«Siti» «Arsenal»ga yana gol urolmadi, APLda poyga qizimoqda. Kun o‘yinlari

Sport 12:34 / 01.04.2024 13068

Angliya: Salohning sevimli raqibi

«Liverpul» — «Brayton» 2:1
Gollar:
Dias (27), Saloh (65) — Uelbek (2).
«Liverpul» – Kelleher, Bredli, van Deyk, Kuansa, Gomes, Endo, Soboslai, Mak Allister, Saloh, Dias (Gakpo, 89), Nunes (Elliott, 83).
«Brayton» – Verbryuggen, Veltman, Dank, van Hekke, Estupinyan (Barko, 90), Lempti (Buonanotte, 70), Gross, Moder (Lallana, 83), Baleba, Adengra (Fergyuson, 83), Uelbek.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (14), Gross (20), Uelbek (48), van Deyk (50), Gomes (58), van Hekke (71), Endo (88), Gakpo (90+4).

«Liverpul»ning «Brayton»ga qarshi o‘yiniga faqatgina chempionlik poygasidagi muhim o‘yin sifatida qaralgani yo‘q. Gap shundaki, «chaykalar» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi Yurgen Kloppning o‘rinbosari sifatida ko‘rilmoqda va «Enfild»da uning hozirgi jamoasi ancha dadil boshladi. Tezkor hujumda van Deyk jarima maydoni ichida kurashni boy berdi va Uelbek Kelleherga imkoniyat qoldirmadi. Mehmonlar shundan keyin ham qizillar bosimini yengib o‘tgan holda o‘z baxtini raqib darvozasi atrofidan izlashda davom etdi.

Biroq mezbonlar to‘liq ustunlikka ega bo‘lishdi va birinchi bo‘limning o‘zida javob golini urishdi. Bunda jamoaning omadi ham keldi, to‘p himoyachi orqali borgani uchun ofsayd holatidagi Diasning goli inobatga olindi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Mak Allisterning mahorati g‘alabani ta’minladi. Avvaliga argentinalik yarimhimoyachi sobiq jamoasi darvozasiga yo‘llagan zarba ustun yonidan o‘tib ketdi, keyinroq Salohni golli pas bilan ta’minladi.

«Brayton» — misrlik futbolchining sevimli jamoasi bo‘lib qolmoqda. U ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarda 9 gol urgan va 6 golga uzatma bergan. O‘ninchi golni ham urishga yaqin kelgandi, ammo Verbryuggen uning murakkab zarbasini olib chiqishga erishdi va intriga so‘nggi soniyalarga qadar saqlanib qoldi. Qolgan vaqt davomida mezbonlar qator yoqimsiz pallalarni boshdan kechirishdi, goh mehmonlarning zarbalariga biroz aniqlik yetishmadi, goh zarbalarni Kelleher qaytardi. Asosiysi — «Liverpul» birinchi o‘ringa ko‘tarildi va «Manchester Siti» va «Arsenal» o‘rtasidagi to‘qnashuvni xotirjam kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

Londonliklar himoyalanish bo‘yicha master-klass o‘tishdi

«Manchester Siti» — «Arsenal» 0:0
«Manchester Siti» – Ortega, Akanji, Ake (Lyuis, 27), Diash, Gvardiol, Bernardu Silva, Foden (Doku, 61), Kovachich (Grilish, 61), de Bryuyne, Rodri, Holand.
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Kivior (Tomiyasu, 66), Jorjinio (Parti, 66), Edegor, Rays, Haverts, Saka (Martinelli, 78), Gabriel Jyezus (Trossar, 72).
Ogohlantirishlar: Jyezus (67), Rayya (79).

«Siti»ning «Arsenal»ga qarshi o‘yini — Yevropada dam olish kunlaridagi markaziy uchrashuv edi. Mezbonlar 2016 yil mayidan buyon, ya’ni Gvardiola davrida ushbu raqibga qarshi o‘z maydonidagi o‘yinlarda umuman ochko yo‘qotmagandi. Ammo bu mavsumda «Siti» o‘tgan mavsumdagi kabi yengilmas bo‘lib ko‘rinmayapti, natijada g‘alabali seriyaga ham yakun yasaldi.

Birinchi bo‘lim kutilganidan zerikarliroq kechdi. «Siti» o‘yinni nazorat qilish uchun to‘pga egalik rejimini yoqdi. Ammo to‘pga egalik qilish naf keltirmasdi. «Arsenal» maydonning uchinchi qismiga tig‘iz joylashdi. Hujum qanoti vakillari sifatida tushgan Saka va Jyezus to‘psiz holatlarda mudofaa chizig‘i yaqinida joylashdi.

«Arsenal» deyarli ideal darajada himoyalandi. Shu bilan birga, bu o‘z jarima maydoni atrofida «avtobus» qo‘yish emasdi. «Kanonirlar» o‘z pressingi va butun jamoa bo‘lib oldinga chiqishi va qaytishi bilan «Siti»ning hujum boshlashini maksimal darajada qiyinlashtirdi. «Arsenal» hududiga yetib borish va u yerda uchun joylashish uchun mezbonlar juda ko‘p vaqt sarflashdi va ko‘plab ortiqcha uzatmalar amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. 

Butun bo‘lim davomida «Siti» atigi bitta normal zarba berdi: lekin Natan Akening burchak to‘pi ijro etilganida yo‘llagan zarbasi darvozabonga bordi. Bu «Siti» uchun anomal vaziyat va bu aynan Artetaning taktikasi tufayli shunday bo‘ldi, mehmonlarning qarshi hujumlari xavfliroq tus oldi. Mehmonlarning birinchi bo‘limdagi Jyezusning zarbasi bilan yakunlangan eng xavfli hujumida ikki qanot himoyachilari Ben Uayt va Yakub Kivior faol ishtirok etishgani ham ular tomonidan hech qanday «avtobus» qo‘yilmaganini ko‘rsatadi.

O‘yinda yana bir muhim jihat bor edi: «Arsenal» futbolchilari haddan tashqari xotirjamlik va o‘ziga ishonch bilan o‘ynadi. Lozim topilganda fol qilishdan (tartib bilan va ogohlantirishga tortmaydigan ko‘rinishda) va vaqt cho‘zishdan uyalishmadi, bu orqali «Siti»ga o‘z tempi va o‘yin ritmini topib olishga to‘sqinlik qilishdi.

Qolaversa, «Siti»da himoyachilar muammosi davom etdi. Bu tur arafasida Uoker va Stounz safdan chiqqandi, o‘yinning birinchi bo‘limida esa Ake ham jarohat oldi. U maydonni oqsoqlanib tark etdi, o‘rniga Riko Lyuis chiqdi. Ikkinchi bo‘limda «Siti»dan nisbatan faollashish kutilgandi, ammo tanaffusdan keyingi ilk xavfli vaziyat «Arsenal» ijrosida bo‘ldi. Saka o‘ng qanotdan to‘pni yerlatib uzatdi, ammo Jyezus unga yeta olmadi.

Gvardiola bir soat davomida umuman tavakkalchilik qilmadi, ammo 61-daqiqada qanotlarga Doku va Grilishni tashladi. Bu o‘zgarish o‘yin kartinasini keskin o‘zgartirdi va «Siti» raqib darvozasini qamal qila boshladi, to‘p muntazam ravishda jarima maydoniga olib kelindi, standart vaziyatlar ko‘paydi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyatiga ham burchak zarbasidan keyin ega bo‘ldi, ammo Holand Gvardiol tashlab bergan to‘pga yetib kela olmadi.

Mehmonlar esa darhol xavfli qarshi hujum uyushtirishdi, ammo Leandro Trossar o‘tkir burchakdan turib Shtefan Ortegani dog‘da qoldirolmadi. Bu ancha yopiq kechgan o‘yindagi so‘nggi xavfli vaziyat bo‘lib qoldi. «Arsenal» o‘yinni quritib tashladi, ammo buning uchun Arteta va uning jamoasini qoralab bo‘lmaydi, ayniqsa turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqilsa. «Kanonirlar» bu mavsumda «Siti»dan to‘rt ochko olishdi va ikki o‘yinda ham gol o‘tkazishmadi (1:0 va 0:0), — bu esa psixologiya va futbolchilarning o‘ziga ishonchi nuqtayi nazaridan muhimdir. Fakt shuki, londonliklar «Siti»ning 57 uy uchrashuvida (barcha turnirlar hisobga olinganda)gi golli seriyasiga barham berishdi, bungacha «shaharliklar» natijasi qanday tugashidan qat’i nazar 57 o‘yinni gol urmasdan tark etmagandi.

Bu durangdan «Liverpul» yutdi, endi Klopp jamoasi «Arsenal»ni ikki, «Siti»ni — uch ochkoga ortda qoldirgan holda yakkapeshqadamga aylangan.

Ispaniya: Eder Militaoning qaytishi

«Real» — «Atletik» 2:0
Gollar:
Rodrigo (8, 73).
«Real» – Lunin, Karvaxal (Militao, 90+2), Nacho, Ryudiger, Mendi, Kroos (Kamavinga, 81), Valverde (Vaskes, 81), Chuameni, Bellinghem, Braim Dias (Xoselu, 72), Rodrigo (Modrich, 81).
«Atletik» – Agirresabala, De Markos (Berchiche, 57), Yyeray Alvares (Vivian, 25), Paredes, Lekue, Prados (Ruis de Galarreta, 57), Vesga, Sanset (Muniain, 76), Berenger, I.Uilyams, Guruseta (Ares, 58).
Ogohlantirishlar: Chuameni (57), Nacho (71), Ruis de Galarreta (87).

Yakshanba kuni «Santiyago Bernabeu»dagi uchrashuvdagi asosiy voqea — «Real» zayavkasidan Eder Militao o‘rin olgani bo‘ldi. Braziliyalik himoyachi 12 avgustda aynan «Atletik» bilan o‘yinda og‘ir jarohat olganidan buyon o‘ynamayotgandi. Basklar esa asosiy e’tiborni bir haftadan keyin bo‘lib o‘tadigan kubok finaliga qaratgani ma’lum bo‘ldi. Rodrigo o‘yin startidayoq osonlik bilan to‘pni jarima maydoniga olib bordi va uni burchakka yo‘naltirdi. Shundan keyin «Real» uzoq masofadan urilgan gollar soni bo‘yicha «Las-Palmas» bilan tenglashdi (8 tadan) .

O‘yin masalasi tanaffusdan keyinoq hal bo‘lishi mumkin edi, ammo Braim Diasning zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Bu basklarga o‘yinni qutqarish uchun imkoniyat qoldirdi, ammo shunday imkon tug‘ilganida Lunin Inyaki Uilyamsning zarbasiga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Rodrigo esa mart oyida Ispaniya milliy jamoasiga chaqiruv olgan Vivianni osonlik bilan dog‘da qoldirib, to‘pni yaqin burchakka joyladi hamda tribunalar olqishiga sazovor bo‘ldi. Diskvalifikatsiyaga uchragan Vinisius Junior yo‘qligida ushbu braziliyalik hujumning chap qanoti — uning uchun eng qulay pozitsiya ekanini namoyish etdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa 232 kunlik tanaffusdan keyin qaytgan Militao olqishlar bilan qarshi olindi.

«Jirona» — «Betis» 3:2
Gollar:
Dovbik (36 penalti, 65), Stuani (90+2) — Villian Joze (45+4, 76).
«Jirona» – Gassaniga, Yan Kouto, Blind, David Lopes (Stuani, 82), Erik Garsiya, Migel Gutiyerres, Aleish Garsiya, Martin (Huanpe, 90), Portu (Torre, 82), Tsigankov (Errera, 82), Dovbik (Fernandes, 90).
«Betis» – Ruy Silva, Ruibal, Pesselya, Riad (Papastatopulos, 46), Abner (Miranda, 77), Fornals, Isko, Rodriges, Fekir (Vilyam Karvalyu, 62), Villian Joze, Peres (Chimi Avila, 62; Rodri, 83).
Ogohlantirishlar: Isko (31), Martin (41), Riad (45+1), Chimi Avila (83), Torre (88), Fornals (90+5), Errera (90+5).

«Jirona»da barchasi ko‘ngildagidek boshlangandi. Dovbikning zarbasidan keyin to‘p himoyachining qo‘liga tegdi, vaziyatga VAR aralashdi va kataloniyaliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. Ammo mezbonlar yo‘q joydan ustunlikni boy berishdi, tajribali David Lopes elementar vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ydi va Villian Joze to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi. Lekin bu ushbu futbolchilar ishtirokidagi yagona epizod bo‘lib qolmadi. Hisob 2:1 ekanida Lopes Fornalsning qanotdan uzatmasini o‘tkazib yubordi va Villian Joze bilan yakkama-yakka holatda qoldi. Lekin «Jirona» baribir uch ochko egasiga aylandi. Qo‘shimcha daqiqalarda jamoaning faxriy futbolchisi Stuani ofsayd tuzog‘idan qochib ketdi va jamoa muxlislariga navbatdagi bayramni tuhfa etdi. Endi uchinchi o‘rin xavf ostida emas, urugvaylik hujumchi esa zaxiradan tushib urilgan gollar soni (6) bo‘yicha top-5 ligalarda peshqadamlik qilmoqda.

Germaniya: tur «qovuni»

«Shtutgart» — «Haydenhaym» 3:3
Gollar:
Girassi (41), Shtiller (53), Undav (90+8) — Nyubel (52, avtogol), Klyayndist (84, 85).
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman (Chon Vu Yon, 88), Anton, Ito (Shtensel, 88), Mittelshtedt, Dahud (Karazor, 67), Shtiller, Fyurix (Mvumpa, 72), Miyo (Leveling, 67), Girassi, Undav.
«Haydenhaym» – Myuller, Traore (Bush, 85), Maynka, Gimber, Ferenbah, Toyyerkauf (Zessa, 70), Beste (Melouni, 90), Sheppner, Klyayndinst, Dinkchi, Piringer (Dovedan, 70).
Ogohlantirish: Karazor (90+3).
Chetlatish: Dovedan (90+6).

«Shtutgart» tish-tirnog‘i bilan uchinchi o‘ringa yopishib olgan va Chempionlar ligasiga intilmoqda. Navbatdagi turga jamoa sakkiz uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi, shunday ekan fevral oyi boshidan buyon g‘alaba qozonmagan «Haydenhaym» Sebastyan Hyoness jamoasiga jiddiy muammo tug‘diradigandek ko‘rinmayotgandi. Shvablar hujum chizig‘i kuchli ijrochilardan tashkil topgan bo‘lib, ular ijodkorlik bilan avtomatlashtirilgan harakatlarni uyg‘unlashtiradi. Yakshanba kungi birinchi gol ham shunday ko‘rinish oldi: Girassi bir yarim metrdan zarba berdi, ungacha top ikki bor tovon orqali pas berish bilan yetib keldi.

Birinchi golga assistentlik qilgan Shtiller ikkinchi bo‘lim boshida hisobni oshirganida o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek edi. Ammo «Haydenhaym» mezbonlarni hayron qoldira oldi. Darvozabon Nyubel mavsumning eng kulgili xatolaridan biriga yo‘l qo‘yib, avtogol muallifiga aylandi. O‘yin oxirida esa «Shtutgart» ikki daqiqa ichida Klyayndinstldan ikki gol o‘tkazib yubordi. Ikkinchi holatda — o‘z pozitsion hujumida to‘p yo‘qotganidan keyin. Natijada navbatchi g‘alaba o‘rniga qo‘shib berilgan sakkizinchi daqiqada urilgan gol evaziga durangga erishildi, Undav jarima maydoni markazida Mittelshtadtning uzoqdan yo‘llagan pasini qabul qilib olib, himoyachilarni chalg‘itdi va to‘pni darvoza to‘riga joyladi.

Ikki ochko boy berildi, ammo beshinchi o‘rin bilan oradagi farq yetti ochkoni tashkil etmoqda. Lekin keyingi turda shvablarni Dortmundga safar kutmoqda. Keyingi raqiblar qatorida — «Bavariya» va «Bayyer» ham bor.

Fransiya: Parijliklar yubileyi

«Marsel» — «PSJ» 0:2
Gollar:
Vitinya (53), Ramush (85). 
«Marsel» – Lopes, Garsiya, Mbemba (Jigo, 51), Balerdi (Unai, 73), Merlen, Kondogbia (Guyye, 61), Veretu, Harit, Ndiay (Pemi, 61), Luis Enrike, Obameyang.
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Danilu Pereyra, Beraldo, Ernandes, Ruis (Ugarte, 65), Vitinya, Zair-Emeri (Shkrinyar, 77), Dembele (Asensio, 65), Mbappe (Gonsalu Ramush, 65), Kolo-Muani (Li Kan In, 46).
Ogohlantirishlar: Beraldo (15), Ernandes (38), Danilu Pereyra (40), Donnarumma (45).
Chetlatish: Beraldo (40).

Mavsum davomida ikki bosh murabbiyni iste’foga chiqargan «Marsel»da Jan-Lui Gasse uchun fransuz klasikosida natija ko‘rsatish muhim edi. Jamoa yevrokuboklar hududiga kirib olishi talab etiladi, «PSJ» uchun esa ikkinchi o‘rin bilan farqni yanada oshirishdagi ochko yo‘qotilishi kechirib bo‘lmas ayb bo‘lmasdi. Tanaffus arafasida Lukas Beraldo ikkinchi bor sariq kartochka olgani ham o‘yinga munosabatni ko‘rsatib turardi.

Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanganida parijliklar bir kishi kam bo‘lib qolganini unutib yuborgandek o‘ynashdi. Mehmonlar birin-ketin xavfli hujumlar uyushtirishdi va nihoyat Dembele va Vitinya raqib mudofaasini yorib o‘tishdi. Veretuning javob goli esa bekor qilindi, to‘p darvozabon oldida ofsayd holatida turgan Luis Enrikega ham tekkandi. Braziliyalik futbolchining adashi va familiyadoshi bo‘lgan «PSJ» bosh murabbiyi esa bu o‘yinda ham Mbappe va Dembeleni erta almashtirdi. Aynan ularning o‘rniga tushgan Gonsalu Ramush va Asensio esa intrigaga barham berdi. Bu «PSJ»ning ashaddiy raqib ustidan 50-g‘alabasiga aylandi.

Kun statistikasi

  • «Utreht» yarimhimoyachisi Toornstra Niderlandiya chempionatida uchta turli jamoada 100 tadan ortiq o‘yin o‘tkazgan 3-futbolchi bo‘ldi, u faoliyati davomida ADO «Den Haag» va «Feyyenoord» klublarida ham to‘p surgan.
  • «Arsenal» Menxengladbahning «Borussiya», «MYu» va «Kristal Pelas» klublaridan keyin bir mavsumda ikki o‘yinda ham Xosep Gvardiola jamoasidan gol o‘tkazib yubormaslikni uddalagan 4-jamoa bo‘ldi.
  • «PSJ» futbolchilari 1992/93 yillar mavsumidan buyon «Marsel»ga qarshi o‘yinlarda 12 bor qizil kartochka olishgan. Parijliklar «Lion» bilan o‘yinlarda ham shuncha ko‘p jazolanishgan.
  • «Liverpul» himoyachisi van Deyk bu mavsumda qatorasiga 25 ta havo duelida ustun keldi. Niderlandiyalik futbolchining seriyasini «Brayton» futbolchisi Dank to‘xtatdi.
  • «Shtutgart» hujumchilari Girassi va Undav birgalikda 38 ta gol urishdi — bu klubning yangi rekordi, bungacha klubda shunday samarador juftlik 1985/86 yillar mavsumida Yurgen Klinsmann va Karl Allgever bo‘lishgandi.
Ko‘proq yangiliklar: