Energetika vaziri o‘rinbosari elektromobil stansiyalarining tarmoqdan uzilganiga izoh berdi

Iqtisodiyot 21:50 / 02.01.2025 10632

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun alohida tariflar joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 2 yanvar kuni Energetika vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, iste’mol ko‘p bo‘ladigan ertalabki soat 6:00 dan 10:00 gacha hamda kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida zaryadlash stansiyalari uchun nisbatan oshirilgan tarif, tungi vaqtda esa 50 foizgacha arzonlashtirilgan tarif qo‘llanishi mo‘ljallanmoqda.

Tig‘iz vaqtlarda tarif necha foizgacha oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.

Energetika vazirligi bugun e’lon qilgan videolavhada, vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminov elektromobillarni zaryadlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilgani bo‘yicha izoh bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyining o‘rtalarida tegishli idoralar o‘tkazgan reyd chog‘ida subiste’molchilar faoliyati belgilangan talablarga qanchalik mosligi o‘rganilgan.

“O‘rganish yakunlariga ko‘ra, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilgan. Energetika vazirligining aralashuvidan so‘ng, faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlarga doir muammolarga ega bo‘lgan 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib olgunga qadar qonunchilikda belgilangan oraliqda muddat belgilangan. Ayni paytgacha ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkent shahrida o‘chirilgan bironta ham quvvantirish stansiyasi yo‘q”, – degan Mamadaminov.

Umid Mamadaminov / Energetika vazirligi e’lon qligan videodan kadr

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, subabonent sifatida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘z hududiga ulagan barcha tadbirkorlik sub’yektlari hududiy elektr tarmoqlari filiallariga murojaat qilgan holda, o‘zlarining texnik shartlarini o‘zgartirishlari va yangi quvvatlarni belgilab olishlari kerak.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida 500 dan ziyod quvvatlantirish stansiyalari ishlab turgan bo‘lsa, ularning faqat 103 tasi texnik shartlarga ega. 2024 yil 1 noyabrigacha O‘zbekistonga 5417 ta quvvatlantirish stansiyasi olib kirilgan va “shu yilning o‘zida ana shuncha texnik shart olinishi kerak bo‘lgan”.

“Bu holatda esa hududlarda yuklamaning ortishi, kuchlanishning pasayishi va boshqa iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hech gap emas”, – deydi energetika vaziri o‘rinbosari.

Toshkent shahrida elektromobil stansiyalari ommaviy ravishda elektr tarmog‘idan uzilgani haqida Kun.uz 17 dekabr kuni xabar bergan edi. Tadbirkorlarga ko‘ra, quyi bo‘g‘indagi mas’ullar holatni “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deya izohlagan.

Shundan keyin Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini ma’lum qildi, “Hududiy elektr tarmoqlari” esa go‘yoki faqat qarzi bor iste’molchilar tarmoqdan uzilayotganini bildirdi.

Bir necha kun o‘tib Kun.uz qayta bog‘langan tadbirkorlar HETning izohini rad etib, elektr energiyasidan qarzlari yo‘qligi, ular HETK bilan emas, transformatorga egalik qiluvchi savdo markazi yoki mehmonxona kabilar bilan shartnoma asosida, subabonent sifatida elektrdan foydalanishi, mas’ullar esa birlamchi abonentni emas, faqat stansiyalarni elektrdan uzib ketganini aytishdi.

Shuningdek, Kadastr agentligi bir qator me’yoriy hujjatlarga asoslanib, stansiyalarni demontaj qilish talabini qo‘ygani oydinlashdi. Agentlik aks holda yer uchastkasini noqonuniy egallaganlik ayblovi bilan ish ochilishini bildirgan. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyatni qonuniy yo‘l bilan qanday hal qilish mumkinligini so‘rashganida, ularga stansiyalarni buzib tashlashdan boshqa choralari yo‘qligini aytishgan.

Ko‘proq yangiliklar: