Isroildan TsAHALning gumanitar kolonnaga hujumini tekshirish talab qilinmoqda

Jahon 11:50 / 03.04.2024 2939

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Isroilni G‘azo sektorida World Central Kitchen (WCK) yordam kolonnasiga TsAHAL hujumini tez va har tomonlama tekshirishga chaqirdi. Bu haqda Berbok 2 aprel, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan

«Isroil hukumati bu dahshatli voqeani zudlik bilan va har tomonlama tekshirishi kerak. Gumanitar xodimlar o‘zining muhim ishini butun dunyo bo‘ylab, shuningdek, G‘azo sektorida xavfsiz bajara olishi kerak. Biz Isroil hukumatini mojarolarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqiramiz. Bunday voqealar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deb yozgan Berbok. Polsha Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, halok bo‘lganlar orasida mamlakat fuqarosi borligini bildirib, zarbani «murosasiz» tekshirishga chaqirdi. 

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron isroillik hamkasbi bilan suhbatda G‘azo sektorida gumanitar tashkilotlar xodimlari, jumladan, uch Britaniya fuqarosining o‘limi «butunlay qabul qilib bo‘lmas holat» ekanini ta’kidladi. «Isroil bu qanday sodir bo‘lganini zudlik bilan tushuntirishi va joylarda gumanitar xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun katta o‘zgarishlar kiritishi kerak», - deb yozdi Kemeron. 

Oq uy matbuot kotibining aytishicha, AQSh ma’muriyati gumanitar xodimlarning o‘limi haqida xabar topib, «g‘azablangan» va Bayden «Isroilga gumanitar tashkilotlar xodimlari himoya qilinishi kerakligi haqidagi xabarni yetkazishga» va’da bergan. 

TsAHALning gumanitar karvonga zarbasi

WCK ma’lumotlariga ko‘ra, TsAHAL qo‘shinlari G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balaxdan janubda ularning karvoniga zarba berganida tashkilot yetti nafar a’zosi halok bo‘lgan. Avtomobillar dengiz orqali G‘azo sektoriga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini joyiga yetkazgandan so‘ng qaytib ketayotgan edi. Shu bilan birga, WCK kolonna harakati Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilganini ta’kidladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z videomurojaatida isroillik harbiylarning G‘azo sektorida begunoh odamlarga «beixtiyor» zarba berganini «fojiali voqea» deb atadi. «Bu urush paytida sodir bo‘ldi. Biz buni diqqat bilan o‘rganmoqdamiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumati bilan aloqadamiz va bu yana takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilamiz», - dedi Netanyahu.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: