G‘azodagi yetimlar soni, Putinga qarshi maxsus tribunal va tojikistonliklarga viza joriy etgan Turkiya - kun dayjesti

Jahon 14:51 / 06.04.2024 13618

Shu soatgacha dunyoda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan an’anaviy tarzda tanishtirib borishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroilning tinim bilmas hujumlari natijasida har soatda 4 ta bola o‘lmoqda.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 181-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavda qurbon bo‘lganlar soni 33 ming 91 kishiga yetgan. 75 ming 750 kishi yaralangan.

So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari 5 ta ommaviy qirg‘in uyushtirgan va unda 54 kishi halok bo‘lib, 82 nafar odam yaralangan. G‘azoda ochlikdan jon bergan insonlarning soni 33 nafarga yetgan.

Isroilning G‘azo sektoriga hujumi natijasida o‘ldirilganlarning 44 foizi voyaga yetmagan bolalar. Hujumlar boshlangan 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda 14 ming 350 bola halok bo‘lgan. Bu Isroil har soatda 4 ta bolaning hayotiga zomin bo‘layotganini anglatadi.

G‘azo sektorida ayni paytda 7 mingdan ziyod ayollar va bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. Ularning katta qismi vayron bo‘lgan uylarning xarobalari ostida bo‘lishi mumkin.

BMTning bolalar fondi UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azodagi 17 mingdan ortiq bola ota-onalaridan biridan yoki har ikkisidan ayrilib, yetim qolgan.

Putin uchun maxsus tribunal?

Yevropa Ittifoqi 2024 yilning so‘ngiga qadar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiyaning boshqa «hukmron shaxslari» uchun maxsus tribunal tuzilishini anons qildi. Bu haqda adliya bo‘yicha yevrokomissar Dide Reynders Deutsche Welle kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Reyndersning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda G‘arbda «turli xalqaro aktorlar bilan» bu sud jarayoni haqida munozaralar bo‘lib o‘tmoqda va «ikki asosiy variant ko‘rib chiqilmoqda: ko‘ptomonlama kelishuv asosida xalqaro tribunal yoki Ukraina va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi ikkitomonlama kelishuv asosida soddalashtirilgan yechim ko‘rib chiqilmoqda».

2 aprel seshanba kuni Haagada «Ukraina uchun adolatni tiklash» konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Tadbirning asosiy yakuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlari uchun maxsus tribunal tuzishni 44 davlat imzolagani bo‘ldi. Imzolaganlar orasida Moldova va Gurjiston ham bo‘lgan. Deklaratsiyada Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan xalqaro sudning roli alohida qayd etilgan.

NATOning Ukrainaga taklifi

NATOdagilar Rossiyaga okkupatsiya qilingan hududlarni topshirish evaziga Ukrainani alyansga qabul qilish masalasini muhokama qila boshlangan. Bunday variant harbiy blok harbiylari tomonidan rad etilmayapti va hattoki noformal muhokama ham qilinmoqda, deb yozadi Italiyaning La Republica nashri.

Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, bunday ssenariy hozircha ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, biroq u siyosiy nuqtayi nazardan baholanmayapti. G‘oyaga ko‘ra, joriy harbiy mojaroni Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Germaniya hududi SSSR va G‘arb tomonidan bo‘lib olingani kabi hal qilishdir.

Biroq, hozirga kelib, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq barcha qarorlar shu yilning noyabrida AQSh prezidenti saylovi o‘tib olguncha muzlatib qo‘yilgan. Rossiya ham ovoz berish natijalarini kutmoqda va Jo Bayden bilan muzokara olib borishni istamayapti.

Ukrainaning o‘z hududlaridan voz kechish g‘oyasi Donald Tramp saylanadigan bo‘lsa yanada kuchayishi mumkin. Chunki Tramp bungacha ham urushni tugatish uchun Ukraina o‘z hududlaridan voz kechishga majburligini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunday gap-so‘zlarni «adolatsiz» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev alyans a’zosiga aylanmoqchi, biroq «NATOga a’zolik evaziga yerlarimizni topshirish — adolatsiz muloqot, bu sun’iy provokatsiya», degan u.

NATO yetakchilari Ukraina mag‘lubiyatga uchrash xavfi ostida turgan bo‘lsa-da, iyul oyida o‘tajak sammitda Kiyevni alyans a’zoligiga taklif etmoqchi emas, deb yozadi The New York Times. Xususan, Ukrainaning ayni damdagi a’zoligiga AQSh va Germaniya qarshi chiqmoqda.

Ukrainaga yordam

Janubiy Koreya 2024 yildan boshlab Ukrainaga yordam sifatida 2,3 mlrd dollar ajratadigan bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Te Yul xabar qilgan.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya NATO fondi orqali urushda yarador bo‘lgan ukrainalik harbiylarni reabilitatsiya qilish markazlari ishi uchun 12 mln dollar ajratadi.

Rossiyada to‘g‘on yorildi

Rossiyaning Orenburg oblastiga Sardoba suv omborining kuni tushdi — to‘g‘on yorilib, minglab uylar suv ostida g‘arq bo‘lish tahdidi ostida qolgan. Oblast hokimiyatining ma’lum qilishicha, Eski shahar hududidagi ko‘tarma to‘g‘on o‘pirilishi natijasida suv oqib chiqa boshlagan.

Orenburg oblastining Orsk shahrida suv bosishi mumkin bo‘lgan zonalarda aholi turar joylaridan evakuatsiya qilingan. Suv bosishi mumkin bo‘lgan zonada 4 mingdan ziyod xususiy uy-joylar bor, ularda 10 mingga yaqin inson istiqomat qiladi. Ular vaqtinchalik yashash joylariga ko‘chiriladi. O‘zi mustaqil ko‘cha olmaydiganlar uchun avtobuslar tashkil qilingan.

Turkiya Tojikistonga vizani tikladi

Ko‘rsatuvimiz so‘ngida yana bir muhim xabar. Turkiya Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning bu haqdagi farmoni rasmiy gazetada e’lon qilingan.

Bunga sabab IShID a’zosi bo‘lgan tojikistonliklarning Moskvada terakt uyushtirgani bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, terakt uyushtirganlikda gumon qilib ushlanganlarning ikki nafari Moskvaga Turkiyadan uchib borishgan.

Turkiyaga oid yana bir muhim xabar. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqayaga ko‘ra, 8 nafar shaxs Turkiya hududida bo‘lib turgan shaxslar va kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Isroil razvedkasiga sizdirganlikda gumonlanib ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: