“Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining quyidagilardan iborat respublikada kasbiy faoliyatni amalga oshirayotgan, ro‘yxatga olingan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi:
- “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va ularga sertifikat berish” axborot tizimi tarkibida “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish” quyi axborot tizimini ishlab chiqish;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifalari berish jarayonida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshirish;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining muntazam ravishda yangilanib boriladigan respublika hududlari bo‘yicha mutaxassislarning real vaqt tartibida taqsimlanishi, familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, ma’lumoti, mutaxassisligi, malaka oshirishi, ishga joylashtirilishi, kasbga oid staji, ilmiy darajasi, malaka toifasi va ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash hamda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ishonchli reytingini yaratish.
Belgilanishicha:
- ro‘yxatga olish tizimida qayd etilgan tibbiyot va (yoki) farmatsevtika xodimlariga davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ularning malaka toifasi amal qilish muddatiga mos ravishda beriladi;
- muayyan mutaxassislik bo‘yicha attestatsiyadan o‘ta olmagan va malaka toifasi berilmagan tibbiyot va farmatsevtika xodimi bir yil muddatga vaqtincha ro‘yxatga olinadi;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olish “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi;
- 2030 yil 1 yanvardan boshlab davlat ro‘yxatidan o‘tmagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
- 2024 yil yakuniga qadar “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va ularga sertifikat berish” axborot tizimi tarkibida “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uzluksiz kasbiy ta’limda sertifikat berish” quyi axborot tizimi ishlab chiqiladi;
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab Milliy platformada tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining elektron portfoliosi shakllantiriladi va ularga malaka oshirishning vaqti, joyi va shakli, o‘quv mavzularini tanlash imkoniyati yaratiladi, malaka oshirish kurslarining yagona reyestri shakllantiriladi, kasbiy rivojlantirish natijalari va o‘zlashtirilgan o‘quv dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi;
- malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslarining yagona reyestrini shakllantirish, malaka oshirish muassasalari, malaka oshirishning vaqti, joyi, shakli va o‘quv mavzularini mustaqil tanlash, elektron shaklda hujjat topshirish, onlayn ta’lim dasturlarni o‘zlashtirish, shaxsiy portfoliosini shakllantirish, sertifikat berish jarayonlari Milliy platforma orqali amalga oshiriladi.