Rossiya josusligi sababli Avstriyada milliy xavfsizlik kengashi chaqiriladi

Jahon 14:59 / 02.04.2024 4220

Avstriya kansleri Karl Nexammer Konstitutsiyani himoya qilish va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha federal idora (BVT) sobiq xodimi Egisto Ott Rossiya Federatsiyasi foydasiga josuslikda gumonlanib ushlanganidan keyin milliy xavfsizlik kengashini chaqirtirdi. Bu haqda 1 aprel, dushanba kuni dpa agentligi xabar berdi. 

«Rossiya josuslik tarmoqlari siyosiy partiyalar yoki birlashmalarga kirib borish yoki ularni ekspluatatsiya qilish orqali mamlakatimizga tahdid solmoqda», dedi kansler. Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi 9 aprelga belgilangan. 

«Josuslik bo‘yicha jiddiy ayblovlar bor. Bir tomondan, bu ayblovlar sud tomonidan aniqlashtirilishi kerak, ikkinchi tomondan, bu ayblovlarning Avstriyadagi xavfsizlik holatiga ta’sirini baholash va tushunish zarur. Shuning uchun 9 aprel kuni men milliy xavfsizlik kengashini chaqirtiraman», - deb yozdi Nexammer X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Rossiyaga josuslikda gumonlangan maxsus xizmat sobiq xodimining ushlanishi

Egisto Ottning qo‘lga olingani mart oyi oxirida ma’lum bo‘ldi. U o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda va Avstriya manfaatlariga ziyon yetkazuvchi maxfiy razvedka ishlarini olib borganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar bermoqda huquq-tartibot idoralari. Der Standard gazetasining yozishicha, Ott, xususan, Avstriya Ichki ishlar vazirligining uch nafar yuqori martabali amaldori telefonlaridan ma’lumotlarni Rossiya «FSB»ga uzatganlikda gumon qilinmoqda. 

Ushbu ma’lumotlar 2022 yilning yozida ko‘p yillar davomida Avstriya Ichki ishlar vazirligi rahbari ofisiga rahbarlik qilgan Mixael Kloybmyuller, Federal politsiya direktori Mixael Takach hamda Immigratsiya bo‘yicha federal idora boshlig‘i bo‘lgan Gernot Mayyer qurilmalaridan o‘g‘irlangan. 

Mart oyi boshida sobiq razvedkachining ismi Der Spiegel va The Insider nashrlarining Wirecard moliyaviy kompaniyasi sobiq direktori Yan Marsalek haqidagi surishtiruvida paydo bo‘ldi. U, OAV xabarlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida Rossiya maxsus xizmatlari uchun ishlagan. Jurnalistlar so‘zlariga ko‘ra, Ott Marsalekka Rossiya razvedka xizmatlari uchun josuslik bo‘limi yaratishda yordam bergan, shuningdek, rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning «FSB» xodimlari tomonidan zaharlanishi bo‘yicha surishtiruvni chop etganidan so‘ng jurnalist Xristo Grozevni kuzatishda yordam bergan.

Ko‘proq yangiliklar: