Rossiyada «Shakro Molodoy» taxallusi bilan tanilgan nufuzli jinoyatchi Zaxariy Kalashov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli Krasnodardagi qattiq tartibli koloniyadan shartli ravishda ozod qilindi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.
Umumiy hisobda u o‘ziga tayinlangan 9 yilu 10 oyning 6 yilini qamoqda o‘tkazdi. Endi u faqat 800 ming rubl jarima to‘lashi kerak.
2024 yil mart oyida Krasnodar o‘lkasi sudi Zaxariy Kalashovni sog‘lig‘i yomonlashgani (ko‘zi ko‘rmay qolgani) uchun qamoqdan shartli ravishda ozod qilish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirdi.
Shakro Molodoy 1953 yilda tug‘ilgan. 1990-yillarning boshidan beri Rossiyadagi eng nufuzli kriminal avtoritetlardan biri hisoblanadi. U 2003 yilda o‘ziga nisbatan uyushtirilgan bir qator suiqasdlardan so‘ng Ispaniyaga ko‘chib ketgan. 2006 yilda BAA hududida hibsga olingan va Ispaniyaga ekstraditsiya qilingan. U yerda 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ozodlikka chiqqanidan keyin Rossiyaga qaytib, jinoiy faoliyatini davom ettirgan.
Taxminlarga ko‘ra, u 2013 yilda rossiyalik kriminal boss «ded Xasan» o‘limidan keyin jinoiy olamda yetakchiga aylangan.
2018 yil mart oyida Moskvadagi restoranlardan biri egasidan pul undirmoqchi bo‘lib, tovlamachilik qilgani uchun 9 yil 10 oyga qamalgan.
Shakro Molodoy hibsga olinishidan oldin o‘g‘rilarning «umumiy jamg‘armasiga» rahbarlik qilgan, jinoyat rejalarini ishlab chiqqan va uyushgan jinoiy guruh a’zolarining harakatlarini muvofiqlashtirgan.
Tovlamachilik ishidan tashqari Shakro Molodoy nomi Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha bosh tergov boshqarmasida qo‘zg‘atilgan shov-shuvli korrupsiya ishi bilan bog‘liq. Bu ishda Tergov qo‘mitasining bir qancha a’zolari, jumladan Bosh tergov boshqarmasi xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Mixail Maksimenko ham ishtirok etgan. U 2023 yil noyabr oyida o‘z kamerasida o‘lik holda topilgan edi.