O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish 2025-2026 yillarga mo‘ljallanyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi. Bu haqda 27 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban Statistika agentligi boshqarma boshlig‘i Qobiljon Berdiqulov ma’lum qildi.
“2019 yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlangandi. 2021 yilda 4 ta hududda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazdik. Bunda aholini ro‘yxatga olishning 3 ta usulini testdan o‘tkazdik. Hozir respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. 2020 yilda pandemiya tufayli bu tadbir qoldirildi.
Bu juda katta mehnat talab qiladigan tadbir bo‘lgani uchun uning moliyaviy va texnik tomonlarini ko‘rib chiqib, tizimimizni takomillashtirgan holda 2025-2026 yillarda o‘tkazish reja qilingan. Butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi”, – dedi Qobiljon Berdiqulov.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun respublika budjetidan 10 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 2024 yilgi budjetda bu yo‘nalishdagi xarajat 18 mlrd so‘m bo‘lishi belgilangan.
Aholini ro‘yxatga olish qachon o‘tkazilishi kerak edi?
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish umummilliy tadbiri 2022 yilda o‘tkazilishi kerak edi. Xususan, 2019 yil 5 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni, 2020 yil 16 martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi.
Keyinchalik koronavirus pandemiyasi tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish muddati uzaytirildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublikada aholini ro‘yxatga olish ishlari 2023 yilning 1-25 noyabrida o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq bu tadbir 2023 yilda ham amalga oshirilmadi.
2024 yil 4 mart kuni imzolangan prezident qarori bilan aholini ro‘yxatga olish ishlarini o‘tkazish 2025−2026 yillarga reja qilindi.
O‘zbekistonda so‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish sobiq ittifoq davrida, 1989 yilda o‘tkazilgan.
Bu nimaga kerak?
Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir sanada O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish – aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Natijalar hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.