so‘roq ostida. Eng achinarlisi, maydon markazidagi jamoa yetakchilaridan biri Duglas Luisning diskvalifikatsiyasidir. U «Brentford»ga qarshi o‘yinda mavsumdagi o‘ninchi sariq kartochkasini oldi va ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

BOShQA O‘YINLAR

13 aprel. BAVARIYa – Kyoln (18:30), Borussiya M – BORUSSIYa D (18:30), MANCheSTeR SITI – Luton (19:00), Torino – YuVeNTUS (21:00), Bornmut – MYu (21:30), Mallorka – ReAL (21:30), Kadis – BARSeLONA (23:55)

14 aprel. LIVeRPUL – Kristal Pelas (18:00), Sassuolo – MILAN (18:00), Udineze – ROMA (21:00), INTeR – Kalyari (23:45)

15 aprel. CheLSI – Everton (23:55)

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: