“Sun Eco Group” fevral oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini dunyodagi eng yirik va innovatsion quyosh komponentlarini ishlab chiqaruvchilardan biri deb tanishtirib, butun dunyo bo‘ylab fotovoltaik energiya ishlab chiqarish bazalarini qurayotgani va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini milliy tarmoqqa ulab daromad olishini ma’lum qilgan.
“Sun Eco” qurilish loyihasi katta mablag‘ talab qilgani uchun investorlardan pul yig‘ayotganini ta’kidlagan.
“Loyihada qatnashish va oddiy xodimga aylanish uchun 60 AQSh dollari kerak bo‘ladi, qatnashgandan keyin kunlik foyda esa 2 AQSh dollarini tashkil qiladi”, – deyiladi tarqatilgan xabarlarda.
Shundan keyin loyihaning bir nechta guruhlari ochilib, odamlar pul o‘tkazayotgani va kunlik daromadini ola boshlagani haqida xabarlar qo‘yib borilgan.
Investorlar uchun ochilgan Telegram-guruh adminlaridan biri, Anvar Hamdamov ismli shaxs “Sun Eco” kompaniyasi haqida ma’lumot berarkan, bu kompaniya 2020 yilda AQShning Kolorado shtatida tashkil etilgani, butun dunyo bo‘ylab quyosh mahsulotlari, quyosh energiyasi loyihalari bo‘yicha yetakchi global provayder hisoblanishini iddao qiladi.
Loyiha veb-saytiga kirilsa, Amerikaning “Sun Eco” kompaniyasi saytiga yo‘naltiriladigan havola va pul tikish yo‘riqnomasidan boshqa narsa yo‘qligini ko‘rish mumkin.
Shunisi aniqki, Amerikaning “Sun Eco” kompaniyasi O‘zbekiston bozorida shunday loyiha boshlayotgani borasida biror rasmiy ma’lumot yo‘q. Ular Amerika kompaniyasi nomidan foydalanayotganini taxmin qilish mumkin.
Guruh adminlaridan biri hatto O‘zbekiston hukumatining ko‘plab takliflaridan so‘ng kompaniya bozorga kirib, hukumat bilan 10 yil muddatga shartnoma imzolaganini ham aytgan.
Energetika vazirligi matbuot kotibining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bunday nomdagi kompaniya hukumat bilan shartnoma imzolamagan.
“Bu kompaniyaning vazirlikka umuman aloqasi yo‘q”, – deyiladi matbuot xizmati bergan izohda.
Bu loyihaning yana bir shubhali tomoni shundaki, investorlar mobil ilova orqali kriptovalutada pul tikishlari kerak.
Bundan tashqari, Telegram-kanaldagi postlardan birida kompaniya nomi avval “Oasis Group” bo‘lganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Telegram-kanal admini Anvar Hamdamov 3 aprel kuni YouTube'ga joylagan videoda ham “Sun Eco”ga pul tikish uchun ilovaga oasisps.com havolasi orqali kirish mumkinligini ko‘rsatgan.
Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda “powerbank ijarasi”dan daromad olish taklif etilayotgani va bu navbatdagi moliyaviy piramida bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Smartbolla” loyihasi ham muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Kompaniya bir qator mobil ilovalarni ishga tushirishini aytib, investorlardan pul yig‘gan, ammo bir necha yildan buyon bu loyihalarning hech biri ishga tushirilmagan.