2024 yilda O‘zbekistonga Rossiyadan gaz importi 3 barobarga oshishi mumkin

Iqtisodiyot 17:45 / 28.03.2024 9359

2024 yilda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tashish hajmi 2023 yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshib, 3,8 mlrd kub metrni tashkil etishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib, TASS xabar berdi.

“Gazprom va Qozog‘iston hukumati o‘rtasida imzolangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida Rossiya gazining O‘zbekistonga yillik tashish hajmini 2023 yildagi 1,28 mlrd kub metrdan 2024 yilda 3,8 mlrd kub metrga oshirish belgilangan”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, 2026 yildan boshlab Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga importi 3 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston ilk marta Rossiyadan gaz import qila boshladi. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 2,8 mlrd kub metr yoki kuniga 9 mln kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, “shimoldan import qilinadigan” tabiiy gaz hajmi kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshiriladi. Respublika magistral gaz tizimini bunga tayyorlash uchun tashqi qarzlar hisobidan 500 mln dollar ajratish reja qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: