Charlz cherkovga rafiqasi, qirolicha Kamilla hamda qirollik xonadonining boshqa a’zolari bilan birga tashrif buyurgan.
U o‘zi bilan salomlashish uchun kelgan odamlar bilan gaplashib, qo‘l berib ko‘rishgan.
Ayni vaqtda 75 yoshda bo‘lgan Charlz onkologik kasallikdan davolanayotgani tufayli so‘nggi haftalarda jamoat joylarida ko‘rinish bermayotgandi.
U yakshanba kuni cherkovga tashrif buyurgani va odamlar bilan uchrashgani hali jamoat hayotida yana faol qatnasha boshlashini ko‘rsatmaydi. Bu hozircha shunday qaytish sari birinchi qadam bo‘ldi.
Bukinghem saroyi Charlzga onkologik kasallik tashxisi qo‘yilgani haqida fevral oyi boshida e’lon qilgandi. Uning kasalligi yanvarda aniqlangan, o‘shanda u prostata bezi kattalashgani yuzasidan davolanishga yotgandi. Qirollik oilasi unda aniqlangan kasallik prostata saratoni emasligini bildirgan.
Qirol jamoat joylarida ko‘rinish bermay qo‘yishi ortidan mart oyining ikkinchi yarmida ijtimoiy tarmoqlarda u vafot etgani haqida ham xabar tarqalgandi, ammo bu xabarlar tezda saroy tomonidan rad etib chiqildi.
Mart oyida qirolning kelini, Uels malikasi Keyt Middlton saraton kasalligiga chalingani va kimyoterapiya qabul qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shu tufayli, uning turmush o‘rtog‘i, taxt valiahdi bo‘lmish Uels shahzodasi ham katta ehtimol bilan oilasi yonida bo‘lish uchun o‘z safarlarini kamaytiradi, ammo jamoat hayotida ishtirok etishda davom etadi.
So‘nggi oylarda ko‘plab ommaviy tadbirlarda qirollik oilasi nomidan qirolicha Kamilla ishtirok etib kelmoqda, xususan, u o‘z turmush o‘rtog‘i borishi kerak bo‘lgan joylarga safarlarni amalga oshirmoqda.
Charlz va Keyt qachon faol jamoat hayotiga qaytishi hozircha noma’lum.