Xon Yunusga qaytayotgan g‘azoliklar, Sudga tortilgan Germaniya va Amerikadagi quyosh tutilishi - kun dayjesti

Jahon 13:31 / 09.04.2024 4658

Dunyoda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan an’anaviy tarzda tanishtirib borishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil Xon Yunusdan qo‘shinlarini olib chiqqani bilan mamlakat janubidagi Rafah shahriga hujum qilish rejalaridan voz kechgani yo‘q. Rafahda ayni paytda Isroil hujumidan boshpana izlab 1,5 mln falastinliklar jon saqlamoqda. Rafahga hujum falastinliklar orasida qurbonlar soni keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Isroil qo‘shinlari shaharni tark etgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgach, xon yunusliklar shaharga qayta boshlashgan. Ularning ko‘pchiligi o‘zlariga tegishli turar joylarda yana yashay boshlashdan umid qilishmoqda. Biroq shahardagi tasvirlardan ko‘rinadiki, Isroil tomonidan bo‘m-bo‘sh shaharga aylantirilgan shahardan faqat vayronalar qolgan.

G‘azoda vaziyat o‘zgarishsiz. Adolatsiz urushning 183-kuniga kelib qamal qilingan G‘azodagi qurbonlar soni 33 ming 207 nafarga yetgan. So‘nggi sutka ichida yana 32 falastinlik o‘ldirilgan, 47 nafar inson yarador qilingan. Urush boshlanganidan buyon yaradorlar soni 75 ming 993 nafarga yetgan.

G‘azo sektoriga hujum qilib, o‘z iqtisodiyotiga jiddiy zarba bergan. Isroil Markaziy bankining ma’lumotlariga ko‘ra, falastin eksklaviga qilingan hujum iqtisodiyotga 67 mlrd AQSh dollariga tushadi. Bu esa mamlakat tarixida urush uchun to‘langan eng yuqori «tovon puli» bo‘ladi.

G‘azoga insonparvarlik yordami

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Isroil Turkiyaning G‘azoda qiynalayotgan insonlarga yordam yetkazishga bo‘lgan urinishlariga to‘siq qo‘yayotgani va buni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Turkiya ayni paytda G‘azoga 42 ming tonna yordam yetkazib bergan va bu borada eng ko‘p yordam jo‘natgan ikki davlatdan biri bo‘lib turibdi.

Isroil Turkiyaning G‘azoga havo orqali yordam yetkazish talabini rad etgan;

Bunday vaziyatda Isroilga qarshi bir qator choralar qo‘llashga qaror qilingan. Bu choralar toki Isroil o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilib, insonparvarlik yordamlari G‘azoga moneliksiz qo‘yila boshlangunga qadar davom etadi.

Xoqon Fidan ko‘zda tutilayotgan choralar tegishli idoralar tomonidan e’lon qilinishini aytib o‘tgan.

Al-Jazeera telekanali eksklyuziv tasvirlarni taqdim etdi. Osmondan tashlangan va G‘azoning shimoliy qismidagi Isroil chegarasiga yaqinroq hududga borib tushgan insonparvarlik yordamini olmoqchi bo‘lgan yosh yigitlar Isroil askarlari tomonidan o‘qqa tutilgan.

 

Germaniya sudlanmoqda

Germaniya Isroilga tortiq etgan qurol-yarog‘lari falastinlik ayollar va bolalarni bombardimon qilish uchun ishlatilganini bilmasligi mumkin emas, deyishgan BMT xalqaro sudida nikaragulik yuristlar.

Dushanba kuni Haagadagi BMT xalqaro sudida Berlin Isroilning HAMASga qarshi urushida genotsidga va xalqaro huquq me’yorlarining buzilishiga «yordam berayotgani» to‘g‘risidagi ta’kidlarga asoslangan Germaniyaning Isroilga harbiy va boshqa yordamlarini tugatishga qaratilgan dastlabki sud majlislari boshlandi.

Isroil hamon o‘zining harbiy kampaniyasi genotsid to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining buzilishi ekanini qat’iyat bilan tan olmasdan kelmoqda.

Germaniya qator yillardan buyon doim Isroilning tarafdori bo‘lib kelgan. 7 oktyabrda HAMAS hujumidan so‘ng GFR kansleri Olaf Shols parlament a’zolari oldida chiqish qilib, «Holokostdan kelib chiqadigan o‘z tariximiz va majburiyatlarimiz oldimizga mudom Isroil davlatining xavfsizligini yoqlashdek doimiy vazifa qo‘yadi», degan edi.

 

Ukrainadagi urush

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yana bir bor AQSh yordamisiz Ukraina urushda mag‘lub bo‘lishini ta’kidladi.

«Agar Kongress Ukrainaga yordam bermasa, Ukraina urushda yutqazadi», — degan u CNN kanali efirida. Agar Ukraina urushda yutqazadigan bo‘lsa, Yevropaning boshqa davlatlari ham tahdid ostida qoladi.

O‘tgan haftada Bloomberg nashri respublikachilar partiyasidagi manbasiga asoslanib, AQSh Kongressi Vakillar palatasida Ukrainaga yordam ajratish masalasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni aprel oyining o‘rtalariga qadar o‘tkazilmasligini xabar qilgan edi.

1 aprel kuni Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Fox News telekanaliga bergan intervyusi chog‘ida Ukrainaga yordam ko‘rsatilishi uchun yangi shartlarni ilgari surishini aytgan edi. Bu qaytarish majburiyatiga ega kredit, Rossiya aktivlarini musodara qilish, Oq uyning suyultirilgan tabiiy gaz eksportiga yangi litsenziyalar berilishini muzlatib qo‘yganini bekor qilish bo‘lishi mumkin.

 

Ukrainaning talafotlari

So‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya tomoni bergan zarbalari ortidan Ukrainadagi issiqlik elektr stansiyalarining 80 foizi ishdan chiqarilgan. Gidroelektr stansiyalarining esa yarmiga ziyon yetkazilgan.

Bu urush boshlanganidan buyon Ukraina energetika tizimiga berilgan eng kuchli zarba bo‘lgan, degan Ukraina energetika vaziri German Galushchenko.

Mart oyining oxiridan boshlab, Rossiya deyarli har kuni Ukraina energiya tizimiga tinimsiz zarbalar berib kelmoqda. Keng ko‘lamli avariyalar va energiya tizimidan uzilish mamlakatning ikkinchi yirik shahri — Xarkivning chiroqsiz qolishiga sabab bo‘lgan.

«Biz rossiyaliklar o‘z qurollarini takomillashtirganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ular endi ko‘proq ziyon yetkaza oladigan, Eronda ishlab chiqarilgan raketalar va pilotsiz parvoz qurilmalaridan foydalanishmoqda», — degan Galushchenko.

Lekin shu holatda eng yomon ssenariy ro‘y bergan taqdirda ham vazir «total blekaut» ro‘y bermasligini ta’kidlagan: «Biz butun generatsiyadan ayrilmaymiz. Energetik miksga qaralsa, bizda elektr energiyasining 50 foizi atom hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rish mumkin», degan u.

 

Smolenskda ko‘prik quladi

Rossiyaning Smolensk oblasti Vyazma aholi punktida elektrlashgan temiryo‘l uzra barpo etilgan yo‘l o‘tkazuvchi avtomobil ko‘prigi qulab tushgan.

Bu paytda ko‘prik uzra yuk mashinasi va yengil mashina harakatlanayotgan edi. Yuk mashinasi haydovchisi og‘ir jarohatlangan. Yengil mashinadagi ayol halok bo‘lgan.

Yana bir halok bo‘lgan inson — bolasini bolalar bog‘chasidan olib kelish uchun ketayotgan ayol bo‘lgan. Uning eri Ukrainadagi urushda ishtirok etmoqda.

Temiryo‘l orqali poyezdlar Moskvadan Smolensk va Minskka qatnab turgan. Texnogen falokat oqibatlari bartaraf qilingunga qadar Moskva – Minsk yo‘nalishdagi barcha poyezdlar boshqa aylanma yo‘l orqali harakat qilishi e’lon qilingan va bu yo‘lda qo‘shimcha 3,5–4 soat vaqt qo‘shilishini anglatadi.

 

Amerikada quyosh tutildi

8 aprel kuni juda uzoq davom etgan to‘liq quyosh tutilishi hodisasi qayd etildi. Tinch okeanida boshlangan tutilishda Oy soyasi Meksika, AQSh va Kanada hududlarini bosib o‘tib, Atlantika okeanida nihoyalandi. Quyosh to‘silishining maksimal fazasi Meksikaning Durango shaharchasida 4 daqiqayu 28 soniya davom etgan.

Quyosh va Oy diskining ideal mos kelgan holda to‘liq tutilish hodisasi kamyob hisoblanadi. Oy diski kichik bo‘lsa halqali tutilish, Oy kattaroq bo‘lsa, Quyosh toji ko‘rinmaydigan tutilish kuzatiladi. So‘nggi marta 139-sarosdagi bunday davomiylikdagi to‘liq tutilish 2006 yilda kuzatilgan.

Meksika, AQSh va Kanadadagi ko‘plab shaharlarda odamlar tabiat hodisasini kuzatish uchun to‘planishgan. Quyosh diskining to‘liq yopilishi Dallas, Toronto kabi yirik shaharlarda kuzatilgan, Niagara sharsharasida tomosha uchun 1,5 million odam yig‘ilgan.

Keyingi to‘liq Quyosh tutilishining bir necha davlatlar hududidan o‘tgan davomiy ko‘rinishi 2027 yilning 2 avgustida sodir bo‘ladi. Oy soyasi Atlantika okeanidan boshlab, Ispaniya, Liviya, Misr, Saudiya Arabistoni va Yaman uzra o‘tib, Hind okeaniga g‘arq bo‘ladi.

O‘zbekiston hududida quyoshning to‘liq tutilishi shu bilan 2060 yilning 30 aprelida ro‘y beradi. Tutilish aynan kechagiday 139-sarosdagi tutilish bo‘ladi. Shaharlarimizdan faqat Nukusda 100 foizlik tutilish kuzatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: