Ukraina urushidagi vaziyat: AQShning yordami kechikmadimi?

Jahon 21:57 / 27.04.2024 18397

— Rossiya-Ukraina urushida jang maydonidagi joriy holat qanday va tomonlarning harbiy to‘qnashuvlarda taktik yoki strategik o‘zgarishlar bormi?

Oybek Sirojov: — Possovet hududida bo‘layotgan bu urush biz uchun juda muhim. Global tartibot shakllanishida ham ahamiyatli. Uchinchidan esa Rossiya va Ukraina bizning hamkor davlatlar. Shu nuqtai nazardan bu possovet hududidagi siyosatga ham jiddiy ta’sir qiladi. Bu mavzuni qanchalik ko‘p tahlil qilib, munosabat bildirsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Urushda Rossiya uchun 3 yo‘nalish ustuvorlik kasb etyapti. Birinchisi — Donetskdagi Ocheretina tumani bo‘ylab borgan yo‘nalish; ikkinchisi — Krasnogorovka shahri yo‘nalishi; eng muhim uchinchisi — Chasiv Yar yo‘nalishi, chunki asosiy strategik hududlardan biri.

Umuman, aprel oyidagi harakatlarga qarasak, Rossiya qo‘shinlari jonlangan. Avdeyevkada qo‘llangan bombardimon qilish orqali dushman pozitsiyasini parchalash taktikasidan foydalanyapti ko‘proq. Ukrainadagi havo xujumidan himoya tizimi kutilgan natija bermayotgani ham bunga sharoit yaratdi. Rossiya samolyotlari bemalol bombalar tashlash imkoniyatiga ega bo‘lyapti.

Rossiya Ukrainaning asosiy shaharlarini tinmay bombardimon qilyapti. G‘azodagi holat ham ta’sir qildi, menimcha. U yerda tinch aholi raketa zarbalariga uchrayotgani Rossiyaga ham qaysidir ma’noda ilhom berdi. Bundan birini maqsad — front ortidagi asosiy ishlab chiqarish zavod-korxonalarni ishdan chiqarish. Ukrainaning asosiy quroli bo‘lmish dronlar ishlab chiqaradigan zavodlarni yo‘q qilish kun tartibiga qo‘yilgan. Shuningdek, elektr energiyasi ta’minotini izdan chiqarish masalasi qo‘yilgan,bu ishlab chiqarishga ta’sir qiladi, albatta. Ukraina qo‘shinlarni bir hududdan ikkinchisiga ko‘chirishda ham elektrovozlardan foydalanadi, bunga ham ta’sir qiladi.

Umuman olganda, so‘nggi vaqtlarda urushda Rossiyaning qo‘li baland kelayotgani e’tirof etilyapti.

Jahongir Akramov: — Ocheretina tumanida Rossiya qo‘shinlari 5 kmga yaqin siljidi. Bu frontning buzilishi va Ukraina qo‘shinlari qurshovda qolishi mumkinligi haqida tahlillar bo‘lyapti. Bu pozitsiya boy berilishiga sabab psixologik bo‘lishi mumkin, bundan tashqari, raqamlarga qarasak, artilleriya qurolllari ko‘p ishlatilyapti Rossiya tomonidan. Yana bir masala askarlarning ko‘p vaqt urushda bo‘lishi, ma’lum muddatda almashib turish kerak aslida. Shuning uchun Ukraina hukumati chet elda yurgan 18-60 yoshdagi harbiy xizmatga yaroqli erkaklarga hujjat berish masalasini jiddiy ko‘rib chiqish va bu borada Boltiqbo‘yi, YeI davlatlari bilan hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Shunga qaramay, Ukraina eng bombardimonchi samolyotlardan biri Tu-22M'ni urib tushirdi, bu zaxiralar tugamaganini ham ko‘rsatadi. AQSh Ukrainaga 300 kmga yetadigan havo hujumidan himoya tizimini yetkazib berishini bildirdi.

Umuman, Avdeyevkadan tashqari frontlar mo‘’tadil hozircha. Keyingi jarayonlar qanday bo‘lishi AQShdan keladigan yordamning tezkorligi va ko‘lamiga bog‘liq.

— Yaqinda Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun uzoq kutilgan moliyaviy yordamni ajratdi, lekin vaziyatni o‘nglash uchun kech emasmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Kech emas. Ikki tomon uchun ham murakkab vaziyat hozir. O‘tgan yili boshida Ukraina ko‘zlagan qarshi hujum muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Hozirgi urush pozitsiyalar urushi bo‘lyapti. Ikki tomon ham o‘zi turgan hududda yaxshilab o‘rnashgan. Bir-birining siljishiga qarshilik kuchli. O‘tmishdagi klassik jahon urushlarini eslatadi bu. Keyingi 1 yilda shartli ravishda tashabbus Rossiya tarafida. Rossiya qiyinchilik bilan ba’zi hududlarni bosib olyapti, shiddatli emas. Ukrainaning qarshilik ko‘rsatish salohiyati saqlanib turibdi. Shuning uchun ham bu urushda yaqin mudlat ichida kardinal o‘zgarishlar kutilmaydi.

Ukraina g‘alaba qilishi Rossiyani bosib olgan yerlaridan to‘liq chiqarishi kerak. Buning uchun eng oxirgi harbiy texnikalar va katta miqdordagi harbiylar kerak. Ukraina strategiyasi shundayki, Rossiya bosib olgan yerlarga keladigan ta’minot zanjirini uzib qo‘yish. Ya’ni raketalar orqali urib zanjirni uzmoqchi. Buning uchun Qrim ko‘prigi yo‘qotilishi, transport logistika yo‘llariga zarba berish kerak deyapti, lekin G‘arb Rossiya hududiga hujum qilishdan qaytaryapti. Ukrainaning Rossiya ichidagi neft zavodlari va bazalariga zarba berishidan ham qaytaryapti AQSh, chunki global vasiyat ham bor. AQSh yordami bilan Ukrainaning qarshi turish salohiyati mustahkamlanib cho‘ziladi, lekin vaziyat o‘zgarmaydi.

Oybek Sirojov: — Nega bu yordam cho‘zildi? Oldin ham aytganimizdek, Rossiya-Ukraina urushi AQShdagi saylovoldi dasturi bo‘lagi, siyosiy o‘yinlar darajasiga chiqdi. Agar yordam bo‘lmasa, Ukraina mudofaa chizig‘i sochilib ketadi, degan tahlillar chiqa boshladi. Agar yordam bormay, shunday bo‘lsa, Demokratlar Respublikachilar yordamni vaqtida tasdiqlamadi, degan vaj bo‘lishi ehtimoli chiqdi va Respublikachilar ham bu yordam paketini qo‘lladi.

Hozirgacha AQSh 113 mlrd dollar yordam bergan ekan Ukrainaga. Qarasak, shuning 75 mlrd dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga berilgan, qolgan 38 mlrd dollar AQShning o‘ziga qolgan, ya’ni yuborilgan qurol-yarog‘ evaziga, kompaniyalarga. Endi ajratilgan yordamning 3 dan 2 qismi AQShda qoladi. Oldingi yorlamlar shunchaki berilgan bo‘lsa, bu safargisida kredit masalasi qo‘yildi ma’lum qismiga. Ikkinchidan, mablag‘ni nazorat qilish masalasi qo‘yildi. Uchinchidan, endi beriladigan yordam hamkorlar bilan teng, proporsional beriladi, agar shunday bo‘lmasa, yordamni muzlatib qo‘yish mumkin, degan shart ham bor. Tushunishicha, bu degani AQSh hamkori bo‘lgan Britaniya, Germaniya, Fransiya kabilar ham pul ajratadi va o‘sha aytilgan pulni berolmasa, AQSh ham o‘zining yorlamini to‘xtatadi. Bu byurokratiyaga yo‘l ochishi mumkin. Ukraina uchun muammo yordamni o‘z vaqtida va uzluksiz berish, endi bu yana murakkablashyapti.

Zelenskiy lobbisining AQSh va G‘arbga ta’siri pasayib boryapti. Hozirgi yordam 3 oydan 6 oygacha yetadi, xo‘sh, undan keyin nima bo‘ladi, degan masala bor. Hozirgi yordam yetadigan muddat ayni AQShdagi saylovlargacha. Keyingi masala yangi hukumat yoki saylov qanday yakunlanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Umuman, oldinda mavhum vaziyat kutib turibdi.

Ukraina tashqi yordamsiz natijaga erisholmaydi. O‘zi berilayotgan yordamlar nimaga qaratilgan? Rossiya tomonidan aytilayotgan yozda bo‘ladigan keng ko‘lamli hujumga qarshi turish uchun.

Ikki tomon ham asosan front ortida muammolar chiqarishga urinyapti. Rossiya jamiyati urush kayfiyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri sezmayotgandi, tashqarida bo‘layotgandi. Lekin so‘nggi vaqtlardagi dronlar hujumi, terakt kabilar jamiyatga ham his qildirdi. Xuddi shunday Rossiya ham Ukraina shaxarlariga raketalar uchirib turibdi. Ikkala davlat jamiyatlarida ham urush bizga nima beryapti, to‘xtatish kerakdir, degan savollar paydo bo‘ladi.

— Yordam qanday ekaniga batafsil to‘xtalsak.

Jahongir Akramov: — Yordam kechikdi, lekin ayni vaqtida bo‘ldi. 61 mlrd dollarning 23 mlrdi AQShning to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazadigan harbiy yordami, ya’ni o‘zining harbiy zaxiralaridan beradi. 18 mlrdlik yordam alohida 2 yil davomida. 26 mln dollar monitoring qilish uchun jarayonni. Mintaqadagi ittifoqchi davlatlarni mustahkamlash uchun ham yordam bo‘lyapti, masalan, Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari. Yordam paketi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsa ham, jarayon tezlashsa, 2025 yilgacha bo‘lishi ham mumkin.

Alohida 9 mlrd dollar esa kredit evaziga berildi. Bu qismni 2026 yildan keyin AQSh talab qilishi xam mumkin, 50 foizidan kechishi ham mumkin. Lekin aniq vaqt yo‘q, bir necha o‘n yildan keyin to‘lashi ham mumkin Ukraina. Umuman, yordam o‘z vaqtida bo‘ldi.

Yordam tarkibida ko‘proq havo kuchlari, xavodan hujumlardan ximoyalanish uchun texnikalar mavjud. Tanklar yo‘q, menimcha. Chunki u qadar samarali bo‘lmayapti tanklar bilan urishish. Fikrimcha, shunday bo‘ladi.

— Ukraina suverenitetini buzilishi NATOning kollektiv mudofaa an’analariga qanday ta’sir qilmoqda?

Kamoliddin Rabbimov: — Dunyo ko‘p qutblilik oldida turibdi. Ikkita masala ko‘p qutblilikni tezlashtiradi yoki sekinlashtiradi. Agar Ukraina yutqazsa yoki Rossiya egallagan joylarini saqlab qolsa, dunyoda ko‘p qutblilik shakllanishi tezlashadi.

Ikkinchi masala AQShda kim prezident bo‘lishi. Tramp izolyatsionist siyosatchi. AQSh 90-2000-yillarga qaraganda dunyo ishlaridan charchagan. AQSh aholisi buncha katta xarajatlar nimaga kerak, ichki ishlarni qilaylik, degan kayfiyatda. Tramp hokimiyatga kelsa, mana shu kayfiyatni ifoda qiladi. Bayden xokimiyatda qolsa, bu hukumatda ham izolyatsionizm bo‘lali, lekin kuchli emas.

YeIda boshqacha kayfiyat. Fransiya va Angliya mudofaa tashabbusini o‘zimiz olishimiz kerak, AQSh kayfiyatiga qarab ish ko‘ryapti, degan qarash bor. Germaniyada ehtiyotkorlik. Lekin Rossiyadan qo‘rqish va unga salbiy qarash ohangi kuchayib bor boryapti.

YeI so‘nggi 1 yilda mudofaa sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qadamlarni katta tashlayapti, kelajakda Rossiya bilan aniq to‘qnashiladi degan kayfiyat bor. Tayvan sabab Xitoy va AQSh to‘qnashsa, yana bir urush o‘chog‘i paydo bo‘ladi. Dunyoda urushlar davri boshlandi va buni to‘xtatadigan kuch, sabablar mavjud emas.

AQSh siyosiy elitasi biladiki, Ukrainada yengilsa, dunyo geosiyosatida yangi davr boshlangan bo‘ladi. Shundoq ham Afg‘onistonda yengildi, Iroqda missiyani yakunlay olmadi.

— Dunyo siyosiy xaritasida Ukraina bilan birga paydo bo‘lgan, mustaqil bo‘lgan davlatlar uchun ham xavf-ku bu, shunday emasmi?

Kamoliddin Rabbimov: — To‘g‘ri, shunday. Ukrainaning vaziyati og‘ir, lekin yengilish haqida gap ketmayapti. Deytik, Zelenskiy hukumati yiqilib, Kiyevga Rossiya odami qo‘yildi, lekin Ukraina ijtimoiy kayfiyatida Rossiyaga qarshilik qilish, unga ishonchsizlik bu yaqin orada to‘xtamaydi. Isroilliklar va arablar o‘rtasidagi geomafkuraviy kurash necha yillardan buyon davom etayotgan bo‘lsa, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi kurash mana shunday davom etaveradi. Urush to‘xtashi mumkin bir-ikki yil ichida, lekin g‘oyaviy kurash to‘xtamaydi.

Oybek Sirojov: — NATO, G‘arb masalasiga to‘xtalsak. O‘zi G‘arb Ukraina g‘alabasi tarafdorimi yoki Rossiya zaiflashuvi tarafdorimi? Berilayotgan yordamlar ham shundan kelib chiqyapti. G‘arb Ukrainaning yutig‘i emas, Rossiya zaiflashuvi tarafdori, degan xulosa paydo bo‘lyapti.

2 yildan ortiq vaqt davomida NATOdagi vaziyatni tahlil qilsak, ikki xil tendensiya paydo bo‘ladi. Urush boshida birlashdi, NATO tarkibi ham kengaydi. Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa yordam beramiz, degan pozitsiya bo‘ldi. Lekin sekin-sekin bu narsa pasayyapti, kelishmovchiliklar, turli fikrlar paydo bo‘ldi. Endi kerak bo‘lganicha emas, o‘zimizning imkoniyatimiz qadar yordam beramiz degan fikr shakllanyapti.

Yangi ko‘p qutblilik shakllanishi pallasiga kirdi va bu jarayon og‘ir bo‘ladi. Bundan NATO davlatlari manfaatdor emas, hozirgi darajalari ularni qoniqtiradi.

NATOni tiyib turadigan yana bir omil Rossiyaning yardo quroli borligi. Qachonki vaziyat chigallashsa, Rossiya birdan shu narsani dastak qilyapti.

Global hamjamiyat tinchlik yo‘li bilan ko‘p qutblilik shakllanishidan manfaatdor. Qachondir kelishuv bo‘ladi, bu kelishuv butun dunyo kelishuvi bo‘ladi degan yondashuv ham bor.

— Rossiya va Ukraina urushi qaysi nuqtagacha borishi mumkin?

Oybek Sirojov: — G‘arb Ukrainani qo‘llashga qanchalik tayyor, degan masala muhim bu yerda. Ukraina G‘arb yordamisiz Rossiyaga qarshilik qilolmasligi aniq.

Ssenariylarga to‘xtalsak. Birinchisi — o‘zaro kelishadi tomonlar. Ikkinchisi — kapitulyatsiyagacha borish. Ikkinchisi ehtimoli kam, Rossiyaning o‘zi ham xohlamasa kerak. Ukraina xalqi bunga ko‘nmaydi. Uchinchisi — global maydonda eskalatsiya bo‘lib, yadro urushiga olib kelishi, eng xavfli ssenariy bu.

2022 yilda Istanbul kelishuvi bo‘lgandi. Bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqsak, bu Ukraina uchun eng optimali shu. Unga ko‘ra, neytralitet maqomi bo‘ladi, egallangan hududlar qaytariladi, Qrim masalasini esa prezidentlar kelishadi. Rossiya qo‘ygan talab NATOga a’zo bo‘lish masalasini kun tartibidan olish. Bugun esa Rossiya egallagan hududlarida qoladi va Ukraina neytralitet maqomida bo‘ladi, degan kelishuv ilgari surilyapti. Yordam paketi tugab, AQShda saylovlar o‘tgach, o‘sha vaqtdagi kelishuv varianti hozirgidan yaxshiroq bo‘lishi ehtimoli kam, menimcha, hozirgidan og‘irroq ham bo‘ladi. Shuning uchun tezroq kelishish kerak, deb o‘ylayman. Hech bo‘lmaganda vaziyatni muzlatish masalasi bo‘lishi kerak.

Jahongir Akramov: — Har bir davlat, tashkilot o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib tashqi siyosat yuritadi. Xavfsizlik shunaqa narsaki, urush qachon tugashidan ham ko‘ra yana qachon qayta boshlanishi masalasi muhimroq deb o‘ylayman. Rostdan ham G‘arb oldida ikkita tanlov bo‘ldi: Ukrainaning to‘liq g‘alabasi yoki shunchaki Ukraina yutqazmasligi. To‘liq g‘alaba borasida Britaniya shunday ohanglar bo‘ladi, lekin ko‘pchilik Yevropa davlatlari shunchaki Ukraina yutqazmasligi istaydi. Urush tugashida urushdan oldingi chegaralarga qaytish yoki Dombasning ham qaytarilishi haqida fikrlar bor. Qrim esa ma’lum vaqtlardan keyin qaytarish masalasi ham bor.

Urush kimning kim ekanini ko‘rsatadi, holat, imkoniyatlarini, ittifoqchillikka tayyorlik holatini ham ko‘rsatadi. G‘arbni ko‘proq Rossiyadagi tuzum tashvishga soladi. Istanbul kelishuvidan Britaniya qaytarishiga sabab ham ayni shu bilan bog‘liq, ya’ni ishonmadi.

Xitoy omiliga qarasak. Bu urush fonida Xitoy o‘sib bordi, AQSh ham o‘ziga teng raqib sifatida uni ko‘ryapti. Rossiya bu urushda strategik yutqazdi.

Kamoliddin Rabbimov: — Bu masalada prognoz qilish qiyin. AQShdan berilayotgan yordamni qarshi hujum uchun ishlatish haqida gapirmayapti, o‘tgan safar tarixiy sharmandalik bo‘ldi, shu sabab kuchli propaganda olib bormayapti bu masalada. Bu urush yechimidan uzoq. Zelenskiy urush boshida Putin bilan kelishilmaydi, deb qonun ham chiqargandi. Lekin so‘nggi oylarda rasmiy Kiyev muzokaralar haqida gapiryapti. Rossiya bilan ma’lum darajada kelishishdan boshqa iloj yo‘q, Ukrainaga bosim ortyapti, Tramp kelsa, bu bosim yanada kuchayishi mumkin.

Lekin Tramp bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosatchi ham. Trampnino fundamental moyilligi Putin bilan kelishish. Lekin uning atrofidagilar boshqacha yo‘l tutishga ko‘ndirishi mumkin. Shu sabab urushni prognoz qilish qiyin. Ikki tomonni ham holsizlantiruvchi urush davom etadi. Asosiy strategiya — Rossiyani uzoq muddatli holsizlantirish.

Kollektiv G‘arbda bu urushdan charchash kuchli. Kollektiv G‘arb siyosiy elitasi, jamoatchiligi charchadi va urush standart holatga keldi. Dunyodagi ko‘p qutblilik Falastin kontekstida shakllangani yaxshi, Ukrainada shakllansa, bizning mustaqillikka jiddiy soya solishi mumkin.

Oybek Sirojov: — Urush yangi urushlarni paydo qilyapti, shuning uchun bu urushni tezroq tugatishdan hamjamiyat manfaatdor. Tinch okeani masalasi kun tartibiga chiqyapti, bu urush qanchalik tez tugasa, bunday holatlarga imkoniyat qoldirmaydi. Lekin umumiy taxlillarga qarsak, insoniyat urushlar davriga kirib boryapti. Buning oldi olinsa, butun insoniyat, biz uchun xam muxim ahamiyat kasb etadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: