Qozog‘iston Aqto‘be viloyati Algin rayoni hududida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolari jasadi vatanga qaytarildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, hukumat farmoyishi bilan favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya kecha, 4 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be viloyatiga yetib bordi.
Maxsus komissiya a’zolari Qozog‘iston Respublikasining mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashib, belgilangan tashkiliy va amaliy tadbirlarni hamkorlikda olib bordi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus bortida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan fuqarolar jasadi Qozog‘iston Respublikasidan 5 aprel kuni soat 03:00 larda Surxondaryo viloyatidagi Termiz xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Qozog‘iston Respublikasi mas’ul idoralari yuzaga kelgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarning O‘zbekistonga olib kelishda yaqindan ko‘maklashdi.
Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqaroning jasadi yashash manzillariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.