Marg‘ilonda hunarmandchilik, tadbirkorlik va dizayn bo‘yicha UNESCO treningi boshlandi

Jamiyat 22:16 / 30.03.2024 7578

UNESCO 30 martdan 8 aprelgacha Marg‘ilonda an’anaviy hunarmandchilik, tadbirkorlik va dizayn bo‘yicha milliy trening o‘tkazadi. Bu haqda UNESCO'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Ushbu trening Farg‘ona viloyati hokimligi ko‘magida hamda “Hunarmand” hunarmandchilik va xalq rassomlari uyushmasi, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi bilan yaqin hamkorlikda UNESCO tomonidan tashkil etilmoqda.

“Trening O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini asrash va targ‘ib qilish hamda ijodkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, trening O‘zbekistonda hunarmandchilik sifati va dizaynini yaxshilash orqali an’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”, – deyiladi tashkilot xabarida.

Ma’lum qilinishicha, trening Yevropa Ittifoqi va UNESCO'ning “Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro o‘lchovi” loyihasi doirasida tashkil etiladi.

Dastur nazariy mashg‘ulotlardan iborat bo‘lib, O‘zbekistonda an’anaviy hunarmandchilikning tarixiy rivojlanishi va zamonaviy tendensiyalari haqida keng tushuncha beradi, shuningdek, an’anaviy kashtachilik, etno dizayn va chitgarlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Treningning eng muhim qismi madaniyat, xususan, hunarmandchilik sohasida tadbirkorlik va biznesni rivojlantirishga qaratiladi.

Ushbu trening O‘zbekistonning turli hududlaridan bo‘lgan 60 nafar ishtirokchi uchun O‘zbekistonning taniqli ekspert, usta va dizaynerlari tomonidan o‘tkaziladi.

Asosiy maqsad – an’anaviy madaniyat va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida barqaror daromad olish va ish o‘rinlarini yaratish orqali mahalliy hamjamiyatlar, jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning turmush darajasini oshirishdir. Xususan, ushbu trening yangi bizneslar tashkil etilishiga, samaradorlikning oshishiga va mamlakatda umumiy iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘sha oladigan bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga yordam berishga yo‘naltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: