Ukraina Rossiyaning eng qimmat dronlaridan birini urib tushirganini ma’lum qildi

Jahon 08:40 / 02.04.2024 16170

Ukraina harbiylari Rossiyaning «Forpost» hujumkor-razvedkachi uchuvchisiz uchish apparatini (UUA) yo‘q qildi, deb xabar berdi «Yug» havo qo‘mondonligi Facebook’da 1 aprel, dushanba kuni. Dron Qora dengiz akvatoriyasida Odessa zenit-raketa brigadasi tomonidan urib tushirilgan. 

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi spikeri Ilya Yevlash Ukraina telemafonida «Forpost» uchuvchisiz uchog‘i RF QKda xizmatda bo‘lgan eng qimmat qurilmalardan biri ekanini, uning narxi 7 million dollarga baholanishini aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ancha katta dron bo‘lib, u razvedka ishlarini olib borishi, shuningdek, yerdagi nishonlarni urish uchun ikkita raketa yoki boshqa qurol ko‘rinishidagi qo‘shimcha jangovar yukni olib yurishi mumkin.

Rossiya armiyasi razvedkachi dronlardan faol foydalanmoqda 

Ukraina janubi mudofaa kuchlari matbuot kotibi Natalya Gumenyukning aytishicha, Rossiya harbiylari A-50 uzoq masofaga uchuvchi radiolokatsion razvedka samolyotlari yetishmasligini qoplash uchun razvedkachi dronlardan tobora ko‘proq foydalana boshlagan. 

«Agar o‘tgan kun davomida biz Odessa viloyatidan Zaporijjyagacha bo‘lgan mas’uliyat zonamizda 200 dan ortiq razvedka uchuvchisiz uchoqlarini kuzatgan bo‘lsak, bugungi kunda ular biroz kamroq edi. Ammo dushman razvedka ishlarini davom ettirmoqda va aniqki, havoda A-50’ning o‘rnini aynan shu tarzda qoplash kerak», dedi u telemarafonda. 

Zelenskiy: Dronlar urushda «hal qiluvchi so‘zlardan birini» aytadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy vatandoshlariga kechki videomurojaatida mamlakatda dron ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

«Urush talab qiladigan narsani harbiy-sanoat kompleksimiz ishlab chiqarishi kerak - qancha kerak bo‘lsa, shuncha, o‘z vaqtida, kerak bo‘lganda. Shubhasiz, bu urushda dronlar g‘alaba uchun hal qiluvchi so‘zlardan birini aytadi va bu Ukraina so‘zi, Ukraina dronlari, Ukraina g‘alabasi bo‘lishi kerak», dedi Zelenskiy.

Ko‘proq yangiliklar: