Urf-odatlarimiz, tilimiz, madaniyatimizni hurmat qiladiganlargina Rossiyada yashashi va ishlashi mumkin - Putin

Jahon 22:59 / 02.04.2024 14896

Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya siyosatiga yondashuvlarni tubdan yangilash zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda u Ichki ishlar vazirligining hay’at yig‘ilishida aytdi. 

«Migratsiya siyosatiga yondashuvlarimizni chuqur, tubdan yangilashimiz zarurligini allaqachon aytgandim», dedi u bu borada Ichki ishlar vazirligi, boshqa huquq-tartibot idoralari, razvedka xizmatlari, hukumat va prezident ma’muriyatiga ish olib borishni topshirdi. 

«Birinchidan, davlat va jamiyat manfaatlari va xavfsizligini ta’minlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni, madaniy va til o‘zligimizni saqlash zarur – bularning barchasi Rossiyaning kuchidir. Tamoyil shundan iboratki, faqat urf-odatlarimiz, tilimiz, madaniyatimiz, tariximizni hurmat qiladiganlargina Rossiyaga kelib yashashi va ishlashi mumkin», deb ta’kidladi Putin va bu tamoyil hal qiluvchi bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi. 

Davlat rahbarining fikricha, noqonuniy migratsiya ekstremistik faoliyat va jinoyatchilik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri zamindir. Putin ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha ishlar mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqada olib borilishi kerakligini ta’kidladi. 

«Krokus Siti Xoll»dagi teraktni izohlar ekan, Putin fojiadan Rossiyada milliy nafrat, ksenofobiya va islomofobiyani qo‘zg‘atish uchun foydalanishlarini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu teraktga buyruq berganlar va uning ijrochilarining asosiy maqsadi «mamlakatimizda nizo va vahima, nifoq va nafrat ekish, Rossiyani ichkaridan bo‘lib tashlash» edi. 

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Rossiya «Krokus Siti Xoll»dagi teraktga buyurtma berganlarni aniqlab oladi. 

«Hamma narsa oson sotiladi: har qanday ma’lumotni sotib olish va sotish mumkin, shuning uchun biz buyurtmachilarni albatta topamiz», deb qo‘shimcha qildi Putin. 

O‘z navbatida, IIV rahbari Vladimir Kolokolsev axborot tizimlari yordamida 2023 yilda xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan 2400 ga yaqin jinoyat fosh etilganiga e’tibor qaratdi. Kolokolsev so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyadan chiqarib yuborilgan va deportatsiya qilingan xorijliklar soni 65 foizga oshib, 108 ming 500 nafarni tashkil etgan. IIV rahbari o‘tgan yili noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq 92 foizga ko‘p faktlar aniqlanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘tgan yili xorijliklarning qotillik jinoyatlari 18 foizga, o‘g‘irliklar 14 foizga va talonchilik 32 foizga kamaygan.

Ko‘proq yangiliklar: