Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba berildi, eronlik generallar halok bo‘lgan

Jahon 22:58 / 01.04.2024 23343

Qurbonlar orasida — korpus brigada generali Muhammadrizo Zohidiy hamda uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy ham bor.

Suriya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil samolyotlari mahalliy vaqt bilan 1 aprel kuni taxminan soat 17:00 da Jo‘lan tepaliklari tomondan konsulxona binosiga zarba yo‘llagan. Suriya havo hujumidan himoya vositalari raketalarning bir qismini urib tushirgan, deb qo‘shimcha qilgan vazirlik.

Zarba oqibatida eronlik harbiylardan tashqari Suriyaning uch va Livanning bir fuqarosi ham halok bo‘lgan.

Isroillik harbiylar bu xabarlarga izoh bermasligini bildirgan.

Suriya tashqi ishlar vaziri Feyzal Mekdad voqea joyiga tashrif buyurgan

Zarba oqibatida konsulxona binosi to‘liq vayron bo‘lgan. Ayni vaqtda voqea joyida xarobalarni tozalash va jabrlanganlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Eron TIV vakili Nosir Kanaaniy Damashq bo‘ylab zarba yo‘llagan «agressorlar»ga qarshi qat’iy javob qaytarish huquqini Tehron o‘zida qoldirishini ma’lum qilgan.

BBC xalqaro sharhlovchisi Jyeremi Bouenning fikricha, Isroil shu tariqa eronliklar va ularning ittifoqchilari, Livan hududida turib Isroil shimoliga zarbalar berayotgan «Hizbulloh» guruhining qat’iyatini sinab ko‘rmoqda.

«Bu isroilliklarning o‘z dushmanlariga bosimni kuchaytirishga jiddiy yondashayotgani va Eron ham, «Hizbulloh» ham kutilganidek qat’iy choralar ko‘rmayotgani faktini qanday baholayotgani haqidagi signaldir», — deya yozgan Bouen.

Uning fikricha, katta ehtimol bilan javob bo‘ladi, ammo bu u qadar yaqqol bo‘lmaydi, masalan, Isroil raketalar uchirilishi o‘rniga kiberhujumlarga yo‘liqishi mumkin.

7 oktyabr kuni HAMAS Isroilga hujum qilganidan so‘ng, Suriya va Eron ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlagandi. Isroil Suriyadagi «Hizbulloh» jangarilariga qarshi havo hujumlarini kuchaytirdi. 20 yanvar kuni Damashq tumanlaridan biriga berilgan raketa zarbasi chog‘ida Eronning Suriyadagi razvedka boshqarmasi boshlig‘i va yana to‘rt nafar a’zosi halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Eron hujumda Isroilni ayblagandi.

Foto: Reuters

General Zohidiy kim edi?

Brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy Islom inqilobi muhofizlari korpusidagi muhim shaxslardan edi. Zohidiy 2006 yildan 2009 yilgacha korpusning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lgan, 2017 yildan korpus operatsiyalariga rahbarlik qilgan.

U korpus safiga 44 yil muqaddam a’zo bo‘lib kirgan, 2008-2016 yillarda Suriya va Livandagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan, Bashar Asad rejimi tomonida turib jang qilgan hamda shu vaqt oralig‘ida yuqori harbiy martabaga ko‘tarilgan.

Eron davlat televideniyesi uni Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» nomli maxsus topshriqli kuchlari katta qo‘mondoni deb atagan.

Eron nashrlari ushbu general «Hizbulloh» shajarasidagi ikkinchi odam, 2008 yilda avtomobilidagi portlash oqibatida halok bo‘lgan Imad Mugniya bilan tushgan suratini tarqatgan.

General Zohidiy Eron yadro dasturiga aloqadorligi tufayli BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari ostida edi.

Ko‘proq yangiliklar: