YeI Gurjistonda namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikni qoraladi

Jahon 15:14 / 01.05.2024 2828

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 1 may, chorshanba kuni «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan Tbilisida mamlakat hukumatini tanqid qilgan namoyishchilarga nisbatan Gurjiston rasmiylari tomonidan qo‘llangan zo‘ravonlikni keskin qoraladi. «Gurjiston Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod davlatdir va men uning rasmiylarini tinch miting o‘tkazish huquqini ta’minlashga chaqiraman, ularni bostirish uchun kuch ishlatish qabul qilinishi mumkin emas», deb yozgan Borrel ijtimoiy tarmoqda. 

Ommaviy namoyishlar paytida 60 dan ortiq kishi hibsga olindi

1 mayga o‘tar kechasi Gurjiston politsiyasi Tbilisidagi ommaviy namoyishlarning 63 nafar ishtirokchisini hibsga oldi, dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Daraxvelidze brifingda. Namoyishchilarning «zo‘ravon harakatlari» natijasida olti nafar politsiyachi yaralangan, dedi u. 

Daraxvelidze miting ishtirokchilariga nisbatan kuch qo‘llanganini «namoyish zo‘ravonlik tusini olgani» bilan izohladi, «ular politsiyaga og‘zaki va jismonan hujum qildi, turli og‘ir buyumlar, toshlar va shishalarni uloqtirdi», deyiladi Gurjiston ichki ishlar idorasi bayonotida. Namoyishchilar «chiqish yo‘llarini sun’iy ravishda to‘sib qo‘ydi va Gurjiston parlamenti a’zolarining binoni tark etishiga ruxsat bermasliklarini ma’lum qildi», deya aniqlik kiritdi departament. Bunday harakatlar qonun bilan taqiqlangan, deb qo‘shimcha qildi IIV. 

Gurjistonda ommaviy namoyishlar davom etmoqda 

DW muxbirining xabar berishicha, 1 mayga o‘tar kechasi namoyishchilar parlamentga yaqin joyda barrikadalar o‘rnatgan. Maxsus kuchlar vaqti-vaqti bilan odamlarni qo‘lga olib, suv va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Namoyishchilar tarqalib ketdi, lekin tez orada qaytib keldi. Rustaveli shohko‘chasida tunda bir necha ming kishi qolgan.

Ertalab politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga urinishni to‘xtatdi va diqqatini parlamentning yon tomondagi kirishlarini qo‘riqlashga qaratdi. Qolgan namoyishchilar bino oldidagi bo‘sh joyni egallab, to‘siqlar bilan OAVdan ajralib, chiqindilarni yig‘ishga kirishgan. 

Politsiya OAV vakillari va siyosatchilarni kaltakladi 

Agentliklarga ko‘ra, politsiya OAV vakillariga ham hujum qilgan. Xususan, AFP fotosuratchisi matbuot vakili ekani aniq bo‘lishiga qaramay, rezina tayoq bilan kaltaklangan. 

Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlari Gurjistonning eng yirik muxolifat partiyasi – «Birlashgan milliy harakat» rahbari Levan Xabeishvilini shafqatsizlarcha kaltaklagan. Hozirda siyosatchi shifoxonada. Uning tishi singan, yuz suyaklarining sinishi tashxisi qo‘yilgan, deb yozadi News Georgia.

Gurjiston parlamentida yangi mushtlashuv yuz berdi 

1 may kuni Gurjiston parlamentida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganida Rossiyanikiga o‘xshash huquqiy normani ilgari surayotgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi vakillari va bunga qarshi chiqqanlar o‘rtasida navbatdagi ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi.

«Chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi ommaviy namoyishlar

So‘nggi kunlarda Gurjistonda muxolifat kuchlari munozarali qonun qabul qilinishiga qarshi namoyishlar o‘tkazib, parlamentdan qonun loyihasini qaytarib olishni talab etmoqda. 28 aprel oqshomida Tbilisidagi Respublika maydonida 20 mingga yaqin odam - Gurjiston nohukumat tashkilotlari, muxolifat partiyalari a’zolari va ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan fuqarolar yig‘ildi. 

Ertasi kuni Gurjiston poytaxtida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasini, shuningdek, «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat tarafdorlari mitingi bo‘lib o‘tdi. Gurjiston hukumatining «chet el agentlari» haqidagi qonunni qabul qilishga urinishidan norozi bo‘lgan o‘n minglab odamlar Tbilisi markazida norozilik namoyishlarini davom ettirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: