Istanbul shahri merligi uchun saylovlarda besh yildan buyon shu lavozimni egallab turgan Akrom Imomo‘g‘li g‘olib kelmoqda. U muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi vakili hisoblanadi.
Ovozlarning 90 foizidan ortig‘i sanab chiqilganidan keyin Imomo‘g‘li 50,4 foiz bilan yetakchilik qilmoqda, Adolat va taraqqiyot partiyasi nomzodi Murod Qurum — 40,9 foiz bilan ikkinchi o‘rinda qolgan.
Saylovda asosiy e’tibor Istanbulga qaratildi, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va partiya bu shaharda besh yil oldingi mag‘lubiyat uchun muxolifatdan revansh olishni maqsad qilgandi, shuningdek Anqara va Antaliya kabi yirik shaharlarni ham muxolifatdan qaytarib olishga umid qilinayotgandi.
Ammo Anqara, Antaliya va Izmirda ham muxolifat ustun kelmoqda.
«Olingan ma’lumotlarga asoslanib aytishim mumkinki, fuqarolarimizning bizga bo‘lgan ishonchi taqdirlandi, — dedi Imomo‘g‘li jurnalistlarga partiyaning Istanbuldagi shtab-kvartirasida. — Biz ko‘rib turgan manzara juda quvontiradi».
Markaziy saylov komissiyasi raisi Ahmad Yyener jurnalistlarga ovoz berish jarayoni bir necha hodisalarni istisno qilganda, jiddiy muammosiz o‘tganini ma’lum qilgan.
Saylovlar shiddatli inflatsiya va turk lirasining jiddiy devalvatsiyasi fonida o‘tdi va noma’lumlik ko‘plab saylovchilarga ta’sir qildi deya xabar bergan Istanbul aholisi vakillari bilan suhbatda bo‘lgan AFP muxbiri.
«Barcha kundalik ehtiyojlar to‘g‘risida qayg‘uradi, — degan 43 yoshli Guler Kayya. — Inqiroz o‘rta sinfni yutib yubormoqda, biz kundalik hayotimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Agar Erdo‘g‘an g‘alaba qozonsa, yanada yomonlashadi».
«Yaxshi hayotni ta’minlash»
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda tug‘ilib o‘sgan, 1994 yilda esa shahar meri etib saylangan. Uning ittifoqchilari shaharni 2019 yilga qadar, Jumhuriyat xalq partiyasi vakili Akrom Imomo‘g‘lining g‘alabasigacha o‘z qo‘lida ushlab turdi.
Istanbulda hokimiyatni saqlab qolayotgan Imomo‘g‘li endi 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarida hukmron partiyaning asosiy raqibi bo‘lishi kutilmoqda.
Erdo‘g‘an va uning partiyasi Istanbul merligi uchun sobiq atrof-muhit vaziri Murod Qurumni nomzod sifatida ko‘rsatgandi.
«Istanbul — bu yurtimizning javohiri, xazinasi va ko‘z qorachig‘i», — degandi 70 yoshli prezident saylov arafasidagi mitingda Imomo‘g‘lini «yarim stavkadagi mer» deb atagan holda.
«Bu saylovlar mamlakatimiz uchun yangi davr boshlanishi bo‘ladi», — degandi Erdo‘g‘an yakshanba kuni ovoz berishga kelganida.
Imomo‘g‘li rafiqasi va ikki o‘g‘li bilan Istanbuldagi uchastkada ovoz berdi, keyin esa tarafdorlari qarshisida chiqish qildi.
«Bugun men uchun hissiyotli kun, — dedi u va „partiyaviyliksiz tenglik“ni ta’minlashga harakat qilganini qo‘shimcha qildi. — Biz yoshlar, ayollar va onalarga yaxshiroq hayot berish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz».
Ko‘p o‘tmay u o‘z g‘alabasini e’lon qildi.
«Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, men aytishim mumkinki, fuqarolarimizning ishonchi taqdirlandi, — dedi u partiyaning Istanbuldagi shtab-kvartirasida jurnalistlarga. — Biz ko‘rib turgan manzara bizni juda quvontirmoqda».
Turkiya fuqarolari yakshanba kuni 81 viloyatda merlarni, shuningdek mahalliy kengashlar a’zolari hamda boshqa hududiy mulozimlarni saylashdi.
Jumhuriyat xalq partiyasi butun mamlakat bo‘yicha ham Erdo‘g‘an partiyasidan ustun kelgan – ovozlar nisbati 37,43 foizga 35,7 foiz ko‘rinishida.
Erdo‘g‘an saylov yakunlari bo‘yicha chiqish qilib, mag‘lubiyatini tan oldi.
«Turkiya xalqi o‘z fikrini bildirdi. Bu siyosiy yetakchilarga signal bo‘ldi. Turkiya demokratiyasi o‘zining yetuk ekanini yana bir bor isbotladi. Bugungi saylovlar — biz uchun intiho emas, burilish nuqtasi bo‘ladi.
Men xalqimiz saylagan poytaxt hokimlarini tabriklayman. 14–28 maydagi g‘alabamizdan 9 oy o‘tib, biz afsuski imtihondan o‘ta olmadik va mahalliy idoralarga saylovlarga o‘zimiz umid qilgan natijaga erisha olmadik.
Bizga ovoz bergan bermaganidan qat’i nazar, bundan har bir saylovchi yutdi. Men har bir saylovchiga tashakkur bildiraman», — degan Erdo‘g‘an.
Bu Erdo‘g‘anning 22 yil ichidagi ilk mag‘lubiyati bo‘lmoqda. 1 apreldan Turkiya siyosiy tarixida yangi siyosiy davr boshlanadi. 52 yoshli Imomo‘g‘li uchun bu g‘alaba 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘yish uchun zamin tayyorladi.