Belgiya YeI davlatlari orasida birinchi bo‘lib elektron tamaki savdosini taqiqladi

Jahon 01:04 / 31.12.2024 1071

Belgiyada 2025 yil 1 yanvardan boshlab bir martalik elektron tamakilar (veyp) savdosi taqiqlanadi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Frank Vanderbrukening ma’lum qilishicha, arzon veyplar sog‘liq uchun xavfli, chunki o‘smirlar ular yordamida kashandalikka osonlik bilan o‘rganib qolmoqda.

«Bir martalik elektron tamakilar — yangi iste’molchilarni jalb etish maqsadida yaratilgan yangi mahsulot. Elektron tamaki tarkibida ko‘pincha nikotin bo‘ladi. Nikotin qaramlikni keltirib chiqaradi. Nikotin sog‘liq uchun zararli. Bu fakt», — deydi Vandenbruke. 

Ta’kidlanishicha, elektron tamakilar marketingi asosan turli ta’mlarni taqdim etish orqali yoshlarga yo‘naltirilgan. Onkologiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi ham veyplarga qarshi chiqishlar qilib keladi.

«Biz buni amalga oshirgan Yevropadagi birinchi davlatmiz. Yevropa komissiyasini tamaki qonunchiligini yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqishga chaqiramiz», — deydi vazir.

Elektron tamakilarda foydalaniladigan plastik, batareyka va mikrosxemalar ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni ular kimyoviy chiqindi hisoblanadi. Belgiya hukumatining qarori nima sababdan qabul qilinganini elektron tamaki bilan savdo qiluvchi ayrim do‘konlar ham tushunmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning mayida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tamaki mahsulotlariga texnik reglament tasdiqlangan. Unda veyp va qizdirilagan tamakilar uchun bir qator talablar belgilangan. Hujjatga muvofiq bir marta ishlatiladigan veyp tarkibidagi nikotin o‘z ichiga olgan suyuqlik hajmi 5 ml dan oshmasligi kerak. Veyp kartridjlarida – 2 ml, flakonlarda – 10 ml bo‘lishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: