Bugun Janubiy Koreya dunyoni nafaqat o‘zining o‘ta zamonaviy shaharlari va rivojlangan iqtisodiyoti bilan, balki tarixiy obektlari bilan ham lol qoldirmoqda.
Bu mamlakatda o‘rta asrlardan buyon saqlanib kelayotgan tarixiy binolar va boshqa turli osori-atiqalar ham bor. Kyonbokkun muzeyi, Changdeokgung saroyi, Korean Folk Village va Namsangol Hanok Village tarixiy qishloqlari va boshqa obektlar shular jumlasidan.
Bundan bir necha yil oldin Pusan shahri yaqinida joylashgan Kamchxon qishlog‘i ham birdaniga mashhur bo‘ldi. Shundan so‘ng bu qishloqni tomosha qilish va u yerda tunab qolish uchun sayyohlar oqib kela boshladi.
Xo‘sh, unchalik tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va qoloq qishloq bo‘lgan Kamchxon mashhurlikka qanday erishdi? Quyida shu haqda gaplashamiz.
Kamchxon tarixi
Kamchxon qishlog‘i tarixi 1950 yilga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushida Yaponiya mag‘lub bo‘lgach, uning mustamlakasi bo‘lgan Koreya yarimorolida bir tomondan SSSR, ikkinchi tomondan AQSh harakat boshlaydi. Ularning maqsadi yarimorolda o‘z ta’sir doirasi ostida davlat tashkil etish edi.
Mamlakat shimoli SSSR yordamiga tayangan va Koreya yarimorolida sotsialistik davlat qurmoqchi bo‘lganlar nazoratiga o‘tadi.
Janub esa AQShdan yordam olayotgan va yarimorolda demokratik davlat tuzmoqchi bo‘lgan kuchlar izmida qoladi. Har ikki tomon bir-biriga qarshi targ‘ibot olib boradi.
Bu orada shimolliklar Koreya xalq demokratik respublikasi nomi bilan sotsialistik davlat tuzishganini e’lon qilishadi. Janubda Koreya respublikasi tashkil etiladi.
1950 yilda shimolliklar SSSR yordamida Janubga hujum boshlaydi. O‘rtada urush boshlanadi. Shimolliklar avvaliga yarimorolning asosiy qismini va janubliklar poytaxti Seulni egallashadi. Faqat Pusan shahri ularning changalidan qutulib qoladi.
Ana shunday vaziyatda BMT janubliklarga xalqaro darajada yordam ko‘rsatish uchun maxsus rezolyutsiya qabul qiladi. Shundan so‘ng janubliklarga yordam berish uchun ko‘plab davlatlar o‘z harbiylarini yuborishadi. Ular orasida hatto Turkiya ham bo‘lgan.
O‘sha paytda shimolliklar janubdagi shahar va qishloqlarni egallar ekan odamlarning bir qismi ularning oyog‘i tegmagan hududlarga qochardi.
Eng ko‘p qochoq shimolliklar egallay olmagan Pusan shahri yaqinidagi Saxa-gu tumaniga, Kamchxon deb nomlangan hududga ko‘chib keladi. Shu tariqa bu yerda xaroba qishloq shakllanadi.
Ko‘p o‘tmay shimolliklarning hujumi qaytariladi va ular tomonidan egallangan hududlar qaytarib olinadi. Shundan so‘ng qochoqlar o‘z uylariga qayta boshlaydi.
1953 yilda urush tugaydi va Koreya yarimoroli o‘rtasidan chegara tortiladi. Yarimorol shimoli KXDRga, janubiy qismi Koreya Respublikasiga tegadi.
Urush tugaganidan so‘ng qochoqlar uylariga qaytar ekan, ularning bir qismi o‘zlari o‘rnashgan joy – Pusan biqinidagi qishloqda yashab qoladi. Kamchxon deb nomlangan bu qishloq adirlikda joylashgandi.
1970-1980 yillarda Janubiy Koreya yuksak taraqqiyotga erishadi. Yirik shaharlar va qishloqlar qiyofasi o‘zgarib zamonaviylashadi. Biroq Kamchxon o‘sha holida qoladi.
Koreyada yer juda qimmat. Shu sababli bu qishloq ahli bir-biriga zich holda uylarni qurib yashayveradi. Oxir-oqibat qishloqda hovli qolmaydi va xonadonlar asosan bir va ikki qavatli uylardan iborat bo‘lib qoladi.
O‘sha paytlarda Kamchxondagi uylarni buzish va bu yerda osmono‘par binolar qurilishi masalasi ham bir necha marta ko‘tariladi. Biroq xalq mulkini beayov talovchi sotsialistlardan farqli ravishda Janubiy Koreyada odamlarning mulki majburlab tortib olinmaydi.
Bu yerda barcha ishlar mulk egalarining roziligi bilan amalga oshiriladi. O‘sha paytlarda garchi uylari juda xarob ahvolda bo‘lsa ham, Kamchxondagi ayrim mulkdorlar o‘z uylariga juda baland narxlarni belgilashadi. Boshqalari esa uyini sotishni istamaydi. Shu sababli qishloq o‘rnida osmono‘par binolar qurish loyihasi amalga oshmaydi.
Kamchxonning o‘zgarishi va mashhur bo‘lishi
Kamchxon uzoq yillar davomida yuksak taraqqiyotga erishgan Janubiy Koreyaning, osmono‘par binolar qurilgan obod Pusanning xarob holda qolgan qismi sifatida yashab keladi.
Qishloq taraqqiyotdan chetda qolgan, bu yerda yashovchilarning sharoiti og‘ir, infratuzilma haminqadar edi. 2000-yillarning oxiriga borib vaziyat birdan o‘zgaradi.
Bunga Pusan shahar ma’muriyatining Kamchxonda joylashgan uylarning tashqi ko‘rinishini yaxshilab, qishloqni asl holida saqlab qolishga qaror qilgani sabab bo‘ladi.
2009 yilda qishloq aholisi shahar ma’muriyatiga tashabbus bilan chiqadi va Kamchxonni “Madaniy qishloq”qa aylantirish loyihasini taqdim etishadi. Loyiha Pusan shahar ma’muriyati va mamlakat madaniyat vazirligini befarq qoldirmaydi. Ma’muriyat va vazirlik loyihaga salmoqli miqdorda pul ajratishga qaror qiladi.
Shundan so‘ng o‘sha mablag‘lar hisobidan qishloqdagi barcha uylarning tashqi ko‘rinishi epaqaga keltiriladi va turli rangga bo‘yaladi. Ko‘pgina uylarning tomi chordoq ko‘rinishida yopilib, ular ham bo‘yab chiqiladi.
Ana shunda qishloqning ko‘rinishi ekzotik tus oladi va juda chiroyli ko‘rina boshlaydi. Tasavvur qiling, bir tomonda Pusanning osmono‘par binolari, sal narida esa bir-biriga zich qurilgan uylar va tomlari turli ranglarda tovlanib turgan g‘aroyib qishloq manzarasi.
Ana shu holatda qishloqning ko‘rinishi barchaning e’tiborini torta boshlaydi. Telekanallarda berilgan lavhalar bosma va elektron OAVda chop etilgan maqolalar tufayli qishloq Janubiy Koreyada juda mashhur go‘shaga aylanadi.
Shundan so‘ng qishloqni tomosha qilish uchun odamlar oqib kela boshlaydi. Bundan Kamchxon ahli ham manfaatdor bo‘ladi. Darrov qishloqda mehmon uylari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etiladi.
Ko‘p o‘tmay Kamchxon xorij davlatlarida ham mashhur bo‘ladi va Janubiy Koreyaga keladigan sayyohlar boradigan muhim manzillardan biriga aylanadi.
Hozirgi kunda Kamchxon Janubiy Koreyaga keladigan sayyohlarga borish tavsiya etiladigan muhim joylardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda har kuni qishloqni tomosha qilish uchun bir necha minglab sayyohlar kelmoqda.
Qishloq aholisi dastlab ishni mehmon uylari tashkil etishdan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik Kamchxonda koreys hunarmandchiligi vakillari o‘z ustaxonalarini, kichik korxonalarini tashkil etishadi. Bundan tashqari, turli suvenirlar sotiladigan do‘konlar ochiladi.
Natijada qishloqni tomosha qilish uchun kelayotgan sayyohlar bu yerda qo‘lda tayyorlanadigan buyumlarning tayyorlanish jarayonini tomosha qilish va tayyor buyumlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Qishloq hududiga kirish va uni tomosha qilib chiqish bepul. Sayyohlar faqat sotib olgan buyumlari va mabodo tunab qolishsa, mehmon uylari uchun pul to‘lashadi.
Kamchxonda avtomobil harakatlana oladigan yo‘l faqat qishloq chetida joylashgan. Qishloqning ichida faqat tor yo‘llar bor va ularda piyoda aylanish mumkin xolos.
Kamchxon adirlikda joylashgani uchun uylar past va baland qilib qurilgan. Shu sababli qishloq ichidagi yo‘laklarning aksariyati zinalardan iborat.
Qishloq nomi inglizchada Gamcheon Culture Village deb nomlanadi va u butun dunyodagi aksariyat sayyohlik firmalarining yo‘nalishlariga kiritilgan.
Janubiy koreyaliklar Kamchxon loyihasini amalga oshirib, butun dunyoga xarob qishloqlarni asl holicha saqlab qolib, sayyohlar uchun qiziqarli maskanga aylantirish mumkinligini isbotlashdi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.