Turkmaniston prezidenti «Qadr kechasi» munosabati bilan 356 nafar mahbusni afv etdi

Jahon 18:41 / 01.04.2024 5538

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Ramazon oyidagi «Qadr kechasi» munosabati bilan 356 nafar mahbusni afv etdi. Prezident farmonida jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, biroq qilmishidan pushaymon bo‘lib, chin dildan tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolar ozodlikka chiqarilishi aytilgan. 

Shahar va tuman hokimliklari rahbarlariga afv etilgan Turkmaniston fuqarolarini ishga joylashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

Serdar Berdimuhamedov tez orada qamoqxonani tark etuvchi fuqarolarga «vijdonan mehnat qilib, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarda ishtirok etish, Vatanga sidqidildan xizmat qilish, o‘z mehnati samarasidan bahramand bo‘lib yashashni» tiladi. 

Turkmanistonda mahbuslarni afv etish tadbirlari muntazam ravishda o‘tkaziladi. Prezident odatda «Qadr kechasi», Betaraflik va Mustaqillik kunlarini nishonlash arafasida tegishli farmonlarni imzolaydi. Qayd qilinishicha, shu tariqa, so‘nggi bir necha yil ichida respublikaning 20 mingdan ortiq muqaddam sudlangan fuqarolari ozod etilgan. 

Ramazon oyining «Qadr kechasi» Islom olamida alohida qadrlanadi va odatda ro‘zaning 27-kuni (bu yil 5 apreldan 6 aprelga o‘tar kechasi) nishonlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: