Suriyada o‘ldirilgan eronlik generallar va Moskvadagi teraktda yangi gumondor - kun dayjesti

Jahon 12:58 / 02.04.2024 16476

O‘tgan kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan endi kunduz kunlari tanishtirib boramiz.

Eron konsulligiga zarba

Isroil harbiylari Eronning Damashq shahridagi konsulligiga aviazarba yo‘lladi. Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti a’zosi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida muhim harbiy arbob, general Muhammadrizo Zohidiy hamda uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy ham bor.

Eron davlat televideniyesiga ko‘ra, hodisa joyida eronlik bir qancha diplomat ham halok bo‘lgan va yana bir necha kishi yaralangan.

Eronning Suriyadagi elchixonasi ham konsullik yaqinida joylashgan va Eron elchisiga ziyon yetmagan.

BMTning rasmiy vakili Stiven Dyujarrik isroilliklarning Eron konsulligiga bergan zarbasidan tashvishga tushganini bildirgan.

Eronning BMTdagi missiyasi Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga berilgan zarbasini terakt deb atagan. Isroilning bu zarbasiga qat’iy javob qaytarish huquqini Eron o‘zida qoldiradi, degan mamlakatning BMTdagi missiyasi.

Isroil harbiylari holat yuzasidan izoh bermagan.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi «Ash-Shifo» kasalxonasini tark etdi. Harbiylarning 14 kunlik qamalidan so‘ng, bu tibbiyot muassasasi to‘liq vayrona holatga kelgan. Isroil harbiylari kasalxonaning ko‘plab bo‘limlarini tibbiyot uskunalari bilan birga yoqib yuborishgan. «Ash-Shifo» hovlisidagi vaqtinchalik qabristondan o‘liklar chiqarib tashlangan.

Ushbu tasvirlardagi Rafiq ismli bolakay «Ash-Shifo» qamalini och-nahor o‘tkazgan.

Tibbiyot majmuasi atrofida Isroil askarlariga qarshi kurash olib borayotgan «Izzad-din al-Qassam» brigadasi shunday xabar bergan:

«Agar Netanyahu bolalarimizni o‘ldirib va ochlik bilan qiynab bizni tanlagan yo‘limizdan voz kechadi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, unda u chindan ham muvaffaqiyatsizlikka uchrab, yutqazibdi. Biz o‘g‘illarimiz va oilalarimizning qoni uchun qasos olamiz».

Falastindagi kelishmovchiliklar

HAMAS G‘arbiy Sohildagi hukmron raqobatchi partiya — FATHni Isroil bilan hamkorlikda ayblagan. Hamaschilarning iddaosiga ko‘ra, FATH o‘z xavfsizlik xizmati xodimlarini G‘azo sektorining shimoliy qismiga insonparvarlik yuklarini kuzatib borish uchun jo‘natgan.

HAMASning G‘azo ichki ishlar vazirligidagi yuqori martabali vakilining so‘zlariga ko‘ra, operatsiya Falastin ma’muriyati razvedkasi rahbari Majid Faraj rahbarligi ostida o‘tkazilgan.

HAMAS xabariga ko‘ra, Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali yuk mashinalari bilan kirgan guruhning  olti nafar a’zosi hibsga olingan, politsiya kuchlari qolgan a’zolarni qidirmoqda.

«Qizil yarimoy jamiyati yuk mashinalari bilan kirgan shubhali kuchishlatarlar o‘z harakatini to‘liq Isroil okkupatsion kuchlari bilan muvofiqlashtirib turgan», — degan HAMAS vakili.

Falastin ma’muriyati vakili bu ayblovlarni rad etgan.

Eron ham teraktdan xabardor bo‘lgan

Eron «Krokus»da voqealaridan avval Rossiyani terakt ehtimolidan ogohlantirgan, deb xabar beradi Reuters.

Rossiyadagi teraktgacha bir necha kun avval Tehron Rossiya ichkarisida yirik terrorchilik akti sodir etilishi to‘g‘risidagi axborotni Moskva bilan bo‘lishgan. Bu axborot 3 yanvar kuni Eronning Kirmon shahrida sodir etilgan teraktga aloqador shaxslarni tergov qilish jarayonida olingan, degan nashr manbalaridan biri.

Ikkinchi manbaga ko‘ra, Tehron tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga vaqt va aniq nishon borasida muayyan tafsilotlar bo‘lmagan.

Uchinchi manba so‘zlariga ko‘ra, Eron yillar osha terrorchilik aktlari qurboni bo‘lib kelayotgani bois, forslar hibsga olingan terrorchilardan olingan ma’lumotlar asosida Moskvani ogohlantirib qo‘yish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajargan.

Teraktning o‘ninchi gumondori

Moskvadagi Basmanniy rayon sudi «Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha o‘ninchi ayblanuvchini sudgacha qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.

Tojikiston fuqarosi bo‘lgan gumondor Yoqubjon Davlatxon Yusufzodani tergov hujumga bilvosita aloqador deb hisoblamoqda.

Sud majlisi yopiq rejimda o‘tgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yoqubjon Yusufzoda teraktga aloqadorlarning biriga terrorchilik aktini amalga oshirganlikda gumon qilinayotganlar yashab turishi uchun o‘z bank kartasidan mablag‘ o‘tkazib bergan. Mablag‘ning bir qismini u teraktdan bir necha kun avval, qolgan qismini teraktdan so‘ng o‘tkazgan. Yoqubjon 25 yoshda, uylangan, uch nafar farzandi bor. Ushlangunga qadar Moskvadagi qurilishlardan birida noqonuniy mehnat qilib kelgan.

Basmanniy rayon sudi avvalroq teraktda bevosita ishtirok etgan to‘rt kishi, so‘ngra ularga avtomobil sotgan oila a’zolari, terakt gumondorlariga kvartirasini ijaraga bergan qirg‘izistonlik Alisher Qosimov, yana bir gumondor Lutfulloi Nazrimadni 22 mayga qadar sudgacha qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargandi.

Ukrainadagi urush

Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan buyon eng yirik tank hujumini amalga oshirmoqchi bo‘ldi va mag‘lubiyatga uchradi, deb yozadi Forbes nashri.

Rossiya armiyasi 30 mart kuni 36 ta tank va 12 ta piyodalar jangovar mashinasi bilan Avdiyivka yaqinida ukrainlar pozitsiyasini yorib o‘tishga uringan. Jang Rossiya tomonidan ishg‘ol etilgan Donetsk oblastidagi Tonenke qishlog‘i va Ukraina nazorati ostida bo‘lgan Umanske aholi punkti oralig‘ida sodir bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlarining 25-brigadasi 48 ta jangovar texnikadan iborat yirik kolonnani payqab qolib, unga zarba bergan. Natijada Rossiya qo‘shinlari 12 ta tanki va sakkizta piyodalar jangovar mashinasidan ayrilgan.

Forbes bundan ikkita xulosa chiqargan: Avdiyivka uchun janglarda ko‘plab texnikalaridan ayrilib, g‘arbga tomon yurishda piyodalardan foydalanayotgan Rossiya yana zirhli texnikadan foydalanishni boshlagan. Ukraina armiyasi esa o‘q-dori yetishmovchiligiga qaramay, qat’iy mudofaani ta’minlay olmoqda. Ular minalar, artilleriya, tanklarga qarshi raketalar va dronlardan birgalikda foydalanib natijaga erishmoqda.

Rossiya armiyasi Tonenke qishlog‘i yaqinida ulkan yo‘qotishlarga uchraganini rossiyalik harbiy muxbirlar ham tasdiqlagan. Ulardan biri sodir bo‘lgan voqeada qanday qilib bo‘lsa-da, natijaga erishishni maqsad qilgan «u qadar savodli bo‘lmagan qo‘mondonlik»ni ayblagan. «Bosh maqsad generallik rutbasi bo‘lib, qolgan barcha narsa, jumladan, insonlar hayotini asrash keyingi planga o‘tib qolsa shunday falokat sodir bo‘ladi», — deb yozgan harbiy muxbirlardan biri.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya 2024 yil martida janglarda 28 mingdan oshiq askari va 5 mingdan ziyod texnikasidan ayrilgan.

«Tolibon» Rossiyada oqlanadimi?

Rossiya toliblarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga tayyorlanmoqda.

Rossiya hukumati «Tolibon» harakati bilan bog‘liq tushunmovchiliklarga nuqta qo‘ymoqchi: harakat Rossiyada terrorchilar deb topilgan va taqiqlangan, biroq mamlakat rasmiy shaxslari toliblarning vakillari bilan jumladan oliy darajada faol aloqa qilishmoqda. Shu bois, hukumat «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish haqida o‘ylab ko‘rmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu masala ayni damda Adliya vazirligi bilan ishlab chiqilayotganini bildirib, yakuniy qarorni mamlakat rahbariyati chiqarishiga urg‘u bergan, deb yozadi TASS.

Avvalroq Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov «Tolibon» delegatsiyasi 14–19 may kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan «Rossiya — Islom dunyosi» forumiga taklif etilganini xabar qilgandi.

Uning alohida qayd etishicha, jangarilar tomonidan shakllantirilgan hukumat Rossiya bilan «aksilterrorchilik» yo‘nalishida muntazam hamkorlik qilib kelmoqda.

Rossiya Oliy sudi «Tolibon» harakatini 2003 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi qaroridan so‘ng terrorchilik tashkiloti, deb tan olgandi. Shundan so‘ng jangarilar 2021 yil avgustida mamlakatni AQSh harbiylari tark etgach, Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu borada fikr bildirar ekan, toliblarni avval BMT terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishi kerakligiga shama qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: