Turkiyaning muhim shaharlari, jumladan Istanbul, Anqara va Izmirda mer saylovlarida muxolifatdagi Xalq-respublika partiyasi (XRP) nomzodlari yetakchilik qilmoqda. Bu haqda turk OAV 31 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning dastlabki natijalariga tayanib xabar berdi.
Daily Sabah gazetasining yozishicha, muxolifatdan bo‘lgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li byulletenlarning 99,86 foizi sanab chiqilgach, 51,05 foiz ovoz to‘pladi. Ikkinchi o‘rinda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) nomzodi Murat Kurum 39,6 foiz ovoz bilan.
Anqarada saylov byulletenlarining 99,66 foizi qayta ishlangach, 60,34 foiz ovoz bilan amaldagi mer, muxolifatchi Mansur Yavash yetakchilik qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Uning asosiy raqibi, ATP vakili Turg‘ut Oltinok 31,73 foiz ovoz to‘pladi.
Izmirdagi saylovlarda, byulletenlarning 99,09 foizi qayta ishlangach, muxolifat vakili Jyemil Tugay 48,88 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi. Agar u g‘alaba qozonsa, shahar meri lavozimida partiyadoshi Tunch Soyyerni almashtiradi. ATP nomzodi Hamza Dag 37,11 foiz ovoz oldi.
Imomo‘g‘li, Yavash va To‘gay mansub bo‘lgan XRP nomzodlari mamlakat bo‘ylab 20 dan ortiq viloyatda umumiy dastlabki o‘rinlarda. Turkiyada munitsipal saylovlarda saylovchilarning ishtiroki 78,4 foizni tashkil etdi.
Istanbul meri saylovda g‘alaba qozonganini e’lon qildi
60 milliondan ortiq Turkiya fuqarolari merlar va boshqa munitsipal siyosatchilar saylovida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Ovoz berish 20 yillik hokimiyatdan so‘ng o‘tgan yili qayta saylangan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning saylovchilar o‘rtasidagi mashhurligi sinovi sifatida ko‘rilmoqda.
Imomo‘g‘lining Istanbul merligi saylovlarida g‘alaba qozonishi uning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘anning ehtimoliy raqibi sifatidagi mavqeyini mustahkamlashi kutilmoqda. Imomo‘g‘li allaqachon shahar rahbari etib qayta saylanganini ma’lum qilgan. «Biz milliondan ortiq ovoz bilan birinchi o‘rindamiz... Saylovda g‘alaba qozondik», dedi u jurnalistlarga.