Germaniyada Tesla zavodi qurilishiga qarshilar daraxtlardan tushishni xohlamayapti

Jahon 19:38 1703

Tesla’ning Berlin yaqinidagi zavodi kengaytirilishiga qarshi norozilik bildirayotgan faollar daraxtlardagi boshpanalaridan yerga tushishdan bosh tortmoqda. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib Spiegel xabar berdi.

Huquq-tartibot organlari 20 noyabrdan ularni daraxtdan olib tushishga tayyorgarlik ko‘radi. «Politsiyaning Tesla zavodi kengaytirilishiga qarshi norozilik aksiyasi ishtirokchilarini daraxtlardan olib tushish operatsiyasi bugun yarim kunga qadar qayta tiklanadi. Ayrim faollar hamon daraxt shoxlarida o‘tirib, o‘z lagerlari hududini tark etishdan bosh tortmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvaliga faollar lager hududining bir qismini faqat vaqtincha tark etishlari kerak edi. Bunga mazkur hududdagi eski portlovchi snaryadlar bor yoki yo‘qligini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo Gryunxayde rasmiylari chorshanba kuni «jamoat xavfsizligiga rioya qilmaslik va tartibni buzish» bahonasi bilan o‘rmonga kirishni butunlay taqiqlab qo‘ydi.

Ekofaollar Tesla zavodini kengaytirish uchun 100 gektardan ortiq o‘rmon maydonidagi daraxtlarning kesilishiga qarshilik bildirmoqda. Fevral oyida ular Berlin atrofida lager qurib, daraxtlarga chodirlar tikkan. Kuni kecha politsiya lagerlarni buzib tashlashni boshladi. Faollarning katta qismi huquq-tartibot organlari xodimlari paydo bo‘lishi bilan o‘z xohishiga ko‘ra o‘rmonni tark etgan, ammo ularning ayrimlari daraxtlardan tushishni istamagan.

Tesla Gryunxaydedagi zavodida elektromobillar ishlab chiqarishni yiliga yarim milliondan 1 millionga yetkazish niyatida. Ammo hozirga qadar 300 minglik ko‘rsatkichga erishilgan xolos. Amerikalik milliarder Ilon Maskning kompaniyasi 2022 yil martdan beri Gryunxaydeda elektromobil ishlab chiqarmoqda, u yerda 12 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi.

Ekologik va mahalliy aholi Tesla’ning rejalaridan xavotirda, chunki Gryunxaydedagi zavod qisman qo‘riqxona hududida joylashgan. Kompaniya yana yirik zavod binosini qurib, mavjud quvvatlarini optimallashtirish niyatida.

Ko‘proq yangiliklar: