“Qishloq yoshlarini bir joyga jamladim” – 18 yoshli o‘quv markazi rahbari

Jamiyat 12:32 / 30.03.2024 15901

Hojiakbar Muxtorjonov Farg‘ona viloyati Rishton tumanida o‘quv markazi ochib 16 kishini ish bilan ta’minlagan. Markazda ayni paytda 400 nafarga yaqin o‘quvchi turli fanlardan tahsil olyapti. “18 yoshimda o‘quv markazi ochib mustaqil daromadga kirishimga otam ishonmagan edi”, deydi Hojiakbar.

Hojiakbar Muxtorjonov o‘quv markazi ochishdagi qiyinchiliklar, otasining doimiy qo‘llab turgani, rahbar bo‘lish mas’uliyati haqida so‘zlab berdi:

“Bundan 8-9 yil avval otamning ishi poytaxtda bo‘lgani uchun Toshkentga ko‘chib ketganmiz. Tanishlarimdan biri o‘quv markaz ochayotgani, tashkiliy ishlarda yordam berishimni so‘radi. Do‘stim bilan soha ichiga kirib borib o‘zim ham qiziqib ketdim.

O‘tgan yili vodiyga kelib, ingliz tilidan o‘qituvchi izlab ko‘p o‘quv markazlariga kirdim. Men ko‘rgan o‘quv markazlarining sharoitlari unchalik yaxshi emasdi. Holat bilan tanishib o‘zim shu Farg‘onada yaxshi sharoitli, xizmat ko‘rsatish ham qoniqarli bo‘lgan o‘quv markaz ochsam-chi, deb o‘ylab qoldim. Qilinadigan ishlar, xarajatlarni yozib, hisob-kitob qildim. Toshkentga borgach, otam bilan maslahatlashdim, taklifim yoqdi, qo‘llab-quvvatladilar. Rishton tumanining Zohidon qishlog‘i markazida amakimning ikki qavatli bo‘sh turgan binosini ko‘rib, shu yerda tashkil qiladigan bo‘ldik. Ustalar topib, o‘zim ham qo‘shilib ishlay boshladim. O‘tgan yilning avgust oyida o‘quv markazimiz ochildi. Sharoitlarini qo‘ldan kelgancha yoz-qish mavsumlariga moslab, jihozlarni ham yaxshi qildik.

Hozirgi paytda markazda 400 nafarga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. 16 nafar xodimni ish bilan ta’minladim. Ko‘proq chet tillari o‘tiladi markazimizda, masalan, turk, arab, ingliz, rus, koreys tillari. Bundan tashqari, matematika, tarix, huquq, kimyo, biologiya kabi fanlardan ham dars bo‘ladi.

Boshlanishida otamga 10 ming dollar bilan ochsak bo‘lar ekan, deb aytganman. Berdilar aytgan pulimni. Ishni boshladik, lekin hali ta’mirlash nihoyasiga yetmasdan pul tugadi. Har 2-3 kunda otamga pul kerak deb telefon qilardim. Boshidan maqsadim bu yerdagi boshqa o‘quv markazlardan sharoiti yaxshiroq bo‘lishi edi. Shuning uchun ham pul ko‘proq ketdi. Mana, endi har oy 10-15 mln so‘m beryapman otamga ham. Hali 18 yosh, eplab ketoladimi, yo‘qmi, deb o‘tirmasdan, ishonib pul topib berganlari juda katta ish bo‘ldi.

Boshlanishida o‘quvchi yig‘ish qiyin bo‘ldi, ko‘p reklamalar qildik. Narxni ham boshqa o‘quv markazlarga nisbatan pastroq qilganmiz, chunki ko‘pchilik qishloq odamlari, ba’zilarning sharoiti ko‘tarmasligi mumkin. Shuncha ishlari, dehqonchiligidan ortib o‘qish uchun kelishadi, ilmli yigit-qizlar ko‘p.

Hozir o‘zimning boshqaruv tajribam ham birmuncha oshgan. Boshida o‘zimdan katta o‘qituvchilar bilan qanday ishlashni uncha bilmasdim. Endi bitta bu markaz bilan cheklanmoqchi emasmiz, kelajakda chekka hududlarda ham filiallarimizni ochmoqchimiz”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Shohruzbek Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: