Putin harbiy xizmatga chaqirish haqidagi farmonni imzoladi. Yana 150 ming rossiyalik armiyaga chaqiriladi

Jahon 15:56 / 31.03.2024 16110

Vladimir Putin Rossiya fuqarolarini harbiy xizmatga bahorgi chaqiruv to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, 150 ming kishi 1 apreldan 15 iyulgacha bo‘lgan davrda muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

2024 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi qoidalarga ko‘ra, Rossiyada chaqiruv yoshi oshirilgan va endi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Rossiya nashrlarida xabar qilinishicha, 2023 yil oxirigacha 27, 28 yoki 29 yoshga to‘lgan va zaxirada bo‘lganlar bundan mustasno.

Rossiya davlat Dumasining Mudofaa ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov avvalroq «2023 yil oxirigacha, hatto 31 dekabr kuni soat 23:59 da 27 yoshga to‘lgan fuqarolar harbiy zaxiraga olinadi va ular 2024 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi. Hozir 28 yoki 29 yoshda bo‘lganlar allaqachon zaxirada», degan edi.

Ma’lumot uchun, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2022 yil oxirida harbiy xizmatga chaqirilish yoshini 18-27 yoshdan 21-30 yoshga o‘zgartirishni taklif qildi. Harbiy chaqiruv yoshining chegaralari bosqichma-bosqich o‘zgartirilishi taxmin qilingan edi. Ammo Rossiya hukumati har qanday o‘tish davridan voz kechdi va yangi tartib belgilandi.

Davlat dumasi 2023 yil 25 iyulda qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlarni uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatning asl nusxasida pastki chegara bir vaqtning o‘zida – 18 yoshdan 21 yoshgacha ko‘tarilishi ko‘zda tutilgandi.

Ammo iyul oyida Dumaning Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov chaqiruv yoshining quyi chegarasi o‘zgarmasligi va faqat yuqori chegara ko‘tarilishini ma’lum qildi.

24 noyabr kuni Rossiya hukumati harbiy ro‘yxatga olish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani parlament tomonidan qabul qilingan qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Shu tariqa maksimal 30 yosh deb belgilandi va bu tartib 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: