Shimoliy Koreya Rossiyaga Quruqlikdagi qo‘shinlar Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari — general-polkovnik Kim Yon Bokni yubordi. Bu haqda Ukraina va Janubiy Koreyadagi yuqori martabali amaldorlarga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Qayd etilishicha, general KXDR qo‘shinlarining Rossiya armiyasiga integratsiyasi, shuningdek, Shimoliy Koreya askarlarini kelgusida hujumni kengaytirishga jalb qilish uchun jang maydonidan ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra Rossiyaga yuboriladigan Shimoliy koreyalik askarlar soni oxir-oqibat 100 ming kishiga yetishi mumkin. Kim Yon Bok jangovar harakatlarda ishtirok etmasligi taxmin qilinmoqda.
Avvallari ushbu general ommaga ko‘rinish beravermagan, chunki u qariyb 200 ming kishilik maxsus bo‘linmaga qo‘mondonlik qilgan. Bo‘linma vazifasi — Koreya yarimorolida urush boshlanib qolsa, maxfiy topshiriqlarni bajarishdan iborat.
Janubiy Koreya Mudofaa tahlili instituti xodimi Chon Gen Chjuning aytishicha, RF prezidenti Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifidan keyin Kim Yon Bok omma oldida ko‘proq chiqish qila boshlagan. KXDR rahbariyati ushbu qadamni Rossiyaga ishonchli shaxs frontga jo‘natilganini ko‘rsatish uchun qilgan.
«Shu paytgacha uning shaxsini yashirish uchun ko‘plab sabablar bor edi», — deya qo‘shimcha qiladi Chon.
General Kim Yon Bok karerasi davomida uzoq vaqt soyada qolib kelayotgandi. Yuqori martabali KXDR amaldorlari, jumladan, 680 nafardan ortiq rasmiy shaxslarga oid ma’lumotlarni o‘zi ichiga olgan Janubiy Koreya hukumati ma’lumotlar bazasida uning faqat ismi va lavozimi ko‘rsatilgan. Kim Yon Bokning yoshi, tug‘ilgan shahri va boshqa biografik ma’lumotlari hamon noma’lum.
AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy koreyalik askarlarning jangovar tarjibasi zamonaviy urush davomida KXDRga o‘zining harbiy taktikalarini yangilashiga xizmat qiladi. Rossiya qo‘shinlari ularni artilleriya, xandaqlarni tozalash va dronlar bilan ishlash kabi frontdagi asosiy ko‘nikmalarga o‘rgatmoqda.