Bekobodlik ayolni himoya orderlari ham himoya qila olmadi – u zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi

Jamiyat 19:45 / 30.03.2024 39816

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 1996 yilda tug‘ilgan ayol ko‘p qavatli uyning 5-qavatidan tushib ketib, vafot etdi. U turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam zo‘ravonlikka uchrab kelgan.

Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, holat 27 mart kuni kechki soat 21:30 lar atrofida ijaraga olingan uyda sodir bo‘lgan. Hodisa guvohi bo‘lgan qo‘shnilarga ko‘ra, ayol pastga tushib ketishi oldidan “Yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirgan. Qo‘shnilar yordam berish maqsadida xonadonga yugurib chiqishgan. Ammo xonadon eshigi qulflangan bo‘lgan.

Shifoxonaga olib borilgan ayol ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Ayolga uch marta, so‘nggi bor 2024 yilning 6 mart kuni himoya orderi berilgan. Unda keltirilishicha, tazyiq o‘tkazilgan yoki zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda er va ayolning bir xonadonda bo‘lishi taqiqlangan.  

Marhumaning yaqinlari ayolning o‘limida uning eri aybdor deb hisoblashmoqda.    

“Singlimga oldin ham himoya orderi berilgandi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay turmush o‘rtog‘i kelib, tazyiq o‘tkazaverdi. Avvalroq yana himoya orderi berishgan. Singlimni avvaliga kaltaklab, keyin ich kiyimida pastga tashlab yuborgan. Bu o‘taketgan vahshiylik”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan marhumaning akasi.

Ayolning 2 nafar farzandi – 6 va 2 yoshli qizlari hodisa sodir bo‘lgan vaqtda bobosining uyida bo‘lishgan.

Kun.uz muxbiri hodisani o‘rganish maqsadida Bekobod tumanida bo‘ldi. Tuman prokuraturasi tergovchisi hodisa bo‘yicha izoh bermasligini, batafsil ma’lumotni Toshkent viloyat prokuraturasidan olish mumkinligini ma’lum qildi.

Hodisa tafsilotlari haqida tez kunda Kun.uz’da batafsil tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: