O‘zbekiston diplomatlari Latviyaning xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi Marta Centrs markazi rahbari Iluta Latse bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".
Suhbat davomida Yevropa institutlarining turli moliyalashtirish vositalarini jalb qilgan holda amaliy hamkorlikni faollashtirish masalasi muhokama qilindi.
Iluta Latse O‘zbekistonda so‘ngi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jumladan, gender tengligini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning tarixiy mohiyatini alohida ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, Latviya tomoni O‘zbekistonning jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirib, ijtimoiy sohadagi loyihalarni amalga oshirish uchun grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Xususan, joriy yilning aprel oyidan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekiston xotin-qizlari uchun xavfsiz va erkin hayot" loyihasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda boshqa tashkilotlar bilan amalga oshirilishi boshlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Marta Centrs o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yangi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan grantlarni jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.