Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning ikki generali Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Xoja Rahimiy Isroil tomonidan Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi yaqinida uyushtirilgan havo hujumida halok bo‘ldi. Bu haqda 1 aprel kuni Eron OAV korpus matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. Ulardan tashqari korpusning yana besh zobiti halok bo‘lgan.
Zohidiy 2006 yildan 2009 yilgacha korpus quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lgan, 2017 yildan buyon korpus operatsiyalariga rahbarlik qilgan. Suriya inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashining xabar berishicha, umumiy hisobda zarba oqibatida o‘n bir kishi halok bo‘lgan va yana bir necha kishi jarohatlangan. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, hujum konsullik binosiga tutash binoga amalga oshirilgan. Natijada bino butunlay vayron bo‘lgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyonning aytishicha, Tehron hujum uchun Isroilni javobgar deb biladi. Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba berish «barcha xalqaro konvensiyalarni buzishdir», dedi Abdullohiyon. Isroil harbiylari bu xabarlarga izoh bermasligini aytdi.
Reuters eslatishicha, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan HAMAS guruhi tomonidan 7 oktyabr kuni Isroilga qilingan hujumdan so‘ng TsAHAL Suriyada Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangchilarga qarshi havo hujumlarini kuchaytirdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.