Toshkentdagi “Azia invest” mojarosi Farg‘onada takrorlanyapti. Fuqarolar hukumatdan najot kutmoqda

Jamiyat 12:02 / 18.07.2024 10922

Poytaxtning Yashnobod tumanida ko‘p qavatli uylar qurib sotuvchi «Azia invest» kompaniyasi va uning minglab mijozlari o‘rtasida yuz bergan yirik nizo hali yodingizda bo‘lsa kerak.

Hatto prezident aralashuvigacha borgan, Bosh vazir va maxsus tuzilgan hukumat komissiyasi o‘rgangan bu nizo yakunda fuqarolar foydasiga hal bo‘lgandi.

Xuddi shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida “bo‘y ko‘rsatish” arafasida.

Gap shundaki, tumanning Muruvvat mahallasida Bog‘dod tajribasi sifatida 50 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan. Kichik tuman uchun katta loyihada tuman hokimining tegishli qarori asosida “SADDINSO-XABIBULLO” xususiy korxonasi ham 5 qavatli 20 xonadondan iborat uy-joylar qurishga kirishadi.

Xususiy korxona va fuqarolar o‘rtasida turar joy uchun shartnomalar tuzilib fuqarolar mablag‘lari hisobidan 32-, 42- va 46-ko‘p qavatli uy-joylar qurib bitkaziladi. Hozirgi kunda ularda 46 oila istiqomat qilib keladi.

Ammo xonadonlarga ko‘chib kirgan egalariga haligacha kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilmagan. Bunga quruvchi firmaning kredit, bank va boshqa idoralardagi qarzlari bilan bog‘liq muammolari sabab bo‘lmoqda. 

Qurilish korxonasi boshqa hududlarda ham bir qancha binolar qurgan va mazkur qurilish binolari bilan bog‘liq katta miqdorda qarzdorlik vujudga kelgan. Shundan so‘ng “SADDINSO-XABIBULLO” xususiy korxonasiga nisbatan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, korxonani tugatish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bog‘dodda qurilgan uylar esa auksionga chiqarilgan.

Normuhammad Siddiqov ham uy sotib olish uchun peshona teri bilan yillar davomida pul yig‘gan edi. Endi u o‘z uyidan ayrilib qolishdan xavotirda:

“15 kun vaqtimiz qoldi...”

Normuhammad Siddiqov

“2021 yilda prezidentimiz tashabbusi bilan qurilgan yangi uylardan birini 120 mln so‘mga ta’mirsiz, jihozsiz holatda sotib olgandik. Yashash holatiga keltirish uchun yana yonimizdan ancha pul sarfladik. Endi esa kimlardir kelib, uylaring auksionga tushdi, harakatlaringni qilinglar, uyni bo‘shatinglar, deb kelyapti. Viloyat hokimiga, sayyor qabulga murojaat qildik. Lekin natija bo‘lmayapti. Bitta biz emas, 46 ta xonadonga shunday bo‘lyapti. Yosh oilalar, nogironlar, yetimlar ham bor oramizda — hammasi ko‘chada qolyapti. 15 kun vaqtimiz bor ekan uyni bo‘shatishga”, deydi u.

“Toshkentga qatnagani pulimiz yo‘q...”

“Uyni “korobka” holatida olganmiz. O‘zimiz ta’mirlab, jihozlab qo‘ysak, quruvchi tashkilotning qarzdorligi bo‘lgani uchun auksionga qo‘yilibdi uylarimiz, 15 kun ichida bo‘shatib qo‘yinglar, deyishyapti. Biz uylarga qancha pul sarfladik, endi esa ko‘chada qolishga to‘g‘ri kelyapti. Hokimiyatga, sayyor qabulga, prokurorga bordik. Toshkentga borib sudga beringlar, deyishyapti. Toshkentga qatnagani pulimiz yo‘q-ku. 10 ming dollarga ikki xonali uy olganman o‘zim, ta’miri uchun 5-6 ming dollar sarflaganman, eshiklarigacha o‘zimiz qo‘yganmiz.

Qahramon Hamdamov

Prokuraturadan, bankdan xodimlar kelib, ogohlantirish berib, quruvchining qarzdorligi borligi uchun uylaring auksionga qo‘yilyapti, dedi. Tegishli odamlarga uchrashish uchun Toshkentga qatnagani yo‘lkira ham yo‘q odamlarda. “Dom”imizda nogironlar ko‘p, nafaqaga kun ko‘rishadi”, deydi Qahramon Hamdamov.

“Boradigan joyimiz yo‘q...”

“Uylar qurilmasidan avval quruvchiga 10 ming dollarga bergan edik. Quruvchining qarzdorligi borligi uchun uylarimiz auksionga qo‘yilibdi endi. Uyni bo‘shatishni so‘rashyapti, lekin bizning boradigan boshqa joyimiz yo‘q, 3 yildan beri yashayotgan uyimiz bu.

Ulfatxon Teshaboyeva

Hokimiyatga, prokuraturaga, ichki ishlarga, sayyor qabulga bordik. Afsuski hech qanday yordam bo‘lmayapti. Firmaning qarzlari uchun biz jabrlanuvchi bo‘lib uysiz qolishimizga to‘g‘ri kelyapti. Nega endi quruvchining bizga taalluqli bo‘lmagan boshqa joydagi qarzdorligi badalini biz to‘lashimiz kerak?!” deydi Ulfatxon Teshaboyeva.

“SADDINSO-XABIBULLO” xususiy korxonasi vakili Oybek G‘iyosovdan masala yuzasidan izoh oldik.

Oybek G‘iyosov

“Muruvvat mahallasida 6 ta 5 qavat uy qurganmiz. 74 ta uyni fuqarolarga sotib, rasmiylashtirib berganmiz. Korxonaga taqiq tushgani uchun 46 ta uyni fuqarolar nomiga o‘tkazib bera olmadik.

Hozirda korxonamizning boshqa obektlardagi kamomadi hisobiga bu uylar ham auksionga chiqarib yuborildi. 46 ta uy egalaridan pulini olib sotganimiz haqiqat.

Bu 46 ta xonadonda yashovchi aholi ko‘pchiligining boshqa yashashga joyi yo‘q, ko‘pi yolg‘iz ayollar, yetimlar, qariyalar, ko‘p farzandli oilalar. Korxonaning kamomadlariga bu oilalarning daxli yo‘q, boshqa obektlar bo‘yicha u. Shuning uchun bu uylarni korxonaning kamomadiga aralashtirmagan holda hal qilish tarafdoriman. Holatga yechim topib, uylarni fuqarolarning nomiga rasmiylashtirib berish kerak”, deydi u.

Muammoli masalada fuqarolar huquqini himoya qilayotgan advokat Biloliddin Mamirov bunday holatlar takrorlanmasligi uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilishi lozimligi, banklar fuqarolar ulushli mulk sifatida sotib olgan mulklarini garov sifatida qabul qilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Biloliddin Mamirov

“Shaxsan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan, keyinchalik “Bog‘dod tajribasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Bog‘dod tumani “Muruvvat” MFY Guliston qishlog‘ida qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan sotib olgan 46 nafar fuqaro uy uchun to‘liq pul to‘lagani, lekin uylari auksion savdosiga chiqib ketgani yuzasidan murojaat qildi.

Bog‘dod tuman hokimining 2021 yil 2 iyundagi qarori bilan “Saddiniso Habibullo” xususiy korxonasiga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratilgan. Shundan so‘ng korxona va jami 120 nafar sotib oluvchi fuqarolar tomonidan uy-joy qurish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Mazkur shartnomalar asosida korxona tomonidan 74 ta uy-joylar notarial tartibda fuqarolarga o‘tkazib berilgan bir vaziyatda qolgan 46 nafar fuqaroga uy-joy rasmiylashtirilmasdan qolib ketgan.

Vaholanki, fuqarolar tomonidan shartnoma shartlari bajarilib, 2021 yil iyun-noyabr oylarida uy-joy uchun barcha to‘lovlar to‘langan. Korxona rahbari esa uy-joyni sotgani, korxona hisobraqamida taqiq borligi sababli rasmiylashtirib berolmagani, muammolar hal bo‘lishi bilan oldi-sotdi hujjatlarini rasmiylashtirib berishi haqida tilxatlar yozib bergan.

Sotib oluvchilar esa 2021 yil noyabrda nizoli xonadonga ko‘chib kirib, kapital ta’mirlash ishlarini bajarib, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan o‘z nomidan shartnomalar tuzib, to‘lovlarni to‘lab, hozirga qadar yashab kelmoqda.

Biroq uylar fuqarolarga oldi-sotdi shartnomasi yoki topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida rasmiy ravishda topshirilmay, Universal Bank ATBga garovga qo‘yilgan va 5,5 mlrd so‘m kredit mablag‘i olinib, taqiq qo‘yilgan, kredit qarzdorlari deyarli qoplanib bo‘lingan.

Shu orada korxonaning boshqa joyda amalga oshirilgan qurilishlarida kelib chiqqan qarzdorliklari sababli Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 21.08.2023 yilda bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, korxona rahbari J.G‘iyosov yoki boshqaruvchisi tomonidan turar joylar oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirib berilmasdan kelinmoqda.

Uy-joylar auksion savdolariga chiqarib yuborilgani, oldi-sotdi shartnomasi yoki topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida rasmiylashtirib berish yuzasidan fuqarolar hokimiyat, prokuratura, sayyor qabul kabi turli davlat idoralariga murojaat qilgan, ammo sudga shikoyat qilish bo‘yicha maslahat berish bilan cheklanilgan.

Ushbu holat bo‘yicha biz tomonimizdan yuridik yordam ko‘rsatilib, fuqarolar nomidan da’vo arizalari tayyorlandi va uni sudga kiritish ishlari ketyapti.

Bunday holat birinchi marta kuzatilmayapti. Avval ham shunga o‘xshash vaziyatda Bosh vazir boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, fuqarolar huquqi tiklanishi ta’minlangan, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Lekin hozirgi holatda bu fuqarolarga hech kim yordam bergani yo‘q.

Universal Bank tomonidan kredit mablag‘i ajratilib, uylar garovga qo‘yilish jarayonida fuqarolar huquqlari buzilgan. Chunki uy-joy qurish shartnomasi bo‘yicha sotilgani, uy-joylar qurib bitkazib bo‘lingani, u yerda fuqarolar yashayotgani, kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani, kredit ta’minoti yuzasidan kelgusida jiddiy muammolar kelib chiqish ehtimolliklari inobatga olinmasdan, uylar garovga olingan.

Bunday holatlar, takrorlanmasligi uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilishi kerak. Bu bo‘yicha takliflar berilgan, lekin ijrosi kechikayotgani sabab fuqarolar jabr ko‘rmoqda. Banklar ko‘p qavatli turar joylarni garov sifatida qabul qilmasligi, buni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilishi kerak. Qurilish kompaniyalari majburiyatini bajarmaganda fuqarolar huquqlarini tiklashning aniq mexanizmlari bo‘lishi kerak. Hozirda umumiy qonunchilik normalari asosida 46 ta oila huquqlarini tiklash yuzasidan sudning adolatli qarorini kutib qolamiz”, deydi advokat.

Qiziq holat! 2021 yil 1 noyabrda ko‘p qavatli uylar qurib foydalanishga topshirilyapti, lekin oradan 17 kun o‘tib, 18 noyabrda “SADDINSO-XABIBULLO” xususiy korxonasi va XATB Universal bank o‘rtasida ipoteka shartnomasi tuzilgan. Quruvchi ko‘p qavatli uylarni garovga qo‘yib, bankdan 3,5 mlrd so‘m mablag‘ olgan. E’tiborli tomoni, uylar fuqarolarining o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan. Lekin quruvchi uyni garovga qo‘yib XATB Universal bankdan kredit olgan. U pullar qayerga sarflangani esa mavhum.

Kredit ajratish bilan bog‘liq savollarga javob olish uchun Qo‘qon shahrida joylashgan Universal bankka bordik. Biroq bank mutasaddilari savollarimizga javob berishni istamadi.

Avvalroq Toshkent shahri, Yashnobod tumanida “Aziya Invest Favorit” MChJga hali qurilmagan ko‘p qavatli turar joy majmuasidagi xonadonlarga to‘lov qilib qo‘ygan mingdan ortiq fuqaro aldangani, zarar miqdori 300 mlrd so‘mdan ortiqligi ma’lum bo‘lgandi. Buning ortidan quruvchi va fuqarolar o‘rtasidagi muammoni hal qilish bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgandi

Shundan so‘ng «novostroyka»ga pul to‘lab, aldangan fuqarolar bilan bosh vazir Abdulla Aripov uchrashib, tez orada aholini rozi qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini aytdi. 5 avgust kuni bosh vazir nizoli vaziyat ishtirokchilari bilan yana uchrashdi. Muammoli holatni hal qilish yuzasidan jabrlanganlarga Bektemir tumanidan ko‘p qavatli uylar qurib berish taklifi berildi.

Farg‘onadagi holat ham Toshkentdagi “Azia invest Favorit” MChJ va fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatga o‘xshash. Bunga ham bosh vazir aralashadimi? Buni esa vaqt ko‘rsatadi. Uysiz qolayotgan fuqarolar hukumatdan yordam so‘ramoqda.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: