Yaman qirg‘oqlari yaqinida yana ikkita kema hujumga uchradi

Jahon 12:45 / 08.04.2024 5779

7 aprel, yakshanba kuni Yaman qirg‘oqlari yaqinida ikkita kemaga hujum uyushtirildi, deb xabar berdi Britaniyaning Ambrey dengiz xavfsizligi kompaniyasi. Unga ko‘ra, Yamanning Al-Mukalla shahridan taxminan 102 dengiz milyasi janubi-g‘arbda bitta kema hujumga uchragan.

Kompaniya yaqin atrofdagi kemalar ekipajlarini ehtiyot bo‘lish va har qanday shubhali harakat haqida xabar berish haqida ogohlantirdi. Ambrey hujumni kim amalga oshirganini aniqlashtirmadi. Avvalroq u Yamanning Aden portidan janubi-g‘arbda, Adan ko‘rfazidagi kema yaqiniga snaryad tushgani haqida xabar bergan edi. 

UKMTO: Ekipaj xavfsiz holatda

Britaniya HDK qoshidagi Dengiz savdo tashuvlarini muvofiqlashtirish markazi (United Kingdom Maritime Trade Operations, UKMTO) ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Aden portidan 59 dengiz milyasi janubi-g‘arbda sodir bo‘lgan, «raketa kemaga yaqin joyda suvga tushgan». 

«Kemaga shikast yetganligi haqida xabarlar yo‘q va ekipaj xavfsiz holatda», - deyiladi UKMTO bayonotida. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayni paytda, isyonchi «Ansor Alloh» harakatidan yamanlik husiychilar Qizil dengizda Britaniya kemasi va bir qator Amerika fregatlariga, shuningdek, Arab dengizi va Hind okeanida Isroil portlariga yo‘l olgan ikkita Isroil kemasiga zarba berganini ma’lum qildi. Harbiy amaliyotlar oxirgi 72 soat ichida amalga oshirildi, dedi harakatning harbiy vakili Yahyo Sariya so‘zlarini keltirgan Reuters. U hujumlar haqida boshqa ma’lumot bermadi. 

Oxirgi 24 soat ichida uchta hodisa

UKMTO va Ambrey xabarlariga ko‘ra, yakshanba kungi hujumlar Yamanning Xodeyda port shahri janubi-g‘arbidagi kema yaqinida ikkita raketa aniqlanganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan. UKMTO ma’lumotlariga ko‘ra, bitta raketa AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan tutib olingan, ikkinchisi esa kema yaqinidagi suvga qulagan. 

Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilari 2023 yilning noyabr oyidan beri Qizil dengizdagi g‘arb savdo kemalariga dronlar va raketalar bilan hujum qilib kelmoqda. Guruh o‘z harakatlarini Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum qilishga va’da berdi. Ayni paytda, nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiychilar nishoniga aylanmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: