Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyotini tergov qilayotgan Qozog‘iston hukumati komissiyasi tergovning dastlabki yoki oraliq natijalarini 30 kun ichida taqdim etadi.
Mamlakat transport vaziri o‘rinbosari Talg‘at Lastayevning ma’lum qilishicha, hozirda tergovning «dala bosqichi» davom etmoqda: samolyot qoldiqlari, halokat joyida barmoq izlari to‘planyapti.
Lastayevning so‘zlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotga ikki soatlik xotiraga ega o‘ziyozar uskuna o‘rnatilgan bo‘lgan. «Ushbu havo kemasiga ekipaj va kemaning texnik parametlari faoliyatini qayd etib boradigan o‘ziyozar uskunasi o‘rnatilgan. Tergov davomida voqeaning deyarli butun kartinasi ayon bo‘ladi», — deydi u.
Qozog‘iston Oqtov yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyotining «qora quti»larini Braziliyaning Aviatsiya hodisalarini tekshirish va oldini olish markaziga (CENIPA) yuborishi aytilgan edi.
Ilhom Aliyev Ozarboyjon televideniyesiga bergan intervyusida halokat sabablarining dastlabki versiyalari samolyotga Rossiya hududida «tashqi ta’sir bo‘lganini» ko‘rsatganini, shikastlangan samolyot nega Qozog‘istonning Oqtov shahriga parvoz qilgani haqidagi fikrlarini, Boku Moskvadan «kechirim so‘rashni, aybiga iqror bo‘lishni, aybdorlarni jazolab, tovon to‘lashni» talab qilganini ham aytgan edi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatda 38 kishi nobud bo‘ldi.