Parij meri Ann Idalgo yozda Fransiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilari ishtirok etishiga qarshi chiqdi, deb yozadi Parijning Le Monde gazetasi 30 mart kuni kechqurun. «Rossiya va Belarus sportchilariga ularni Parijda ko‘rishdan xursand bo‘lmasligimni aytmoqchiman», dedi Idalgo 28 mart kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida. Parij merining bu bayonoti haqida avvalroq xabar qilinmagan.
Ann Idalgoning qo‘shimcha qilishicha, Parij Olimpiada o‘yinlari davomida ukrainalik sportchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. «Parij sizni qahramonlar sifatida kutib oladi, Parijda o‘zingizni uydagidek his qilasiz», deb va’da berdi u.
Le Monde ta’kidlashicha, Idalgo sportchilarning Olimpiadadagi ishtiroki bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lmasa-da, uning so‘zlari, shubhasiz, Rossiya rasmiylarini g‘azablantiradi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Idalgoning so‘zlarini sharhlar ekan, «hozirda Rossiyada keng tarqalgan ba’zi fransuz mahsulotlarini tanlashni va uni ko‘rishdan xursand bo‘lmaslikni e’lon qilishni» taklif etdi.
Ann Idalgo o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi
O‘tgan yilning yanvar oyida Ann Idalgo Olimpiadada Rossiya va Belarus sportchilarining neytral bayroq ostida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi, biroq bir necha hafta o‘tgach, Le Monde ta’kidlashicha, Parij meri o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, neytral bayroq mavjud emasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Fransiya boshqa davlatga hujum qilgan mamlakatni kutib olish niyatida emas.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2023 yil dekabr oyida Ukrainadagi urush munosabati bilan Rossiya va Belarusga qo‘yilgan sanksiyalar doirasida ushbu davlatlar sportchilarining Parijda shaxsiy sport turlari bo‘yicha o‘yinlarda neytral maqomda ishtirok etishi haqida qaror qabul qildi. Mart oyida XOQ 12 nafar rossiyalik va yetti nafar belaruslik sportchiga Olimpiadada qatnashish huquqini berdi. O‘yinlarda Rossiyadan jami 54 nafargacha, Belarusdan esa 28 nafargacha sportchi ishtirok etishi mumkin. Ba’zi rossiyalik sportchilar allaqachon o‘yinlarda neytral maqomda qatnashishni istamasligini e’lon qilgan.
Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Paralimpiya o‘yinlari 28 avgust-8 sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.