Adidas Germaniya milliy jamoasi futbolkalaridan 44-raqamni olib tashladi

Jahon 12:22 / 02.04.2024 6067

Sport buyumlari ishlab chiqaruvchi Adidas kompaniyasi va Germaniya futbol ittifoqi (DFB) Germaniya milliy jamoasining Yevro-2024 uchun yangi libosidagi 44-raqam dizayni haqidagi tanqidlarga javob qaytardi va uni sotuvdan olib tashlash orqali tegishli tuzatishlar kiritdi. Bu haqda dpa agentligi 1 aprel, dushanba kuni Bild nashriga tayanib, tanqid sababini aniqlagan holda ma’lum qildi: futbolkaning orqa tomonidagi 44-raqam Germaniyada milliy-sotsializm davridagi SS (Schutzstaffel – SS) ramzini eslatadi. Mart oyining oxirida jurnalist Tobias Xux X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu o‘xshashlikka e’tibor qaratdi.

Nemis ommaviy axborot vositalarining aniqlik kiritishicha, futbolkani sotish jarayonida «fyurer» va «Hitler» so‘zlarini qo‘shish ham taqiqlangan. 1 aprel kuni tushdan keyin rasmiy Adidas onlayn-do‘konida shaxsiy ism va raqam bilan formalarni shaxsiylashtirish imkoni bo‘lmadi, DFB esa o‘zining onlayn-do‘koniga 44-raqam bilan buyurtma qilingan kombinatsiyalarni yetkazib berishni to‘xtatdi. «Bu bizning shaxsiylashtirish qoidalarimizga mos kelmaydi. Iltimos, boshqa narsani sinab ko‘ring», degan yozuv Adidas do‘koni veb-saytida mahsulot tanlash vaqtida paydo bo‘ldi. 

«DFB va uning hamkori - 11teamspors - nomlar va raqamlar dizayni uchun javobgardir», dedi Adidas vakili Oliver Bryuggen dpa nashriga. U sport tovarlari ishlab chiqaruvchisi «ksenofobiya, antisemitizm, zo‘ravonlik va har qanday shakldagi nafratga qarshi turishini» ta’kidladi hamda «bo‘linuvchi yoki chekka qarashlarni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday urinish brend sifatida qadriyatlarimizga kirmaydi», deb qo‘shimcha qildi. 

Germaniya Yevro-2024da pushti-binafsha ranglarda o‘ynaydi

Germaniya futbol ittifoqi mart oyi o‘rtalarida milliy jamoaning yangi libosini taqdim etdi. Asosiy bo‘lib qolayotgan an’anaviy oq rangdan farqli o‘laroq, yangi pushti-binafsha rangdagi mehmon to‘plami, DFB ma’lumotlariga ko‘ra, nemis muxlislarining yangi avlodi hissiyotlariga ko‘proq mos keladi. Yangi dizayn 2024 yil 14 iyundan 14 iyulgacha Germaniyaning o‘nta shahrida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha bo‘lajak Yevropa chempionati uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Germaniya milliy jamoasi muxlislari yangi libosni xarid qilishi mumkin: bolalar uchun pushti-binafsha rangli futbolka 75 yevro va undan yuqori turadi, kattalar uchun eng arzon variant esa 100 yevroga tushadi. 

Ko‘proq yangiliklar: