Ukraina Oliy radasi safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlamoqda, biroq milliy xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi undan harbiy xizmatchilarni demobilizatsiya va rotatsiya qilish to‘g‘risidagi nizomni olib tashladi, deb xabar beradi «Ukrainska pravda» nashri 9 aprel, seshanba kuni tegishli hujjatlarni e’lon qilib.
Nashrning yozishicha, qonun loyihasidan demobilizatsiya to‘g‘risidagi bandni chiqarib tashlash Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy tomonidan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovga yo‘llagan maktubida taklif etilgan bo‘lib, «ayrim qoidalar qonun loyihasining ko‘p sonli parlament tuzatishlarini hisobga olgan holda, batafsil tahlil va qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladi».
Sirskiyning taklifiga ko‘ra, «harbiy xizmatdan bo‘shatish uchun asoslar, shuningdek, harbiy xizmatchilarni qonunchilik darajasida rotatsiya qilishni joriy etish masalasini boshqa qonun loyihasida ko‘rib chiqish orqali alohida tartibga solish taklif etiladi».
Shu kuni hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda Mudofaa vazirligi taklifi qabul qilindi. Hukumat safarbarlik to‘g‘risidagi qonun e’lon qilinganidan keyin sakkiz oy ichida parlamentga ushbu moddalardan iborat alohida qonun loyihasini taqdim etishi kerak, deb yozadi «Ukrainska pravda».
Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi
Rossiya hujumini qaytarish zarurati bilan bog‘liq holda ishlab chiqilgan Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi 2023 yil 25 dekabrda ro‘yxatga olingan, biroq tanqidlar to‘lqinidan so‘ng u qayta ko‘rib chiqilib, Radaga kiritildi. Qonun loyihasi 2024 yil fevral oyida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.
Ayni paytda, 4 aprel kuni Ukrainada safarbarlik yoshini 27 yoshdan 25 yoshgacha qisqartiruvchi qonun kuchga kirdi. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi turli davlat reyestrlaridagi 17 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi: soliq xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, davlat migratsiya xizmati va boshqa idoralardan. Harbiy xizmatga «cheklangan yaroqlilik» maqomi ham bekor qilinmoqda – mazkur qonun 2024 yil 4 maydan kuchga kiradi.