Toshkentda bog‘cha tarbiyachisi bola bilan qo‘pol munosabatda bo‘lib, qo‘lini ko‘kartirib qo‘ydi

Jamiyat 10:48 / 03.04.2024 9163

Kun.uz’ga taqdim qilingan videoyozuvga ko‘ra, holat 27 mart sanasida sodir bo‘lgan. Toshkent shahri Yunusobod tumanining 414-sonli davlat bog‘chasida tarbiyachi qizaloqlardan biriga baqirib, u bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Xarxasha qilgan bolaga qarab, jim bo‘lishini, bo‘lmasa urushini aytgan. Pedagog bolaning qo‘lini siltashi oqibatida badanini ko‘kartirib qo‘ygan, buni tahririyatga yuborilgan rasmda ko‘rish mumkin.

“Men kameraning faqat 1 kun 3 soatlik yozuvini ko‘rdim. Shu 3 soat ichida bolam yig‘layotgani uchun 3 marta qo‘pol muomala qilgan, uni og‘ziga zo‘rlab shisha “butilka”ni tiqib qo‘ygan, “jim bo‘l, bo‘lmasa o‘ldiraman” degan. Bolam "urmang" deb baqirgan.

Bolalarga nisbatan yaxshi so‘z yo‘q, faqat baqirishgani, boshiga urishganini ko‘rdim. Uyda baland ovozda gapirishni boshlasam, quloqlarini yopib oladi. O‘zimni ayblagandim, ma’lum bo‘ldiki, bolamning ruhiyatini shu odam buzgan ekan. Farzandim hali 4 yoshga ham kirmadi, lekin juda kech gapira boshlayapti”,– deydi jabrlanuvchining onasi.

Ta’kidlanishicha, holat boshqa bolalar bilan ham doimiy takrorlanib keladi. Pedagog holatni onaga izohlarkan, so‘nggi paytlarda asablari buzilib ketganini, oilaviy muammolari borligini aytgan. Onaning muassasa rahbariyatiga murojaatidan so‘ng, u ishdan olingan.

Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi holatni o‘rganishi davomida tarbiyachi haqiqatan ham bolaga nisbatan nihoyatda qo‘pol, pedagog uchun xos bo‘lmagan munosabatda bo‘lganligi aniqlangan. 

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan bunday nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ymasligi zarurati ta’kidlanib, 29-mart kuni tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 

Hozirda holat Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: