“O‘g‘illarimdan umidim katta”: Ikki farzandi prezident maktabida o‘qiyotgan novvoy  

Jamiyat 15:14 / 01.04.2024 30555

Bog‘dod tumani Samarqand qishlog‘ida oddiy oilaning ikki farzandi Farg‘ona shahridagi prezident maktabiga o‘qishga kirgan. Daromadi novvoychilikdan bo‘lgan ota-ona farzandlari kamoli uchun tinmay mehnat qiladi. “Imorat qurmasak-da, bor mablag‘imizni o‘g‘illarimizning bilim olishi uchun sarflayapmiz, ular novvoyxonada qiyinchilikni his qilib ulg‘ayishdi”, deydi ota.

 

Eng yaxshisi farzand uchun qilingan sarmoya

“Katta o‘g‘lim Ixtiyorjon va o‘rtancha o‘g‘lim Islomjon Farg‘ona shahridagi prezident maktabida o‘qiydi. Bundan juda xursandmiz, baxtli ota-onalarmiz. Prezident maktablari birinchi marta ochilganida toshkentlik bolaning intervyusini ko‘rib havas qilgandim. Shundan keyin Farg‘onada ham ochilib qoladi deb harakatni boshladik, o‘g‘illarim tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi.

Muhayyoxon Hoshimova, onasi

Imtihon paytida o‘g‘illarimizdan ko‘ra biz ko‘proq hayajonlandik. Holatni ta’riflab berish qiyin. Chunki oddiy novvoyning farzandlari ham ana shunday maktabda o‘qiy olishiga ishonmagandik. Har ikki o‘g‘limning ham prezident maktabiga kirishi hayajonli bo‘lgan. Qo‘shnilarimizgacha farzandlarimiz haqqiga duo qilib turishdi.

Bolalar yoshligi qiyinchiliklar bilan o‘tdi. Oltiariqda ishlardik, bolalarni esa Bog‘doddagi maktabga berganmiz, buvisinikida turishardi. Tezroq uy-joy qilib, bolalar yoniga boraylik, deb novvoyxonada tinim bilmay ishlardik. Ixtiyor o‘g‘lim 2-sinf bo‘lganida ko‘chib keldik.

Bolalarimiz hali maktabga chiqmasidan avval novvoyxonada yashardik, o‘sha yerda bir xona uy bo‘lardi, o‘rtasiga mato bilan bo‘lib, bir tomonida non yopardik, bir tomonida yashardik. Lekin shunda ham bolalar o‘qishiga e’tiborni susaytirmadik, dars qildirdik, maktabga chiqmasidan o‘qishlarni o‘rganib olishgandi. O‘ziga ishonchini orttirish uchun sport to‘garagiga ham berdik. Endi esa ikki o‘g‘lim prezident maktabida o‘qishadi. Bolalarim qiyinchiliklarni his qilib katta bo‘lgani uchun hali shunday yaxshi uylar qilamiz, chet ellarga sayohat qildiramiz, deyishadi”. 

O‘g‘illarimni novvoyxona “ulg‘aytirdi”

“Farzandlarim novvoyxonada katta bo‘lgan, desa ham bo‘ladi. Ishni ham qildik, bolalarni ham o‘qitdik. Shu bir xonali novvoyxonada oilaviy yashardik. Imkon qadar bolalarni o‘qishga qiziqtirishga uringanmiz, kitoblar sovg‘a qilardik.

Iqboljon Hoshimov, otasi

Astoydil ishlardik, o‘zi novvoyning uyqusi bo‘lmaydi. Shu bolalar uchun ishlaganmiz. O‘qishga qiziqtira oldik, maktabga chiqqandan keyin ham yaxshi baholarga o‘qiy boshlashdi.

Prezident maktabiga qabul qilinganini bilgan paytimiz ham non yopayotgandik, kechqurun edi. Hech o‘zimiz ham ishongimiz kelmadi. Endi bu yog‘iga chet ellarda o‘qib kelib, O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘sha oladigan inson bo‘lishlarini orzu qilamiz. Yurtning koriga yarasa, biz shundan quvonamiz.

Shunday kunlar bo‘lgan, nimagadir pul yetmay qolardi. Lekin Xudodan so‘rardim, yetkazardi, hayron qolasan kishi. Yo‘qchilik bo‘lsa, bolalarga sezdirmaslikka harakat qilamiz. Birinchi navbatda ularning ehtiyojiga ishlatamiz, keyin esa boshqa narsalarga. Baxtiyor otaman. O‘g‘illarimdan umidimiz katta.

Ota-onamizdan qarzimiz ko‘p

“Birinchi marta prezident maktabi haqida eshitganimda imtihondan o‘ta olishimga unchalik ham ishonmaganman. Lekin imtihon yaqinlashgan sari o‘zimga ishonchim ortgan, bu narsa juda muhim imtihonlarda.

Ixtiyorjon Hakimjonov, to‘ng‘ich o‘g‘il

Otam Oltiariqda novvoychilik qilardi, ishlari og‘ir bo‘lsa ham bizni yaxshi tarbiyalashga e’tibor bergan, onam o‘qishimizni doimiy nazorat qilib turardi. Oilamiz bilan novvoyxonada yashagan vaqtimizda yengil ishlarda otamga yordam berardik.

Imtihongacha 3 oy tayyorlanganman. Raqobat kuchli edi, lekin ota-onam, ustozlarim qo‘llovi bilan o‘zimga ishonib, imtihonni yaxshi topshirganman. Bu maktabda o‘qishni boshlaganimdan keyin shuni tushundimki, har bir qilayotgan ishim o‘zimga foyda yoki zarar bo‘ladi. Bu narsani onam ko‘p uqtirardi, lekin endi tushunib yetdim buni.

Ota-onam o‘zlari o‘qimagan bo‘lsalar-da, bizning ta’lim olishimiz uchun imkon qadar harakat qilishdi. Hozirda 7-sinfda o‘qiyapman. Lekin allaqachon xalqaro diplomatiya sohasida ketishni rejalashtirib qo‘yganman. Kelajakda O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan aloqalarini yaxshilash, eksport va import salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqchiman”.

Yo‘qchilikni bizdan yashirishardi...

“Prezident maktabida o‘qishimizga birinchi navbatda ota-onamiz sababchi. Otam moddiy tomondan ta’minlagan bo‘lsa, onam dars qilishimizni, boshqa tomonlarni nazorat qilardi. Otam oddiy novvoy bo‘lsalar ham, moddiy tomondan barcha sharoitlarni qilib bergan.

Islomjon Hakimjonov

Akam bu maktabga kirgach, men ham qiziqib qoldim. Farg‘onadagi o‘quv markaziga kelib tayyorgarlik ko‘ra boshladim, masofa uzoq bo‘lgani uchun Qo‘qonda o‘qishni davom ettirdim. Hozirda akam yettinchi, men beshinchi sinfda o‘qiyman.

Tayyorlanib yurganimda o‘quv markazining pulini to‘lolmay qolib, ota-onamning qarz olgan paytlari bo‘ldi, lekin buni bizga bildirmaslikka harakat qilishgan. Raqobat kuchli bo‘lgani uchun kirolmasam kerak deb o‘ylardim, lekin ota-onam doim ruhlantirib turishgan. Farg‘ona shahridagi o‘quv markazida darsda o‘tirganimda sovuqda onam meni tashqarida kutib turardi. Bu damlar hech qachon esimdan chiqmaydi.

Kelajakda ota-onamizning bizga qilgan yaxshiliklarini, albatta, qaytaramiz. Chet ellarda o‘qib, ota-onamizga, yurtimizga foydamiz tegadigan inson bo‘lamiz”.

Sarvar Ziyoyev

Ko‘proq yangiliklar: