Sud ijrochisi Chelyabinsk viloyati sobiq gubernatori Mixail Yurevich va Davlat dumasi sobiq deputati Vadim Belousov qarindoshlarining 100 trillion rubl miqdoridagi hisobraqamlari va mol-mulkini xatladi, deb xabar berdi TASS agentligi dushanba, 1 aprel kuni qarorga tayanib. Xatlov Rossiya Bosh prokuraturasining mamlakatdagi eng yirik makaron ishlab chiqaruvchi «Makfa» AJ va unga qarashli kompaniyalarning Rossiya Federatsiyasi manfaatlari foydasiga mulkini undirish to‘g‘risidagi da’vosini ta’minlash maqsadida qo‘yilgan.
Qaror matniga ko‘ra, vaqtinchalik choralar Belousovning kuyovi, Yurevichning onasi hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning hisoblariga ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Chelyabinsk markaziy tuman sudi qarori bilan «Pervyy xlebokombinat», «Makfa», «Smak», «Novaya pyatiletka», «Dolgovskoye», «Chelyabinskoblgaz», «Arkom», «Kalanchakskiy kombinat xleboproduktov» kompaniyalarining 100 foiz aksiyalari xatlovga olindi. Bu aktivlar Yurevich va Belousovning qarindoshlari, shuningdek, Kipr va Niderlandiya kompaniyalariga tegishli ekanligi taxmin qilinmoqda.
Bosh prokuraturaning «Makfa»ni milliylashtirish bo‘yicha da’vosi
28 mart kuni Rossiya Bosh prokuraturasi Chelyabinsk markaziy tuman sudiga «Makfa» aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini davlat daromadiga aylantirishni talab qilib, da’vo kiritdi.
Departamentga ko‘ra, bu va boshqa bir qator korxonalar, jumladan, «Smak» va «Chelyabinskoblgaz» korrupsion kelib chiqishga ega, chunki ularning benefitsiarlari - Yurevich va Belousov davlat xizmatida bo‘lganida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Shu tariqa, ular «ko‘p yillar davomida korrupsiyaga qarshi qonunchilikda belgilangan taqiq va cheklovlarni buzgan», deb yozadi «Kommersant».