Isroil prezidenti Itsxak Gersog 2 aprel, seshanba kuni World Central Kitchen (WCK) xayriya tashkiloti asoschisi Xose Andresga qo‘ng‘iroq qilib, Isroil mudofaa kuchlarining qasddan bo‘lmagan hujumi natijasida WCK yetti nafar xodimi fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. TsAHAL G‘azo sektoridagi gumanitar yordam karvoniga zarba bergan.
Andres bilan telefon orqali suhbatda Gersog «o‘zining chuqur qayg‘usini bildirdi va fojiali yo‘qotish uchun chin dildan kechirim so‘radi», deb xabar berdi Isroil prezidenti idorasi matbuot xizmati. Itsxak Gersog voqea atroflicha o‘rganilishiga va’da berdi. X mikroblogida e’lon qilingan bayonotda Isroil davlati rahbari Andresga xayriya tashkiloti isroilliklar va falastinliklarga ko‘rsatgan yordami uchun ham minnatdorchilik bildirdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z videomurojaatida isroillik harbiylarning G‘azo sektorida begunoh odamlarga «beixtiyor» zarba berganini «fojiali voqea» deb atadi. «Bu urush paytida sodir bo‘ldi. Biz buni diqqat bilan o‘rganmoqdamiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumati bilan aloqadamiz va bu yana takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilamiz», - dedi Netanyahu.
WCK ma’lumotlariga ko‘ra, TsAHAL qo‘shinlari G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balaxdan janubda ularning karvoniga zarba berganida tashkilot yetti nafar a’zosi halok bo‘lgan. Avtomobillar dengiz orqali G‘azo sektoriga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini joyiga yetkazgandan so‘ng qaytib ketayotgan edi. Shu bilan birga, WCK kolonna harakati Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilganini ta’kidladi.
Halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha va Britaniya fuqarolari, shuningdek, AQSh va Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan bir erkak va bir falastinlik bor.
WCK tashkiloti haqida
World Central Kitchen xayriya tashkiloti AQShda ispaniyalik mashhur oshpaz Xose Anders tomonidan 2010 yilda Haitidagi vayronkor zilziladan keyin tashkil etilgan. O‘shandan beri tashkilot butun dunyo bo‘ylab ofat hududlaridagi odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlab kelmoqda. Isroil armiyasiga ko‘ra, WCK 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS hujumidan keyin Isroilga yordam ko‘rsatgan dastlabki nodavlat tashkilotlardan biri bo‘lgan.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.