Oltin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Bunga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda?

Iqtisodiyot 10:13 / 31.03.2024 14796

Hafta davomida oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 2232 dollargacha qimmatlashdi. Bu mutlaq tarixiy rekord ko‘rsatkichdir. Qimmatbaho metall narxlarining keskin darajada oshishiga bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Nega oltin narxi qimmatlashmoqda?

Geopolitik vaziyat va iqtisodiy beqarorlik. Geopolitik vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Oltin ko‘pincha "xavfsizlik yostiqchasi” sifatida ko‘riladi, shuning uchun beqaror davrlarda unga talab ortadi. Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro va Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar jarayonining boshlanmaganligi va mojarolarning qachon tugashi bo‘yicha aniq prognozlarning mavjud emasligi oltin narxining oshishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Sodda qilib aytganda, kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashsa, investorlar uchun oltin asosiy aktivga aylanadi va unga pul tikish ko‘payadi.

Dollar kursi va FZTning foiz stavkasini pasaytirish bo‘yicha kutilmalar. Oltin narxi, asosan, AQSh dollarida belgilanadi. Foiz stavkalari pasayganda, odatda, dollarning kursi ham pasayadi. Shuning uchun, agar dollar kursi pasaysa (boshqa valutalarga nisbatan zaiflashsa), oltin narxi oshadi, chunki u boshqa valutalar bilan solishtirganda arzonroq bo‘ladi va shu sababli talab ortadi. Qo‘shma Shtatlarda inflatsiya bosimining yumshayotgani bozor ishtirokchilari orasida foiz stavkalarining pasayishi mumkinligi haqidagi ijobiy kutilmalarni yuzaga keltirmoqda. Bunda investorlar kam daromad keltiradigan qimmatli qog‘ozlarni xarid qilishdan ko‘ra, xavfsiz va inflatsiya ta’siridan himoyalangan oltin xarid qilishga ko‘proq urg‘u bera boshlaydi.

Markaziy banklar tomonidan olib boriladigan siyosat. Yirik Markaziy banklar tomonidan oltin zaxiralarini oshirish yoki kamaytirish bo‘yicha qarorlar ham narxga ta’sir qiladi. Masalan, oxirgi vaqtlarda Xitoy Markaziy banki tomonidan katta miqdorda oltin xarid qilinayotganligi bozordagi talabni qo‘llab-quvvatlayapti.

Umuman olganda, oltin narxining kelgusida qanday bo‘lishi jahondagi geosiyosiy vaziyat, dollar kursi, inflatsiya va FZT stavkalariga bevosita bog‘liq.

Oltin narxining qimmatlashishi O‘zbekiston uchun qay darajada muhim?

Birinchidan, joriy yilning 1 mart holatiga, O‘zbekiston rasmiy zaxiralarining qariyb 75 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Oltin narxining qimmatlashishi mamlakat valuta zaxiralarining qiymatini oshiradi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Oltin narxining oshishi eksportdan tushadigan daromadlarni ko‘paytirib, yildan yilga yomonlashib borayotgan tashqi savdo balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va budjet taqchilligining kamayishiga yordam berishi mumkin.

Uchinchidan, oltin narxining oshishi dollar va boshqa valutalarga nisbatan so‘mning qadrsizlanishini to‘xtatadi yoki sekinlashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: