Yevropa koinot agentligi (ESA) sun’iy quyosh tutilishini yaratish ustida ishlamoqda. Ilgari bu ilojsiz edi, ammo zamonaviy texnologiyalar ushbu ajoyib g‘oyani amalga oshirishga imkon beradi.
Missiya Proba-3 deb nomlandi. Loyiha doirasida olimlar Quyoshning kuzatish qiyin bo‘lgan mintaqalaridan biri — uning tojini o‘rganmoqchi.
ESA ikkita alohida koinot apparatini uchirishni rejalashtirmoqda, ularni bir-biridan 150 metr masofada joylashtiradi. Shunda biri quyoshni to‘sadi va uning faqat toji ko‘rinadigan bo‘ladi. U xuddi kichik Oy vazifasini bajaradi. Bu vaqtda ikkinchisi takomillashtirilgan koronagraf yordamida quyosh tojini kuzatishi kerak bo‘ladi.
Ushbu missiyadagi eng qiyin vazifalardan biri sun’iy yo‘ldoshlarni bir chiziqqa joylashtirish bo‘ladi. Reja amalga oshishi uchun millimetr miqdorida aniqlik kerak.
Agentlik Proba-3 Quyoshdagi jarayonlarni, shuningdek, ularning Yerdagi ob-havoga ta’sirini yaxshiroq o‘rganish imkonini beradi, deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, ular Quyoshdan umumiy energiya chiqishi darajasini o‘lchashni rejalashtirmoqda.
Hozir ikkala qurilma yakuniy integratsiyadan o‘tmoqda. Ular kuzda Hindistondagi PSLV-XL uchirish qurilmasi yordamida koinotga yuboriladi. Ushbu missiya davomida olimlar quyosh tojini tabiiy tutilish paytidagidek yaqindan ko‘ra olmaydilar, ammo «kuzatuv» ular uchun 5-10 daqiqa emas, balki bir necha soat davom etadi.