Germaniya hukumati Nikaraguaning Berlin G‘azo sektoridagi genotsidga yordam berayotgani haqidagi ayblovlarini qat’iyan rad etdi. 9 aprel, seshanba kuni Haagadagi Xalqaro sudda bo‘lib o‘tgan eshituvda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining xalqaro huquq bo‘yicha komissari Tanya fon Uslar-Glyayxen: «Bu ayblovlar hech qanday qonuniy va faktik asosga ega emas», dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin 1948 yilda qabul qilingan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani ham, xalqaro gumanitar huquqni ham buzmadi. «Germaniyaning ushbu mojarodagi harakatlari xalqaro huquqda mustahkam o‘rnatilgan», - dedi fon Uslar-Glyayxen va Germaniyaning Isroilga qurol eksporti xalqaro qonunlarga muvofiqligini ta’minlash uchun diqqat bilan tekshirilishini qo‘shimcha qildi.
U 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan sodir etilgan hujumdan so‘ng Germaniya Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tasdiqlaganini va o‘z tarixiy mas’uliyatini hisobga olgan holda Isroil xavfsizligi Germaniya uchun ustuvor vazifa ekanini eslatdi. Biroq Berlin G‘azo sektoridagi tinch aholi huquqlari va himoyasini ta’minlash uchun ham choralar ko‘rmoqda.
Nikaraguaning Germaniyaga qarshi da’vosi
Kuni kecha Haagadagi Xalqaro sudda Nikaraguaning Germaniyaga qarshi da’vosi bo‘yicha ikki kunlik eshituvlar boshlandi. Unda Germaniya Isroilni doimiy qo‘llab-quvvatlashi, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish tufayli «Falastin xalqiga qarshi genotsidning oldini olish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajara olmagani» va shu tariqa «konvensiyani buzgan holda genotsid sodir etilishiga yordam bergani» ta’kidlanadi.
Da’vo, shuningdek, suddan Germaniyaga qarshi Berlinning Isroilni qo‘llab-quvvatlashini to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan «vaqtinchalik choralar» qo‘llashni so‘raydi. BMT sudi ikki hafta ichida Nikaragua da’vosi bo‘yicha dastlabki qarorni qabul qilishi kutilmoqda, deb yozadi dpa.
Da’voning ehtimoliy ta’siri
Nikaraguaning da’vosi asosan «JAR Isroilga qarshi» ishiga bog‘liq bo‘lib, unda Xalqaro sudning yanvar oyidagi qarori Germaniya kabi uchinchi davlatlar uchun majburiyatlarni keltirib chiqarishi haqidagi huquqiy dalillarni sinab ko‘rilishi mumkin.
Yanvar oyi oxirida BMT sudi «JAR Isroil tomonidan G‘azoda sodir etilgan deb da’vo qilayotgan ba’zi harakatlar va harakatsizliklar konvensiya qoidalariga to‘g‘ri kelishi mumkin» deb topdi. 28 martdagi keyingi bayonotida BMT sudi qo‘shimcha qoidalarni qo‘shib qo‘ydi, jumladan, Isroildan «xalqaro huquqni hurmat qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qanday bajarayotgani» uchun hisob berish talab qilindi.
Germaniya ochiqchasiga Isroilni himoya qilib chiqdi. «Biz Xalqaro sudni qadrlaymiz va, albatta, sud jarayonlarida qatnashamiz va o‘zimizni himoya qilamiz, - dedi Nikaragua da’vo arizasi bilan chiqqanidan so‘ng, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Kristian Vagner jurnalistlarga. - Lekin vaziyatga oydinlik kiritaylik – biz, albatta, Nikaragua ayblovlarini rad etamiz».
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.